
Jahon chempionati oldidan "Real"ni jiddiy taqvim kutmoqda
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati sabab bu mavsum klublar, ayniqsa, Chempionlar ligasi ishtirokchilarini qiyin taqvim kutmoqda. EChLda guruh bosqichi sentyabr oyining birinchi haftasida boshlandi va salkam ikki oy davom etadi. Madridning “Real” klubi guruhdagi o‘yinlarini 2 noyabr kuni "Bernabeu"da “Seltik”ga qarshi bahs bilan yakunlaydi.
Oktyabr oyida La Liga etakchisining taqvimi juda qiyin bo‘ladi, Karlo Anchelotti jamoasini 27 kun ichida 9 ta o‘yin kutib turibdi. 2 oktyabr kuni “qaymoqranglilar” o‘z maydonida “Osasuna”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi, keyin yana Madridda Chempionlar ligasi doirasidagi bahsda “Shaxtyor” bilan (5 oktyabr), La Ligada “Xetafe”ga qarshi safarda (8 oktyabr) keyin va yana “Shaxtyor” bilan Varshavada (11 oktyabr) o‘yin o‘tkazadi.
Tig‘iz taqvimdan so‘ng madridliklarda mavsumning ilk "el-klassiko" uchun 4-5 kunlik qisqa tanaffus paydo bo‘ladi. O‘yin 15 oktyabrdan 16 oktyabrga o‘tar kechasi "Bernabeu"da o‘tkaziladi. Bu “qaymoqranglilar” uchun nafaqat “Barsa” bilan printsipial bo‘lgani, balki poytaxt klubining oldingi uchrashuvdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyati (0:4) tufayli ham alohida o‘rin tutadi.
Karlo Anchelotti shogirdlari "el klassiko"dan keyin darhol "Elche" maydoniga tashrif buyurishadi (19 oktyabr) keyin esa o‘z maydonida "Sevilya"ni qabul qilishadi (23 oktyabr). Aytish kerakki, bu madridliklar uchun sobiq bosh murabbiy Xulen Lopetegiga qarshi yana bir muhim o‘yin kutib turibdi. EChL doirasidagi "Leyptsig"ga qarshi bahs 25 oktyabrda bo‘lib o‘tadi, "Jirona" esa "Bernabeu"ga 29 oktyabrdan 30 oktyabrda o‘tar kechasi tashrif buyuradi.
Qatardagi Jahon chempionati oldidan "Real"ni yana uchta o‘yin kutib turibdi: "Seltik"ka qarshi o‘z maydonida (2 noyabr), keyin safarda "Rayo Valekano" bilan o‘yin o‘tkazadi (6 noyabr). Shuningdek, "Kadis" bilan Madridda yana bir muhim bellashuv kutib turibdi (9 noyabr). Shu tariqa, "qirollik klubi" Jahon chempionati oldidan 5 hafta ichida jami 11 o‘yin o‘tkazadi. Madrid grandi La Liga va Chempionlar ligasida yuqori o‘rinlarda qolishi uchun ushbu bahslarda maksimal ochko to‘plashi talab etiladi. Bu esa ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi tayin. Sababi o‘yinchilar qanday holatda safga qaytishini hech kim bilmaydi.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi
Fikrlar