"Jahon chempionati U-20". Qachongacha matematika yoxud endi kamchiliklar haqida gapirmasak bo‘lmaydi!
Biroz avval O‘zbekiston U-20 terma jamoasi o‘z yosh toifasidagi jahon chempionati doirasida Yangi Zelandiya bilan kuch sinashdi. Biz uchun katta ahamiyatga ega bellashuvda termamiz arang durang natijani qo‘lga kiritdi. Vaholanki, mazkur o‘yindan g‘alaba kutilgandi. Xo‘sh, biz mundialda qanday xatolarga yo‘l qo‘yyabmiz? Kamchiliklarimiz nimalardan iborat? Hozir shu haqda gaplashamiz!
Osiyo kubogida natija uchun chidadik, Argentina bilan bahsda o‘yin uchun chidadik, bu safar...
Ayni shu jamoamiz yurtimizda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida emotsiyalarni junbushga keltirib, yakunda qit’a chempioniga aylangandi. Yodingizda, yodimizda turibdi hammasi!
O‘shanda ham bir necha mutaxassislar va jurnalistlar matbuot anjumanida realizatsiya, ya’ni imkoniyatlardan unumli foydalana olmaslik katta muammo ekani haqida juda ko‘p gapirishgandi. Kamchiliklar bartaraf etilishi to‘g‘risidagi javoblarni ham ko‘p va xo‘b eshitgandik. Ammo ko‘rib turibmizki, vaziyat hamon o‘sha-o‘sha. Bu bo‘yicha kimni ayblashni ham tushunib bo‘lmaydi, ochig‘i. Murabbiyni desak, u ham qo‘lidan kelgancha ishlamoqda. Futbolchilarga kelsak, balki ularning eng yuqori darajasi shudir... To‘g‘risi, javob berishga qiyin holat.
Osiyo kubogida qiyin bo‘lsada, g‘alabalar qo‘lga kiritilayotgandi. Shu bois, ko‘pchilik bu kamchilikni ochiqchasiga ko‘tarib chiqmadi. Shunchaki, ichki doirada bu mavzuni bot-bot ko‘tardik, xolos.
Argentina bilan kechgan bellashuvda ham mazmunli o‘yin uchun yana bir bor ko‘z yumildi. Ammo bu safar ham gapirmasak, pley-off chiptasi qo‘ldan ketishiga jimgina qarab turgan bo‘lamiz.
Himoya va hujumni bog‘laydigan yana u-bu kim bormi bizda?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi daqiqalarda markaziy himoyachilarimiz oldinga o‘tish uchun faqat uzun paslarga murojaat etishdi. Bu bog‘lamlar ishlamayotganidan darak beradi. Nafaqat bahs oxirgi daqiqalarida, balki undan ham oldin shu kabi holatlarga ko‘p bora guvoh bo‘ldik.
Faqatgina Umarali markazda to‘p uchun o‘zini taklif etib kelyapti. Qolganlar hujum tashkil qilishda deyarli passiv bo‘lib qolayotgani ayni haqiqat. Qanotlar bizning asosiy qurolimiz ekanini hamma yodlab bo‘ldi. Endi har bir chiziq mukammal harakat qilmasa, raqiblar bizga qarshi qanday o‘ynash kerak ekanini juda tez o‘rganib olishmoqda.
Individual xatolar balosi
Yulduzlik kasali yomon narsa. U insonni shu darajaga olib boradiki, bor iste’dodi ham shu balo bilan tezda yo‘qqa chiqib qoladi. Futbolda ham bu holat takror va takror o‘z isbotini topgan.
Boymurodov asli kibrli yigit emas. Sodda, kamtar va muloyim inson. Uning xatolari yulduzlikdan emas, ko‘proq ruhiyat bilan bog‘liq masala, deb hisoblayman.
Xoldorxonov va Abdurazzoqov haqida nimadir deya olmayman, ochig‘i. Ular ham o‘zidan "zvezda" yasavoladigan futbolchilarga o‘xshamaydi.
Haydarovga Osiyo kubogi vaqtida shu bo‘yicha savol ham bergandik, qizig‘i. Unga mutaxassis "bu borada alohida mutaxassislar ish olib bormoqda va mundialda ham shunday davom etamiz", - deya javob bergandi.
Ko‘rinishidan, "alohida mutaxassislar" kutilganidek ishlashmayapti, shekilli. Psixologlarimizga atalgan joyi bo‘la qolsin shu fikrlar. Ularning qiladigan ishi hozir futbolchilarnikidan aslo kam va ahamiyatsiz emas!
Futbolda o‘zgarishlar nimaga o‘ylab topilgan?
O‘yini chiqmayotgan Po‘latxo‘jani 90 daqiqa maydonda olib qolish... Bilmadim, bizning ko‘zlarimiz bilan qaraganda bu g‘alati bo‘lib ko‘rinadi. To‘g‘ri, rostan Ravshan aka ta’kidlaganidek, Xoldorxonovning funktsiyalari ancha ko‘p bo‘lgani uchun u kech zaxiraga olinar. Ammo o‘ylab qarasak, nahot uning uchrashuvda gol urishdan ham muhimroq vazifalari bor?! Qiziq-a, shunday emasmi?
Yozaman desak, bizda gap tugamaydi. Biroq asalning ham ozi shirin. Biz shu erda tanqidiy-tahliliy maqolamizni tugatishga qaror qildik.
Yigitlarga, murabbiylarga, terma jamoamizning har bir vakiliga so‘nggi so‘z o‘rnida shu fikrni aytishimiz mumkin:
Bu safar sizni o‘z uyingizda bo‘lgani kabi 35 minglab muxlislar bor ovozi bilan qo‘llab-quvvatlay olmaydi. Sizni 35 MILLION yurtdoshingiz qalb ila masofalardan omad yor bo‘lishini tilab turadi. VATAN uchun, XALQ uchun, MILLAT uchun kurashishdan to‘xtamang, yigitlar! Olg‘a, O‘ZBEKISTON!!!
Fikrlar
Сизларни уйинларингизни
Бутун Узбекистон халки кузатаябди,сизлар борган давлатга яъни Аргентинага бориб футбол уйнашни узи бир бахт ва омаддир! Сизлар ўзбеклар деган миллатни бутун дунёга танитаяпсизлар!
Укажонларим! Биламиз балким техник жихатдан,балким жисмоний жихатдан,балким мураббий ОЛИБ бораётган ишларда сизларда камчилик бордир,лекин сизлар узингизни кимлигингни бутун жахонга курсатиб куйинглар!
Майли чимпион булманглар,лекин сизлар мард ўзбегим фарзандларисизлар,футболни ўзбеклар кандай уйнашни курсатиб куйинглар илтимос сизлардан!
Сизларни буюк юрт ватан Ўзбекистон ортингизда турибди,керак булса шу ватан учун жонингизни бериб уйнангизлар!
Биз сизларга ишонамиз,агар хакикий ў збек углонлари булсангиз факат бизни эмас,бутун дўнени койил колдиринглар!
hujum vaqtida raqib darvozasiga yaqin kelganda tuxtalish kup bulmoqda menimcha aynan usha tuxtalishni bartaraf qilishsa bunday chiroylu uyin bilan Jamoamiz albatta G'alaba qozonadi!!