Izzatillo Po‘latov: "Chempionlik poygasidagi "Neftchi"dan bir ochko olganimiz odamni xursand qildi"

  • 08.11.2025 12:38
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, Superliganing 28-turidan o‘rin olgan bahsda "Buxoro" "Neftchi" bilan kuch sinashib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. Ushbu to‘qnashuvdan so‘ng "Buxoro" himoyachisi Izzatillo Po‘latov Sports.uz saytiga intervyu berib, bo‘lib o‘tgan o‘yin, O‘zbekiston kubogidagi hakamlarning qarori va kelajagi haqidagi savollarga javob berdi. 

1. Bugun "Buxoro" klubi "Neftchi"ga qarshi muhim uchrashuvda ishtirok etib, kerakli ochkolarni qo‘lga kiritdi. Bo‘lib o‘tgan o‘yin haqida fikrlaringiz. 
 
"Bu uchrashuv juda qiziqarli bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, bu o‘yin muxlislarga ham yoqdi deb o‘ylayman. Sababi, o‘yin davomida biz ham, "Neftchi" ham ancha hujumkor o‘yin ko‘rsatdi". 

2. Birinchi davrada "Buxoro" "Neftchi"ga minimal hisobda imkoniyatni boy berdi. Bugun esa jamoa durangga erishdi. Bu natijadan keyingi hissiyotlaringiz qanday bo‘ldi? 
 
"Birinchi davradagi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborganmiz va bu juda alamli bo‘lgan. O‘sha to‘qnashuvda ham farg‘onaliklarga yaxshigina qarshilik ko‘rsatgan edik. Albatta, 1-davradagi mag‘lubiyatning alamini olishimiz kerak edi. Bundan tashqari, bugun o‘z muxlislarimiz oldida harakat qilib, o‘zimizning barcha imkoniyatlarimizni ishga soldik. Jamoamiz bilan birlashib, yaxshi o‘yin namoyish etdik deb o‘ylayman. Keyin chempionlik uchun kurashayotgan va favorit hisoblangan jamoaga qarshi durang natija qayd etish - yaxshi hisoblanadi. Hozirgi kunda har bir ochkomiz oltinga teng deb o‘ylayman. Ayniqsa, bugungi uchrashuvdagi 1 ochko odamni juda xursand qildi". 

 3. "Neftchi" ketma-ket 6 uchrashuvdan buyon g‘alaba qozonib kelayotgandi. Bu jamoalar orasida OKMK va "Dinamo" kabi kuchli jamoalar ham bor edi. Lekin bugun farg‘onaliklar Buxoroda ochko yo‘qotdi. Ushbu uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz va jamoada motivatsiya qanchalik yuqori edi? 
 
"Albatta, "Neftchi"da ijodkor futbolchilar borligini bilar edik. Buni o‘yindan avval kuzatib, o‘rganib chiqqan edik. Shu bois, biz asosan o‘yin davomida qarshi hujumda harakat qildik va o‘z maqsadimizga erishdik". 

4. O‘zbekiston kubogi finalini ham biroz eslaymiz. O‘sha uchrashuvdan so‘ng O‘FA hakamlarning qarorlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi va bahsli vaziyatlarni tushuntirib berdi. Nazarimda, siz ham bundan xabardorsiz. Ularning qarorlariga va tushuntirishlariga fikringiz qanday? 
 

"Finaldagi hakamlarning qarorlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, hech biriga qo‘shilmayman. Nayim Qosimovning har bir gapi kulgili, deb o‘ylayman. O‘zbekiston kubogi finalida, jamoam 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrab turibdi, raqib futbolchisi oyog‘imga tepyapti, men qanday qilib maydonda yotishim va vaqt cho‘zishim mumkin?. Men o‘sha vaqtda oyog‘im og‘risa-da, faqatgina vaqtdan yutishni va tezroq o‘yinni davom ettirishni o‘ylaganman. U aytdi: "yotgan futbolchi tezda o‘rnidan turdi deb". Qanday qilib yutqazayotgan jamoaning o‘yinchisi maydonda vaqt cho‘zib yotishi mumkin?. Qosimov umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan gaplarni gapiryapti. O‘sha vaziyatda oyog‘imdagi og‘riq bilan iloji boricha tezroq o‘rnimdan turib, o‘ynashga harakat qilganman. 
 
Hakamlarning qarorlari bo‘yicha gapni davom ettiradigan bo‘lsa, o‘zi "Paxtakor" bilan uchrashuvlarda hakamlarning qarorlari bo‘yicha ko‘p pand eymiz. 2023 yilda ham 90+ da bizning zararimizga 11 metrlik jarima zarbasi qo‘yilgan. Bu orqali biz Proligaga tushib ketganmiz. Keyin yana bir hakam "mening onamdan keldi" degan. Agar professional hakamlar o‘z ishlariga qunt bilan yondashishsa, ularning oila a’zolariga nisbatan ishlatilgan qo‘pol so‘zlardan kelib chiqib qaror qabul qilishsa, futboldan ketishgani yaxshi. Sababi, ba’zi joylarda butun stadion futbolchilarni ham so‘kishi mumkin. Lekin o‘yinchilar ularning gap-so‘zlariga qarab o‘ynayman yoki o‘ynamayman, deb ketmaydi-ku. Nazarimda, baribir jiddiyroq jarima berishligi kerak edi. Buni kamroq e’tiborga olishdi". 

5. Mavsum so‘ngida "Buxoro" bilan shartnomangiz yakunlanadi. Kelajagingiz bo‘yicha o‘ylab ko‘rdingizmi? Biz sizni yaqin yillar ichida legioner sifatida ko‘rishimiz mumkinmi?
 
"Hozirgi kunda kelajagim bo‘yicha o‘ylab ko‘rmadim. Chunki Buxoro klubi bilan shartnomam bor. Bu shartnoma bu yilning oxirigacha amal qiladi. Hozir bor e’tiborimni jamoaning natijalariga qaratib, so‘nggi sekundlargacha yordam berishni istayman va bunga harakat qilaman. Mavsum yakunlangandan so‘ng hamda shartnomam tugagandan keyin kelajagim bo‘yicha o‘ylab ko‘rsam bo‘ladi. Xudo Xohlasa, shu tarzda o‘z ustimda ishlab, yanada rivojlanib, yaxshiroq o‘yinlarni namoyish etsam, legionerga aylanib qolishim mumkin".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!