Husanov “Manchester Siti”da o‘zgarish yasadi

  • 13.10.2025 07:23
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” futbolchi hisoblangani bois sports.uz portali ushbu klubga oid ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.

“Manchester Siti” o‘tgan mavsumning birinchi yarmida yuz bergan inqirozdan keyin tarkibni qayta shakllantirishga qaror qilgan edi. Xosep Gvardiola talab qilgan avlodlar almashinuvi 20 yanvarda jamoaga Abduqodir Husanovning olib kelinishi bilan boshlandi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, ikkita transferlar oynasidan keyin “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida o‘ynayotgan futbolchilarning umumiy o‘rtacha yoshi qariyb ikki yoshga pasaygani kuzatilmoqda.

Bir yil muqaddam Xosep Gvardiola qo‘l ostidagi jamoa yoshi 26,9 ni ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 25,1 yoshga tushdi.

Bunga ko‘p jihatdan Kevin de Bryuyne, Ederson, Ilkay Gyunjog‘an va Manuel Akanji kabi yoshi 30 dan oshgan futbolchilarning ketishi ta’sir o‘tkazdi. Qolaversa, klub sport direktori lavozimini Chiki Begiristayndan qabul qilib olgan Ugo Viana oldiga tarkibni yoshartirish vazifasi ham qo‘yilganini aytish lozim.

Joriy mavsumda Xosep Gvardiola jamoasida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan o‘yinchilar orasida eng yoshi Niko O’Raylidir. Klub tarbiyalanuvchisi 2005 yili tug‘ilgan. Abduqodir Husanov, Riko Lyuis, Savino esa, Nikodan bir yosh katta xolos.

Hujumkor futbolchilardan Oskar Bobb va Rayan Sherki ham yosh avlod vakillari hisoblanib, ular 2003 yilda tug‘ilgan.

Hozirgi tarkibda muntazam maydonga tushayotgan futbolchilar orasida eng yoshi kattalari 1994 yilda tug‘ilgan Jon Stounz, Bernardu Silva va ulardan bir yosh kichik Natan Akedir.

Xoland Messi, Ronaldu va boshqa superto‘purarlarni “uyaltirib” qo‘ydi

“Manchester Siti” to‘purari Erling Xoland Norvegiya terma jamoasida ham haqiqiy qahramonga aylanib bormoqda.

Norvegiyaliklar 2026 yilgi jahon chempionatining mintaqaviy saralash turniri doirasida Isroil milliy terma jamoasini qabul qilib, raqib darvozasiga javobsiz beshta to‘p kiritdi.

Garchi Erling Xoland oltinchi daqiqada penaltini amalga oshira olmagan bo‘lsa-da, uchrashuv davomida uchta gol urib, xet-trikka erishdi. Yana ikkita golni isroillik futbolchilar o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi.

Xet-trik Xoland nomini jahon futboliga yozdi. 25 yoshli Erling xalqaro miqyosda eng tez 50 ta to‘p kiritgan futbolchiga aylandi. Norvegiyalik forvard bu marraga erishish uchun atigi 46 ta uchrashuvda maydonga tushishiga to‘g‘ri keldi.

Jami Norvegiya terma jamoasi uchun urgan gollari sonini 51 taga etkazgan Xoland mashhur hujumchilardan ancha ildam ekanini namoyish qildi.

Opta tadqiqot markazining ma’lum qilishicha, avvalgi rekordchi Neymar Braziliya  terma jamoasida 50 ta gol urish uchun 74 ta o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkichni frantsiyalik Kilian Mbappe  va polshalik Robert Levandovski 90 tadan, argentinalik Lionel Messi 107 va portugaliyalik Krishtianu Ronaldu 114 ta uchrashuvda zabt etgan.

O‘zbekiston va Urugvay uchrashuvi hisobi oldindan aytildi
O‘zbekistonga qarshi saf tortadigan Urugvay nimasi bilan kuchli?

Husanov mashhur futbolchining mundialga yo‘lini to‘sib qo‘ydi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!