"Hech qanday sirlar yo‘q" yoxud Dragan Cheran faoliyatini O‘zbekistonda yakunlaydi...mi?
Bugun yana o‘sha siz bilan Dragan Cheran haqida so‘z boradi. O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi legioneri maqomini hamon o‘zida saqlab kelayotgan bolqonlik hujumchi “Paxtakor”da o‘z so‘zini aytishda davom etyapti va uni birov to‘xtata olishga qodir emasdek, go‘yo.
Cheran ketma-ket 4 yildan beri to‘purar bo‘lib kelyapti. Joriy mavsumda ham futbolchi “Paxtakor”da 7 ta o‘yinda 7 ta gol urdi. O‘tgan oyda sermahsullik ko‘rsatgani uchun Cheran Superliganing aprel oyining eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etildi. Shundan so‘ng Sports.uz jurnalisti Draganga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Dragan, sizni aprel oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Buni kutganmidingiz?
- Rahmat...Buni kutmaslik kerak. Bu amalga oshishi uchun ko‘p ishlashingiz lozim. Buni kutish yoki rejalashtirish yaramaydi.
- Siz “Paxtakor”ga kelganingizdan beri chempionat to‘purari bo‘lyapsiz. Bu yil ham hozircha 7 ta gol bilan to‘purarlar orasida peshqadamsiz. Maqsadingiz 5-to‘purarlikka erishishmi?
- Maqsadim jamoaviy maqsadlar bilan bog‘liq. Ya’ni, joriy yil sovrinlarni yutishdan iborat. Agar hammasi ko‘ngildagidek kechsa, tabiiyki, individual mukofotlar ham bo‘ladi.
- 36 yoshda qanday qilib bunday barqarorlikni saqlab qolyapsiz? Buni siri nimada?
- Hech qanday sirlar yo‘q, sokin oilaviy hayot tarzi. Tana va aqlni bir maromda ushlab turishlik uchun har kuni turli mashqlar va mutolaa ko‘rinishidagi mashqlar.
- O‘zbekiston chempionati tarixidagi barcha to‘purarlarni kuzatyapsizmi? Sizning natijangiz eng yaxshisi...
- Bu borada ko‘p surishtirmadim. Ko‘plab golllar kiritgan bir qancha sobiq o‘yinchilar borligidan xabardorman.
- Ayting-chi, qaysi darvozabonlarga gol urish siz uchun qiyin?
- Eldor Suyunov bilan Sanjar Quvvatov.
- Dragan, faoliyatingizni O‘zbekistonda yakunlaysizmi?
- Hozircha yakun haqida o‘ylab ko‘rmadim. Ammo shu erda yakunlashni xohlagan bo‘lardim. Chunki bu erda men ko‘p narsalarga erishdim.
- “Paxtakor”dan tashqari, qaysi jamoadagi futbolchi eng yaqin do‘stingiz?
- Marko Stanoevich eng yaxshi do‘st.
- Qariyotganingizni hali ham his qilmayapsizmi?
- Bu tabiiy jarayon, hammamiz qariymiz, barcha o‘zgaradi, ilgari o‘zimiz bajara olgan ayrim narsalarni qila olmaymiz. Ammo hayot shunday....
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar