Islom Ahmedov: "Terma jamoamiz har tomonlama zamonaviy o‘yin namoyish etdi"
O‘zbekiston milliy terma jamoamiz "CAFA Nation’s Cup" xalqaro musobaqasining dastlabki uchrashuvida Ummonga qarshi maydonga tushdi va javobsiz 3 ta gol urgan holda muxlislarni quvontirdi. Tajribali mutaxassislarimizdan biri Islom Ahmedov uchrashuvdan keyin terma jamoamiz haqida gapirdi.
“Masharipovdan xursandman. Qanaqa qilib shunday futbolchi “Al-Nasr”da zaxirada qolyapti?”
- Birinchidan, hamma muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Raqibimiz kuchli va har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan jamoa edi. Ummon tajribali murabbiy qo‘li ostida o‘ynayapti. O‘yin to‘g‘risida kelsak, uchrashuvni ko‘rib xursand bo‘ldim. Ko‘proq yangi nomzodlar, iste’dodli futbolchilar, yoshlar ham o‘yinga chiqdi. Menda bu uchrashuv yaxshi taassurot qoldirdi. Men uchun eng muhimi, murabbiyimiz shunaqa taktika tanladiki, himoyada kuchli bo‘ldik, kuchli tomonimiz to‘p bilan hujumga faollik ko‘rsatish va bu bahsda chiroyli, kreativ futbol ko‘rdik. Jaloliddin Masharipovdan xursandman. Savol tug‘ilyapti: qanaqa qilib shunday futbolchi “Al-Nasr”da zaxirada qolyapti. U ajoyib o‘yin namoyish etdi.
“Hujumda Shomurodov bo‘lganida yanada qiziqarliroq bo‘lardi”
- Shomurodovga Shomurodov bo‘lishi uchun vaqt kerak edi. U asta-sekin Shomurodov bo‘ldi. Bizda iste’dodli hujumchilar ko‘p. Ularni tanlab, imkoniyat berish kerak. Asta-sekin uning o‘rnini bosishadi. Agar hujumda Shomurodov bo‘lganida undan ham qiziqarliroq bo‘lardi.
“Terma jamoamiz eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi”
- Katanets terma jamoa bilan ikkinchi yil ishlayapti. Mening fikrimcha, jamoa o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatdi. Har tomonlama zavonaviy o‘yin namoyish etdi. Himoyada, hujumda, to‘p yo‘qotganda, to‘pni olib qo‘yganida, umuman tezlik bilan bo‘ldi. Chiroyli o‘yin ko‘rdik. Osiyo Kubogini yutish uchun har uchrashuvda shunaqa o‘yin ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Futbolchilarda o‘yindan-o‘yinga o‘sish bo‘lishi kerak.
“Tashkiliy tomondan ishlar yuqori darajada”
- Menda Qirg‘iziston-Afg‘oniston o‘yinini stadionda tomosha qilish imkoni bo‘ldi va bundan foydalandim. Endi 16 iyunda Qirg‘iziston-Eron o‘yinini ham borib ko‘rmoqchiman. U o‘yin bilan bizni o‘yinni solishtirsak, katta farqi bor. Bu musobaqa mamlakatlarimiz uchun juda kerakli. Niyat qilamanki, keyingi yili jamoalar soni ko‘payadi. Ko‘ryapmanki, tashkiliy tomondan yuqori darajada ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Yarim final va finalda yanada zamonaviy futbol ko‘ramiz. Umid qilamanki, O‘zbekiston terma jamoamiz shunday o‘yinini o‘yindan-o‘yinga ko‘rsatib boraveradi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar