Husanov endi Osiyoda o'ynaydi
“Manchester Siti” xalqaro musobaqalar, xususan, 2026 yildagi jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlagan futbolchilari uchun yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlash sanasini rasmiy belgiladi.
Asosiy jamoa bosh murabbiyi Enco Mareska ayni paytda o‘zining ilk maydon mashg‘ulotlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, murabbiylar shtabi FIFA jahon chempionati hali ham davom etayotganligi sababli futbolchilarning charchog‘ini inobatga olgan holda, ularni mashg‘ulotlarga bosqichma-bosqich qaytarish tizimini ishlab chiqmoqda.
Shimoliy Amerikada davom etayotgan mundialdagi ishtirokini tugatgan “Manchester Siti” asosiy tarkibi vakillari uchun mavsumoldi yig‘inlariga qaytish sanasi endi rasmiy tasdiqlandi.
Yozgi tayyorgarlik davrida 46 yoshli yangi bosh murabbiy Enco Mareska hammasini yangidan boshlash, o‘zining futbol falsafasi va o‘yin uslubini rasmiy mavsum boshlanishidan oldin jamoaga singdirishga e’tibor qaratadi.
“Shaharliklar” uchun yangi mavsum rasmiy tarzda Janubiy Uelsda mamlakatning amaldagi chempioni “Arsenal” bilan bo‘ladigan Angliya Superkubogi bahsi bilan boshlanadi.
“Manchester Siti” mavsumoldi yig‘inlarini qachon boshlaydi?
BBC Sport jurnalisti Shamun Hafizning ma’lum qilishicha, “Manchester Siti” futbolchilari 20 iyul kuni mavsumoldi mashg‘ulotlariga qaytadi. Davom etayotgan jahon chempionati ishtirokchilariga esa qo‘shimcha ta’til beriladi.
Shimoliy Amerikada o‘ynayotgan futbolchilarning qaytish sanasi ularning musobaqadan qachon chiqib ketishiga bog‘liq bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasi bilan guruh bosqichidayoq musobaqani tark etgan Abduqodir Husanov esa, klub ixtiyoriga qolgan mundialchilardan ertaroq qaytib, mavsumoldi yig‘inlarida to‘liq ishtirok etishi kutilmoqda.
Chorak final va undan keyingi bosqichlarda ishtirok etadigan futbolchilar esa katta ehtimol bilan Gonkong va Janubiy Koreyada o‘tadigan mavsumoldi turnesida qatnashmaydi. Bu turne doirasida “Manchester Siti” futbolchilari Italiya amaldagi chempioni “Inter” klubi, K-liga yulduzlari terma jamoasi va Madriddagi “Atletiko” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi.
“Manchester Siti”ning mavsumoldi tayyorgarlik dasturi qanday ko‘rinishga ega?
Futbolchilarning jamoaga bosqichma-bosqich qo‘shilishi Enco Mareska va klubning sport direktori Ugo Viana uchun yaqin haftalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan murakkab vazifaga aylanadi. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani erta tark etgani tufayli yosh himoyachi Abduqodir Husanov mashg‘ulotlarga ertaroq qo‘shilib, jamoaga qo‘shimcha shijoat bag‘ishlashi kutilmoqda.
Jismoniy tayyorgarlikka oid muammolar yanada kuchayishiga yarim himoya yulduzi Rodri haqidagi yangilik ham sabab bo‘ldi. Xabar qilinishicha, u jahon chempionatidan keyin olgan jarohati sababli zudlik bilan operatsiya qilinadi. Bu esa “Manchester Siti” yangi raqobatbardosh mavsumni “Oltin to‘p” sohibi ishtirokisiz boshlashga majbur bo‘lishini anglatadi.
Gonkong va Janubiy Koreyadagi bo‘lajak o‘rtoqlik uchrashuvlari, ayniqsa 1 avgust kuni Italiya chempioni “Inter”ga qarshi bahs, klubdagi iqtidorlu futbolchilarni sinovdan o‘tkazish uchun muhim maydon vazifasini bajaradi.
Eng ahamiyatlisi esa, kelasi mavsum jamoani o‘n yil davomida muvaffaqiyatli boshqargan Xosep Gvardiolaning o‘rnini egallagan Enco Mareska uchun eng katta sinov vazifasini o‘tib beradi.

Fikrlar