Ilhom Mo‘minjonov: "5 nafar yangi o‘yinchi olishga majburmiz"
O‘zbekiston PRO-Ligasi 8-turida "Metallurg" o‘z maydonida "Kattaqo‘rg‘on" jamoasini qabul qildi. 1:1 hisobida yakunlangan o‘yindan keyin "Metallurg" ustozi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Assalomu alaykum. Bugun 2 ochko yo‘qotdik. Yigitlar harakatib qilib, borini berishdi. Mashg‘ulotlarda ishlaganlarimizni maydonda ko‘rsatishga urinishdi. Omadimiz kelmadi.
Umumiy oladigan bo‘lsak, yaqqol xavfli vaziyatlarimiz ham unchalik ko‘p bo‘lmadi. Raqib ham himoyada tartibli o‘ynaganini ta’kidlash zarur. Ularni 1 ochko bilan tabriklayman, lekin baribir biz 2 ochko yo‘qotdik. Endi 8-tur o‘tdi. Oldinda hali ko‘p o‘yinlar bor. Xatolarni tahlil qilib, keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
Bobur Mo‘ydinov jarohat sabab o‘yin amaliyoti yo‘q edi. Himoyada xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shu sababli uni erta almashtirishga to‘g‘ri keldi.
Ha, asosiy raqiblar bo‘lgan "Aral" va "Sho‘rtan" 5 ochkoga ilgarlab ketdi. Biroq hali ular bilan uchrashamiz. Oldinda "Sho‘rtan" bilan o‘yin kutib turibdi. Tanaffusdan keyin esa "Aral" bilan ikki bor to‘qnash kelamiz. O‘ylashimcha, katta yo‘qotish yo‘q. 5 ochko farq biz uchun xavfli albatta, oldimizga chempionlik vazifasi qo‘yilgan. Ishlashda, izlanishda davom etamiz. Keyingi o‘yinlarga astoydil tayyorgarlik ko‘ramiz.
Saidumarxon Saidnurullaevni zahiraga olinishi? U mana shu bahsdan keyin terma jamoa tarkibiga yo‘l oladi. Shu sababli jarohatdan endi tuzalib, safga qaytgan Komil Tojidinovni ko‘rdik. Qo‘shimchasiga Saidumarxon ikkinchi bo‘limda u qadar faollik ham ko‘rsata olmadi, shu sababli uni almashtirdik.
Davralar oralig‘ida tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladimi? Rahbariyat bilan bu mavzuda gaplashganmiz. Hali oldinda ikkita tur bor. Muzokaralar olib borilgan. Yana o‘ylab ko‘ramiz. Hammasi rejadagidek ketsa, rahbariyat ruhsat bersa, tarkibni kuchaytiramiz. Oldingi chiziqda, yarim himoya va hujum chizig‘ida 2-3 ta emas, 5 nafar o‘yinchi olishga majburmiz. Sifatli o‘yinchilar o‘yin taqdirini hal qiladi. Mavsum oldidan tayyorgarlikka vaqtimiz kamroq edi. Bor imkoniyatlardan kelib chiqib tarkibni shakllantirdik. Biroq chempionlikni ko‘zlasak, yarim himoyaga va albatta, hujum chizig‘a futbolchi olishimiz kerak".

Fikrlar