Husanov jahon chempionatida muhim figura bo‘lib chiqdi

  • 21.07.2026 11:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 2026 yildgi jahon chempionatida yuqori statistik ko‘rsatkichlar qayd etdi. 

Jahon chempionati bosh tashkilotchisi FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi musobaqada ishtirok etgan barcha o‘yinchilar orasida uzatmalar soni bo‘yicha oltinchi o‘rinni egalladi. Himoyachilar kesimida esa Abduqodir kuchli uchlikdan joy olgan. 

Bu ko‘rsatkichlar Husanovning nafaqat himoyani mustahkam ushlashda, balki terma jamoa hujumlarini boshlashda ham muhim figuraga aylanganini ko‘rsatadi.

Futbolchi topsiz o‘yin epizodlarida ham faolligi bilan ajralib turdi. 22 yoshli markaziy himoyachi Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi hujumkor futbolchilarini 11 marta xatoga yo‘l qo‘yishga majbur qildi, 23 holatda raqibga sezilarli  bosim o‘tkazdi va sakkiz bor to‘pga ega bo‘lgan futbolchiga bevosita pressing qo‘lladi. 

Uchrashuvlarda Abduqodirning o‘ziga nisbatan raqibar tomonidan olti marta qoida buzildi, shiddatli o‘ynagan himoyachining o‘zi esa ikki marta sariq kartochka oldi.

Ochilishlar (bo‘sh zonaga harakatlanish) bo‘yicha statistika ham Husanovning to‘pni o‘yinga kiritishda qay darajada faol bo‘lganini namoyon etadi. 

Turnir davomida Abduqodir  jamoadoshlaridan uzatma qabul qilish uchun 16 marta o‘zini taklif etgan: 13 epizodda to‘pdan oldinda joylashgan, ikki marta raqib ortiga ochilish qilgan va bir marta chiziqlar orasidagi bo‘sh hududni topgan.

Shunday ochilishlarning yettitasi jamoaning taktik tuzilmasi doirasida, to‘qqiztasi esa undan tashqarida amalga oshirilgan. 

Bu raqamlar Husanov doimiy ravishda bo‘sh zonalarga siljib, O‘zbekiston terma jamoasiga raqib bosimi ostida to‘pni maydondan chiqarib olishda yordam berganini tasdiqlaydi.

Futbolchining tezligi ham alohida qayd etilgan. 2026 yildgi jahon chempionati uchrashuvlari davomida Husanov soatiga 36,46 kilometrgacha tezlikka chiqib, jahon chempionatidagi eng tezkor o‘yinchilardan biriga aylandi.

Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvaridan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilmoqda va Angliya Premier-ligasida o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.

O‘tgan mavsumda mahoratli himoyachi Angliya kubogi va Angliya ligasi kubogida g‘olib chiqib, Evropadagi ilk nufuzli sovrinlarini qo‘lga kiritdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!