Hech nimadan qo‘rqmayapman, agar ishonmaganimda bu ishga qo‘l urmasdim - Otabek G‘ulomxo‘jaev "Andijon"ni boshqarishga nima uchun rozi bo‘lgani haqida

  • 5 noyabr, 2020, 19:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon”ga ushbu mavsum davomida to‘rtinchi bosh murabbiy tayinlandi. Aleksandr Xomyakov, Viktor Kumikov va Baxtiyor Hamidullaevdan so‘ng, endi bu lavozimni Otabek G‘ulomxo‘jaev egalladi.

Tecno

O‘zbekiston U-19 terma jamoasini ham boshqargan iste’dodli mutaxassisni endi jiddiy sinovlar kutmoqda. Chunki hamma bilib turibdi, “Andijon” qolgan to‘rtta o‘yinda ijobiy natijalar ko‘rsatib, Superligada qolish vazifasini bajarishi talab etiladi. Yangi murabbiy esa shu maqsadda taklif etilgani barchaga ayon. “Andijon”ning yangi bosh murabbiyiga aylangach, G‘ulomxo‘jaev o‘zining dastlabki intervyusini sports.uz muxbiriga berdi.

- “Andijon”ni bunday qiyin vaziyatda qaysi murabbiy boshqarishga rozi bo‘lishi hammani qiziqtirayotgandi. Jamoani qabul qilib olishdan cho‘chimadingizmi? Klubga bosh murabbiy bo‘lish uchun xavotirlaringizni qanday engib o‘tdingiz?

- O‘zimni kattaroq murabbiy deb hisoblamayman. Bu mening bosh murabbiylikda Superligadagi debyutim bo‘ladi. Qishni yig‘inlar paytida “Navbahor”da Kanchelskisga yordam bergandim. Superliga havosini bilishga bilaman-ku, lekin bu yilgi o‘yinlar o‘zgacha ketyapti. Baxtiyor aka Hamidullaev ishdan ketganidan so‘ng, o‘rnini egallaydigan mutaxassis darhol topilmadi. Baribir klub rahbariyatida yana boshqa variantlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kimdir bunday holatdagi jamoani boshqarishga botina olardi, kimdir botina olmasdi. Men esa “Andijon”dagi ko‘plab futbolchilarni yaxshi bilaman. Klubning keyingi to‘rtta turdagi raqiblarini ham juda yaxshi bilaman. Navbatdagi turga tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun 12 kun vaqtimiz borligini ham inobatga oldim. Baribir jamoaga kimdir bosh murabbiylik qilishi kerak edi-ku. To‘g‘risi, bunday ahvolda klubni tashlab ketishga ko‘zim qiymadi. Bu men uchun begona emas. Jamoa rahbariyati men bilan aloqaga chiqishdi va katta ishonch bildirdilar. Bu eng muhimi edi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Ish jarayonida maksimal darajada bor bilimimizni ishga solamiz. Maqsadimiz “Andijon”ni Superligada saqlab qolish. Keyingi rejalar to‘g‘risida ham rahbariyat bilan gaplashdik. Ammo oldimizdagi birinchi vazifa – klubni olib qolish.

- Raqiblar jiddiy. Ammo sizda nimanidir o‘zgartirish uchun etarli vaqtning o‘zi yo‘q. Bunday paytda ishni nimadan boshlamoqchisiz?

