Ichkilikka mukkasidan ketgan Jek Grilish boshqa futbolchilarni ham yo‘ldan uryapti
Jazoga ham tortildi
«Everton» jamoasida Jek Grilishning vaqtincha chetlatilishi atrofida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi.
Avval xabar qilinganidek, «Manchester Siti»ga tegishli, ammo «Everton»da ijara asosida o‘ynayotgan yarimhimoyachi jamoaning yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Angliya Liga kubogidagi «Nyukasl» (3:1)ga qarshi uchrashuvi ro‘yxatiga kiritilmagan edi. Rasmiy sabab sifatida «klub intizomini buzish» ko‘rsatilgan, Grilish ruhsatsiz mashg‘ulotni o‘tkazib yuborgani aytilgan.
The Sun nashri yozishicha, o‘tgan dushanba kuni futbolchi Londondagi Grosvenor House mehmonxonasida o‘tgan Pride of Britain Awards taqdirlash marosimida ishtirok etgan. Keyinchalik u bir necha do‘stlari bilan karaoke-klubga yo‘l olgan va u yerda tongga qadar qolgan.
Seshanba kuni Grilish Liverpuldagi jamoa mashg‘ulotida qatnashgan, ammo shu kun kechqurun uni irland pabi Mucky Pupda yana do‘stlari davrasida ko‘rishgan. U bilan birga «Everton» darvozaboni Jordan Pikford, yarimhimoyachi Tayler Dibling hamda «Börnli» himoyachisi Kayl Uoker ham bo‘lgani qayd etilmoqda.
Guvohlardan biri quyidagilarni aytgan: «Ular pabning orqa tomonidagi xususiy xonalardan birida «PSJ» – «Barselona» o‘yini tomosha qilishardi. Hammaning kayfiyati ko‘tarinki edi, juda ko‘p ichimlik iste’mol qilishdi, Jek ham shular qatorida edi».
Manbalarga ko‘ra, chap qanot yarimhimoyachisi va uning «Everton»dagi jamoadoshlariga chorshanba kuni dam olish kuni sifatida berilgan.

Izohlar (0)