Husanovning raqobatchisini Madrid superklubida kutishyapti
“Manchester Siti”ning tajribali markaziy himoyachisi Natan Ake qishki transfer oynasi davrida klubini almashtirib, Ispaniya chempionatiga yo‘l olishi mumkin.
El-Desmarque nashri xabariga ko‘ra, 30 yoshli niderlandiyalik futbolchiga Madridning “Atletiko” klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
“Matraschilar” yanvar oyida Akeni keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan ijaraga olishni rejalashtirmoqda. Ake 2020 yildan beri “Manchester Siti” safida to‘p surib kelmoqda.
Xosep Gvardiola 2025 yilning ikki transfer oynasida jamoada avlodlar almashinuvini amalga oshirganidan keyin Natan Ake boshlang‘ich tarkibdagi joyini yo‘qotdi. Bu o‘yinchi hamyurtimiz Abduqodir Husanovning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi hisoblanadi.
Joriy mavsumda Ake Xosep Gvardiola uchun asosiy tanlov hisoblanmaydi, shu sababli barcha musobaqalarni hisobga olgan holda atigi 14 ta o‘yinda ishtirok etgan xolos.
Akening “shaharliklar” bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi.
Transfermarkt mutaxassislari futbolchining bozor qiymatini 18 million evroga baholamoqda.

Fikrlar