- 12 kunlik uchun rejalar ishlab chiqdik. 7 noyabr kuni jamoa bilan yig‘ilamiz. Birinchi navbatda futbolchilar bilan gaplashib chiqamiz. Ularning hozirgi holatini tushunib turibman. Axir mavsum boshidan buyon o‘yinchilar uchun men to‘rtinchi murabbiyman. Murabbiy almashaversa futbolchilarga qanday ta’sir qilishini bilasiz. Tarkibni yig‘gan murabbiyning dunyoqarashi boshqa edi. Ikkinchisini talabi ham, xarakteri ham boshqa. Mana, keyin Baxtiyor aka Hamidullaev ishladi. Men esa avvalo har bir o‘yinchi bilan alohida-alohida suhbatlashib chiqaman. Bundan buyog‘iga faqat to‘rtta tur qoldi. O‘sha o‘yinlarda “Andijon” uchun maksimal darajada borimizni berishimiz shart. Raqiblarni o‘rgangan hamda qo‘l ostimdagi futbolchilardan kelib chiqqan holda har bir o‘yin uchun jiddiy tayyorlanamiz. Biroq hozirgi paytda birinchi o‘ylayotgan ishimiz bu – “Mash’al” bilan o‘yin. Undan oldin boshqa hech nima haqida o‘ylamaymiz.

- Menimcha, tajribali mutaxassislar ham “Andijon”ni bunday vaziyatda boshqarishga rozi bo‘lishmasdi. Ammo siz hali Superligada bosh murabbiylik qilmay turib o‘ziga xos jasorat bilan jamoada ishlashga rozi bo‘ldingiz. Bu siz uchun katta tavakkalchilik emasmi?

- Balki tavakkalchilikka qo‘l urgandirman. Yana tangani ikkinchi tomoni ham bor. Futbolda hali asosan terma jamoalarda ishladim. Shu bois futbol olamida hali nomimni u qadar mashhur qila olmagandirman. Bunday vaziyatda qaysidir klubdan sizga jiddiy qiziqish bo‘lishi oson emas. Bu erda esa menga ishonch bildirishdimi, endi buni oqlash uchun oxirigacha kurashamiz. To‘g‘ri, qiyinchilik bo‘ladi. “Andijon” oxirgi o‘rinlardan birida, murabbiylar esa bir necha bor almashdi. Lekin mashaqqatsiz hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Menimcha, bunday qiyinchilikning ortidan rohat olish yoqimli bo‘ladi. Aslida esa buni qiyinchilik demagan bo‘lardim. Negaki, bu Alloh tomonidan berilgan bir in’om va taqdir. Hammasi yaxshilikka. Chunki “Andijon”ni faqat yaxshi niyatlar bilan qabul qilib oldik. Hech narsadan qo‘rqmayapman. Muddat kam bo‘lsa ham biz bor kuchimizni beramiz. Boshqa murabbiylarning plyusi shundaki, bizga qarshi o‘ynaydigan raqiblarning ustozlari barqaror ravishda o‘z klublarida ishlab kelishyapti. Shuni aytmoqchimanki, “Andijon”ning yigitlariga ishonaman. Agar ishonmaganimda va klubni saqlab qolishga ko‘zim etmaganida balki bunday tavakkalchilikka qo‘l urmasdim.

otabek5

- Futbolchilarda bunday paytda ruhiy tushkunlik bo‘lishi tabiiy. Ularga qanday motivatsiya bermoqchisiz? G‘olibona ruhni qay tariqa uyg‘otmoqchisiz?

- Bor imkoniyatni ishga solamiz. Bor imkoniyat deganim shundaki, kimgadir individual tomondan yondashamiz, yana kimgadir umumiy yig‘ilishlar etarli bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytganimdek, barchasi bilan yakkama-yakka gaplashib chiqaman. Bunga vaqtim etadi. Xudo xohlasa, o‘yinchilarda motivatsiyani uyg‘ota olamiz, bunga aqlim etadi. Bu Andijonning sha’ni va g‘ururi. Shu bois biz ham jimgina qarab turmaymiz. Vatan terma jamoasini boshqarganimda Saudiyaga qarshi 10 kishi bo‘lib qolgandik va o‘shanda yigitlarga ortinglarda 33 millionlik xalq turibdi, deya ularning shijoatini oshira olganmiz. Biz Andijonga nima uchun kelayotganimizni, qanday vazifa kutib turganini bilib turibmiz. Shunga yarasha albatta o‘yinchilarni ruhlantira olamiz. Biz barchamiz birlashamiz, bir maqsad yo‘lida Andijon sha’ni uchun klubni Superligada olib qolishga jiddiy harakat qilamiz.

