Ja’far Irismetov: "O‘yinimiz Misrga syurpriz bo‘ldi, Kannavaroni imzosi ko‘rinyapti"
Milliy terma jamoamiz BAAda “Al Ayn Kubogi” musobaqasidagi ishtirokini Muhammad Saloh boshchiligidagi Misrga qarshi o‘yin bilan boshladi va ajoyib o‘yin namoyish qilgan holda 2:0 hisobida g‘alaba qozonib finalga yo‘l oldi.
Endi vakillarimiz finalda Eron bilan to‘qnashadi. Milliy terma jamoamizning Misrga qarshi o‘yinida Oston O‘runov qoyilmaqom o‘yin namoyish qildi va ikkita uddalab bo‘lmasdek tuyulgan gollarni kiritib, bellashuv qahramoniga aylandi.
O‘yindan keyin taniqli mutaxassislardan biri Ja’far Irismetov Sports.uz jurnalistining savollariga javob berdi.
- Ja’far aka, o‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi?
- O‘yin juda yaxshi, ayniqsa, birinchi taym. Iliq taassurot qoldirdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi xohlagan raqib bilan yaxshi o‘ynay oladi, degan fikr tug‘ildi. Lekin ikkinchi bo‘limda nimani hisobiga bilmadimu, hujumlar kamroq qildik. Ikkinchi bo‘limda yana eski o‘yinimizga o‘tib qoldik, buni to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Menimcha, yigitlar natijaga o‘ynashdi. Shu bois himoyaviy o‘yin ko‘rsatishdi.
- Umuman olganda, terma jamoamiz o‘yini yoqdimi? Kutganmidingiz?
- O‘yin yoqdi. Aqlli taktika tanlandi, deb o‘ylayman. Birinchi taymda urib olingan gollarni evaziga ikkinchi bo‘limda natijani ushlab qolishni uddaladik. Muhimi, mundialda natija bo‘ladi. Natijaga qarab o‘ynalyapti.
- Oston O‘runov o‘yin taqdirini hal qildi. Unga qanday baho berasiz?
- Albatta, gollari bilan juda iliq taassurot qoldirdi. Yaxshi o‘ynadi. Ammo hali optimal formasini tiklamagan. Jarohatdan endi chiqdi. O‘runovni potentsiali kuchli. O‘ylashimcha, ajoyib o‘yin namoyish qildi. Formasini yanada tiklab borsa, biz jahon chempionatida bundan ham kuchli Oston O‘runovni ko‘ramiz.
- Siz uchun terma jamoamizda Kannavaroni imzosi ko‘rinyaptimi?
- Hozircha nimadir deyish qiyin. Lekin Misr bilan uchrashuvda ozgina bo‘lsa ham imzosi ko‘rindi. Birinchi taymda ham himoyaviyroq o‘yin va qarshi hujumda o‘ynashga harakat qildik. Bundan unumli foydalandik, deb o‘ylayman. To‘g‘risini aytsam, Misr terma jamoasi bizdan bunday o‘yinni kutmagandi va ularga syurpriz bo‘lib qoldi. Kannavaroni imzosi ko‘rinyapti.
- Finalda Eron bilan o‘ynaymiz. Yana ushbu juftlikdan zerikmadingizmi?
- Yo‘q, nimaga? Finalda Eron terma jamoasiga qarshi juda qiziq o‘yin bo‘ladi. Nega zerikamiz? Eron Osiyodagi eng kuchli termalardan biri. Ularga qarshi yana bir bor kuchimizni sinaymiz va oxirgi yillarda O‘zbekiston terma jamoasi ham ancha o‘sdi. Kuchli futbolchilar to‘plangan. Jaloliddin Masharipov ham jarohatidan qutulib tarkibga qaytsa, yanada ajoyib jamoaga aylanamiz. Eron ham aytganimdek, qit’amizni kuchli termalaridan biri. Qaytanga, juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi.
- Shuningdek, sizni kelasi yili Navbahorda ish boshlashingiz haqida ma’lumotlar bor. Shu to‘g‘rimi?
- Har yili meni qaergadir yuborishadi (kuladi). Oldindan biror narsa deyishim qiyin. “Navbahor”ga, “Neftchi”ga, oldingi yili “Bunyodkor”ga...Xullas, jurnalistlarimizga rahmat, meni har qaerga yuborib ko‘rishadi. Lekin ishdan to‘xtamaymiz. Yaxshi jamoa shakllantirishga aqlimiz va kuchimiz etadi. Hozircha aniq takliflar yo‘q. Bu yog‘iga yangi chempionatimiz fevral oyi o‘rtalarida yoki 20-dan keyin boshlanadi, degan gap bor. Qancha tez jamoaga qo‘shilsak shuncha foyda bo‘ladi, degan umiddamiz.

Fikrlar