Ikki afsona yangi hujumchiga qarshi chiqdi
“Liverpul” tarixida chuqur iz qoldirgan ikki afsona – Stiven Jerrard va Jeymi Karrager klubni “Vest Xem” hujumchisi Jarrod Bouenni sotib olmaslikka chaqirdi.
50 million funtga baholanyotgan Bouen doimiy ravishda “Liverpul”ga o‘tishi haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda va hozir bu transfer uchun sharoitlar juda qulay ko‘rinadi.
Gap shundaki, “Liverpul” Muhammad Saloh bilan xayrlashmoqda, “Vest Xem” esa Premyer-ligadan tushib ketish xavfi ostida.
Bouen “Vest Xem” safida 272 o‘yinda 84 ta gol urib, 58 ta golli uzatma bergan, ammo Jerrard va Karrager 29 yoshli Angliya terma jamoasi futbolchisi haqida bir fikrda.
- Menga Bouen yoqadi va uni top-darajadagi futbolchi, deb hisoblayman, ammo u Saloh o‘rnini bosish darajasiga mosmi — ishonchim komil emas, - dedi Jerrard TNT Sports efirida.
- Yo‘q, men Bouen Saloh o‘rnini bosishini tasavvur qila olmayman. Balki u Yurgen Klopp davrida “Liverpul” radariga tushgan bo‘lishi mumkin, ammo o‘sha paytda Saloh bor edi. Qolaversa, u “Liverpul” uchun yoshi ancha katta o‘yinchi, - dedi Karrager Stick to Football podkastida.

Fikrlar