- Bungacha “Andijon”ning o‘yinlarini kuzatib kelayotganmidingiz. Masalan, klubning kuchsiz tomonlari nimalarda ko‘rinayotgandi?

- Yigitlarning kuchsiz jihati yoki boshqasi haqida hech nima demayman. Chunki ularga qarshi raqib ham yaxshigina tayyorlangan. Faqat futbolchilar barqaror o‘yin ko‘rsata olishmadi. O‘sha motivatsiyaning hisobiga bir-ikkita o‘yinlarni yaxshi o‘tkazishdi. Orada esa omadsiz o‘yinlar bo‘ldi. Ayniqsa, “Bunyodkor”ga o‘ta yirik hisobda yutqazib qo‘yishdi. O‘sha uchrashuvni stadionda ko‘rdim. O‘shanda hayron qolganim rost. Murabbiy tomonidan qandaydir ayb topish niyatida emasman. Oldin ishlagan murabbiy ham bor mehrini, tajribasini bergan. Men faqat futbolchilarning ichki dunyosini va jamoada nima bo‘layotganini bilish qiziq. Keyin o‘sha 12 kun ichida o‘z o‘yinimizni yo‘lga qo‘yishga harakat qilamiz.

- Murabbiylar shtabi qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Sizga kimlar yordam beradi?

- O‘zim bilan birga terma jamoada ishlagan Doniyor Usmonov va ikkinchi murabbiy sifatida hozirgi paytda O‘zbekiston U-19 termasida Timur Kapadzega yordamlashayotgan Sergey Chigodaev. Uni ham klubga taklif qildim. Xudo xohlasa uch nafar murabbiy “Andijon”ga qo‘shiladi. O‘rinbosarlar murabbiyi, darvozabonlar murabbiyi yoki boshqasini o‘zgartirmoqchi emasman. Qolganini esa natija ko‘rsatganimizdan keyin mavsum tugagach gaplashamiz.

otabek4

- Mabodo, “Andijon”ni Superligada saqlab qolish vazifasi bajarilmasa, bu keyingi faoliyatingizga ta’sir ko‘rsatadimi?

- Asosiy vazifa sifatida rahbariyat shunday dediki, jamoani maksimal darajada ligada olib qolish haqida gapirdi. Buning uchun esa biz bor kuch va imkoniyatni ishga solamiz. Bu yog‘i esa Xudodan. Vazifani bajarish yo‘lida biz ham, rahbariyat ham harakat qilamiz. Rahbariyat bilan o‘zaro gaplashganimizda yana shunday bo‘ldiki, agar klub tushib ketgan taqdirda ham keyinchalik tarkibni andijonlik yigitlar bilan to‘ldirib, Superligaga qaytarish vazifasi bo‘ladi. Buning orasida akademiyaga ham katta e’tibor qaratish ustivor vazifaga aylanadi. Biz bu borada og‘zaki suhbatlarni o‘tkazdik. Lekin birinchi qadamimiz albatta “Andijon”ni saqlab qolishdan iborat. Biz tarkibdagi bor yigitlarga ishonishimiz va ularning menga ishonishlari juda muhim.

- Umid ko‘zi bilan qarayotgan andijonlik muxlislarga nimalar degan bo‘lardingiz?

- Ularni ham to‘g‘ri tushunishlarini xohlayman. Mening o‘rnimda klubni hozirgi holatida kim boshqarishga rozi bo‘lardi? Oldingi va oxirgi murabbiy bilan nima bo‘lib o‘tganini surishtirish mening vazifamga kirmaydi. Muxlislarga birgina gapim: ishonch bo‘lsin. Yigitlarni qo‘llab-quvvatlashsin. Biz esa o‘yinimiz bilan maksimal darajada kurashamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!