Ilhom Mo‘minjonov: "Bu yil pro liga juda qiziqarli o‘tishiga ishonchim komil"

  • 04.03.2026 00:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro liga yangi mavsumiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Xabaringiz bor, Bekobodning "Metallurg" jamoasi ham tarkibini kuchaytirgan holda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun astoydil kurash olib boradi. 

Qur’a natijalariga ko‘ra, birinchi turda "Metallurg" safarda "Yaypan" bilan bellashadi. Bekobodliklar ustozi Ilhom Mo‘minjonov klub matbuot xizmatiga qur’a borasidagi fikrlarini bildirdi.  

"Qur’a haqida gapiradigan bo‘lsak, har bir raqib bilan baribir o‘yin o‘tkazamiz. Bizga kimga qarshi maydonga tushishning unchalik farqi yo‘q. Har bir jamoa barcha raqiblar bilan ertami-kechmi ro‘baro‘ keladi. 

Yangi mavsumga har bir klub jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Tajribali murabbiylar ishlashmoqda va deyarli har bir klubda tajribali futbolchilar yetarlicha topiladi. Bu yil pro liga juda qiziqarli o‘tishiga ishonchim komil. Oson o‘yinning o‘zi yo‘q. 

Birinchi turda safarda "Yaypan"ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldik. Bu o‘z tarixiga ega bo‘lgan klub. O‘z vaqtida jiddiy maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan, Superliga bahslarida qatnashgan jamoa. Hozirgi kunda tajribali murabbiy Rashid G‘ofurov faoliyat olib bormoqda. Uni salohiyatli, yuqori darajadagi murabbiy deb hisoblayman. Raqibni hurmat qilgan holda tayyorgarlik ko‘ramiz. 

Bizning maqsadimiz aniq  — Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Har bir bahsda g‘alaba uchun harakat qilamiz. Shuning uchun barcha bosh maqsad yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!