"Hozircha "Arsenal"ni APL g‘olibi sifatida ko‘rmayapman"
Angliya futboli afsonasi Pol Skoulzning fikricha, "Arsenal" hali Angliya Premer-ligasi chempioni bo‘ladigan darajada ko‘rinmayapti.
"Har mavsumda taxminan to‘qqizinchi turda siz shunday bir o‘yinni ko‘rasizki, o‘ylaysiz: "Ha, bu jamoa ligani yutadi". Hozircha men bunday o‘yinni na "Arsenal", na boshqa jamoadan ko‘rmadim.
Ehtimol, ular shunga eng yaqin bo‘lgan o‘yin — bu "Nyukasl"ga qarshi safardagi bahs (2:1) bo‘lgan. O‘sha kuni ular juda yaxshi to‘p surishdi. Men ulardan hech hayron qolmaganman, chunki himoyasi haqiqatan ham ishonchli. Lekin baribir bu daraja uzoq davom etadi, deb o‘ylamayman.
So‘nggi yillarda "Liverpul" o‘yinlarini ko‘rib hayratda qolganman. Esimda, o‘tgan yili "Liverpul" – "Manchester Yunayted" uchrashuvini ko‘rganimda, "Yaratgan ey, qanday jamoa bu!" deb o‘ylagandim. Albatta, o‘shanda "Yunayted" yaxshi formada emas edi.
So‘nggi to‘rt yilda "Manchester Siti"ni kuzatar ekanman, har safar "Bu jamoa haqiqatan ham ajoyib" degan fikr kelgan”, — dedi Pol Skoulz "The Good, The Bad & The Football" podkastida.
Ayni vaqtda "Arsenal" Premer-liga jadvalida 9 turdan keyin 22 ochko to‘plab, peshqadamlik qilmoqda.
Fikrlar