Islom Maxachev bu safar Aleks Volkanovskini "yanchib" tashlaydi! (So‘rovnoma)
Xabaringiz bor, 21 oktyabr kuni Abu-Dabi shahrida “UFC 294” ashkil etiladi. Markaziy jangda engil vazn toifasi chempioni Islom Maxachev hamda Charlz Oliveyra bahs yuritishi kerak edi. Biroq, Oliveyrani jarohat olganligi sababli, uning o‘rniga Aleksandr Volkanovski Maxachev bilan jang qiladigan bo‘ldi.
Biz ushbu jang haqida va imkoniyatlar borasida o‘zbek MMa olami vakillarini fikri bilan qiziqdik.
Jasur Alijonov –murabbiy
- Volkanovski zahiradan qo‘shilgani uchun unda muammolar bo‘lishi mumkin. Biroq, Maxachev Oliveyraga qarshi tayyorgarlik ko‘rgan va bu uning zarariga ishlasa kerak, deb o‘ylayman. Volkanovski avvalgi jangda Maxachevni anchagina qiynab qo‘ygandi. U bu safar qanday jang olib borishni yaxshi biladi. Shuning uchun imkoniyat Volkanovskida ko‘proq deb bilaman.
Aziz Usmonov – murabbiy
- Bu jangda har ikkisi uchun bosim juda yuqori bo‘ladi. Ular bir-birini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham Volkanovski jangga kam vaqt qolgan bo‘lsa, ham qabul qildi. Qolaversa, u kam vazn tashlaydi. Chunki u yarim engil vazn toifasining jangchisi. Maxachevga Volkanovski bilan jang Oliveyraga qaraganda qiyin bo‘ladi. Maxachev jang rejasini o‘zgartirsa, g‘alaba qozonadi. Albatta, Islomni yutishiga umid qilamiz. Biroq, bu oson bo‘lmaydi.
Bahodir Tillaboev – MMA jangchisi
- Bu safargi jang ham to‘liq davom etadi, deb o‘ylayman. Avalgi jangda ham Volkonavski juda yaxshi harakat qilgandi. Biroq, g‘alaba Maxachevga berilgandi. Bu safar Volkanovski yanada xavfliroq bo‘ladi. O‘ylashimcha revanshda Volkanovski g‘alaba qozonadi.
Firdavs Hasanov – MMA jangchisi
- Qiziqarli to‘qnashuvni guvohi bo‘lamiz. Barcha Volkanovskini qisqa vaqtda bu jangga qanchalik tayyor bo‘lgan ekan, deb fikr bildirishmoqda. Aleks har doim yuqori jismoniy holatga ega bo‘ladi. Qolaversa, avvalgi jangdan so‘ng kerakli xulosalarni qilgan, deb o‘ylayman. Bu safar ham Maxachevga juda qiyin bo‘ladi. Biroq, baribir u g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Humoyun To‘xtamurodov –MMA jangchisi
- Bu jang Islom uchun avvalgisidan ham qiyin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki Volkanovski juda baquvvat jangchi. Ikkisi ham ajoyib va o‘z ishining ustalari sanaladi. Agar, Islom birinchi jangdan kerakli saboqni olgan va ruhiy jihatdan yaxshi tayyorlana olsa, bu jangda g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.
Doston Bozorov – MMA jangchisi
- Bu jangda yaqqol favorit Islom Maxachev deb bilaman. Volkanovski to‘g‘ri har doim yaxshi jismoniy holatga ega bo‘ladi. Lekin baribir bir jang uchun reja ko‘proq muddatda tuziladi. 10 kun bu juda ham qisqa vaqt. Birinchi jangdagi xatolarga bu safar Islom Maxachev yo‘l qo‘ymaydi. Bu safar Maxachev osonroq g‘alabani qo‘lga kiritadi.
Javohir Imomov – MMA jangchisi
- Bu jangda Islom Maxachevning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. Sababi, u to‘liq mashg‘ulot lagerini o‘tadi. Volkanovski esa yo‘q. To‘g‘ri, tayyorlanib yurgandir. Biroq, Maxachev uchun emas. Qolaversa, Maxachev uchun yana bir motivatsiya bu safar Xabib Nurmagomedovning yonida ekanligi va u bilan birga mashg‘ulotlarni o‘tagani bo‘ladi. Nazarimda Maxachev avvalgidan ko‘ra, osonroq g‘alaba qozonadi.
Javohir Abdug‘aniev - MMA jangchisi
- Bu jangda Islom Maxachev qiyinchiliksiz g‘alaba qozonadi. To‘g‘ri, birinchi jangda Islom o‘ziga o‘xshamagan edi. Volkanovskida esa qo‘shimcha motivatsiya bor edi. Sababi, jang o‘zining yurti Avstraliyada bo‘lib o‘tgandi. Bu safar esa jang Islom uchun qadrdon Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. shuning uchun uni qo‘llab-quvvatlovchi muxlislar juda ko‘p bo‘ladi. Keyin Volkanovski zahira jangchisi sifatida oz qolganda chiqyapti. U qanchalik tayyor bo‘ladi, bu ham noma’lum. Agar, tayyor bo‘lganda ham Islomga bu safar qarshilik qila olmaydi. Avvalgi safar Islom shunchaki ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ydi. Bu safar esa u "yanchib" tashlaydi!
Fikrlar