“Inter” - “Yuventus”: Ustoz sevimli shogirdini imtihondan o‘tkazadi (prevyu)

  • 2 fevral, 2021, 15:00
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bugun tunda Italiya kubogi yarim final bahslariga start beriladi. Apennin yarimorolida ham finalchilar nomini ancha avvaldan aniqlab qo‘yish odat tusiga kirgan. Yakuniy o‘yin yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalar xotirjam tarzda evrokuboklar va A Seriyaga e’tiborini qaratishi maqsadida mana shunday tizim shakllantirilgan bo‘lsa, ajab emas.

Tunning qoq yarmida bugungi kun Italiyasining eng kuchli ikki jamoasi o‘zaro to‘qnash keladi. Amalda evromaydonni tark etib ulgurgan “neradzurrilar” barcha frontlarda real imkoniyatga ega bo‘lgan “keksa senora”ni qabul qiladi. Ushbu uchrashuv mavsumning intriga to‘lib-toshgan qoq yarmida bo‘lishi bizga ikki hissa zavq beradi. Xo‘sh, A Seriya grandlari ushbu bellashuvga qanchalik tayyor?

1500x500

“Inter”

Antonio Konte boshchiligidagi jamoa Italiya kubogidagi ishtirokini nimchorak finaldan boshladi. Ilk bellashuvdayoq ularga “Fiorentina” raqiblik qildi. 120 daqiqa davom etgan bellashuvga 119-daqiqada Lukaku kiritgan gol yakun yasadi. Chorak finalda hamshaharlari “Milan”ni ham oxirgi daqiqalarda kiritilgan gol evaziga mag‘lub etgan “Inter”, “Yuve” qarshisiga ancha ishonch bilan chiqib kelmoqda.

A Seriyadagi holat ham “ilonlar” uchun qoniqarli darajada. 20-tur yakunlariga ko‘ra, 2-pog‘onada borayotgan Konte shogirdlari “Milan”dan atigi 1 ochko ortda bormoqda. 2 hafta avval, A Seriya doirasida kechgan bahsda “Yuventus” ishonch bilan taslim etilgandi. Ammo biz bugun umuman boshqa musobaqa qarshisida turibmiz. Milliy birinchilikni yodga olishimizga boshqa sabab mavjud. Klub Joze Mourino erasidan buyon ilk marotaba “oltin dubl”ni rasmiylashtirishga yaqin turibdi.

“Juzeppe Meatstsa” egalarida bir qator futbolchilar bilan bog‘liq muammolar mavjud. Avvalo, jamoaning asosiy etakchisi Romelu Lukaku bugun o‘ynamasligini aytib o‘tishga majburmiz. Ibragimovich bilan bo‘lib o‘tgan mojaro sabab, u bitta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan. Shuningdek, Ashraf Hakimi ham bugun maydonda ko‘rinish bermaydi. Uning o‘rniga Konte katta ehtimol bilan Matteo Darmianni tushiradi. Danilo Dambrozioning ham jarohat olgani haqida xabar berildi. Quvonchli xabarlar ham bor: Marselo Brozovich jarohatdan butkul sog‘ayib, safga qaytgan. Chap qanot himoyachisi pozitsiyasida o‘ynashga majbur bo‘layotgan Ivan Perishich endi bemalol hujumlar bilan mashg‘ul bo‘lsa yarashadi. Chunki Eshli Yang ham jamoa mashg‘ulotlariga to‘liq tartibda qaytdi.

Taxminiy tarkib: Xandanovich, Shkrinyar, De Vrey, Bastoni, Darmian, Barella, Brozovich, Vidal, Yang, Martines, Sanches.

EtBJUMoXcAAeC0f

“Yuventus”

Pirlo bugun Milanga boshqacha ishtiyoq bilan tashrif buyuradi. Birinchi navbatda, u klubga begona emas. 1998-2001 yillar mobaynida ko‘k-qora libosda harakat qilgan Pirlo uchun jamoa katta maktab vazifasini o‘tab bergan. 22 tagina uchrashuvda maydonga tushib, biror marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qila olmagan Andrea eng ko‘p gollarini “Inter”ning azaliy dushmanlari libosida kiritdi. Ammo, baribir faoliyatining ilk davrida unga o‘z bag‘rini ochgan jamoani boshqacha ardoqlashi tabiiy.

“Neradzurrilar”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, u va shogirdlari hech bir bahsda mag‘lubiyatga uchramadi va darvoza to‘ridan birorta to‘p olib chiqilmadi. Balki, o‘sha mag‘lubiyat bergan achchiq saboq tufayli buyog‘iga ular to‘xtatib bo‘lmas jamoaga aylanar.

“Yuventus”ning Italiya kubogidagi yo‘lini birmuncha oson o‘tdi, deb ayta olamiz. Sababi, “Jenoa” va SPAL Apennin yarimorolining u qadar katta klublari sirasiga kirmaydi. Ha, genuyaliklarga qarshi bellashuvda 120 daqiqa vaqt sarflab, arang g‘alaba qo‘lga kiritildi. Ammo ushbu o‘yinlar allaqachon tarixga aylanib bo‘ldi. Endi ular oldida “Inter” turibdi. Italiyalik yosh murabbiy ixtiyoridagi ba’zi futbolchilar markaziy qarama-qarshilikni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi.

Yo‘qotishlar mavzusida “Yuve” muxlislarini eng ko‘p xafa qiladigan narsa - Paulo Dibalaning maydonga tushmayotgani. Argentinalik futbolchi jarohati sabab, anchadan buyon jamoasiga yordam bera olmayapti. Asosiy tarkib futbolchilari orasida bundan kattaroq yo‘qotishlar mavjud emas. Faqat, italyan nashrlarining ma’lum qilishicha, bugungi bahsda bosh murabbiy Morataga dam olish imkonini beradi va uning o‘rnida Kulusevski dastlabki daqiqalardan maydonda harakat qiladi. Yakuniy qaror e’lon qilinmaguncha, bu haqida aniq gap ayta olmaymiz.

Taxminiy tarkib: Buffon, Kuadrado, Kellini, De Ligt, Aleks Sandro, MakKenni, Bentankur, Artur, Keza, Kulusevski, Ronaldu.

EtLTf-PXcAA662S

Murabbiylar

Antonio Konte: “Bu kabi katta raqiblarga qarshi bellashuvlarda ro‘paradagi jamoaga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish va jiddiy tayyorgarlik ko‘rish juda muhim. Oldindagi 180 daqiqalik o‘yin kim kattaroq o‘sishga erishganini ko‘rsatib beradi. Birinchi bahs doim muhim bo‘lib kelgan. O‘tgan mavsumda “Napoli”ga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berganmiz. O‘shanda, rejalarimiz ish bermagandi. Biz eng kuchli taraflarimizdan oqilona foydalana olishimiz darkor.

Biz birinchi marta Lukakusiz o‘ynayotganimiz yo‘q. Lautaro va Sanches uning yo‘qligini bildirmaslikka harakat qiladi. Romelu “Benevento”ga qarshi bellashuvda 2 ta gol urdi va kubok bahsida dam olishi mumkin. Diskvalifikatsiyasi haqida gapirmoqchi emasman: maydonda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Uning kayfiyati joyida”.

Op9vG_xx

Andrea Pirlo: “Men shogirdlarimdan o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni kutyapman. Bu 180 daqiqalik o‘yinning birinchi taymi bo‘ladi. Bu kurashda mardonavor tura bilishimiz muhim. Sababi, imkoniyatlar juda kam bo‘ladi. A Seriyadagi mag‘lubiyat ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Avvalo, noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni anglab oldik. O‘shandan buyon, ketma-ket o‘yinlarda g‘alaba qozonmoqdamiz.

Men odatiy “Inter”ni kutyapman: ular doim o‘z g‘oyalarini maydonda aks ettira olgan. Biz raqib jamoa murabbiyi haqida etarlicha ma’lumotga egamiz va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rishga harakat qildik. “Inter” yaxshi himoyalanadi va qarshi hujumlarga tez o‘ta oladi. Biz maydonda nimalarnidir isbotlashga urunib ko‘ramiz. “Jiji” darvoza postiga qaytadi. Ammo Remzi bu o‘yinda bizga yordam bera olmaydi. Kechagi mashg‘ulotlarda u kichik jarohat orttirib oldi. Shanbagacha hammasi joyida bo‘ladi, deb o‘ylayman”.

EtJ2r-0XYAAzlAO

Xulosa o‘rnida

Bugun jamoalar tarkibini qisman optimal, deb ayta olamiz. Ha, bir nechta yo‘qotishlar bor. Biroq, bu ularning birini ikkinchisidan kuchli qilib qo‘ymaydi. Ya’ni, ikkala murabbiy ham deyarli bir xil muammolarga duch kelyapti.

Pirlo to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdi: “Inter” yaxshi himoyalanadi. Andrea “katenacho” borasida Kontega tenglasha olmasligi aniq. Maydon egalari bugun ancha ehtiyotkor tarzda harakat qilib, o‘z imkoniyatlaridan maksimal foydalanishga harakat qilishi turgan gap. Qanotlarda, darhaqiqat, tezkor futbolchilar mavjud. “Yuventus”da esa raqibining shuncha qurollarini bir soniyadayoq yo‘qqa chiqarish salohiyatiga ega bo‘lgan kuch - Ronaldu bor.

Portugaliyalik o‘zi ishtirok etgan har qanday bellashuvda o‘yin stsenariysiga ta’sir ko‘rsata olishini bilamiz. Biz shunchaki, jamoalarning umumiy holatidan kelib chiqib, nazariy fikrlarni bildirmoqdamiz. Amalda, barchasi maydonda hal bo‘ladi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!