Jahon chempionati U20. Biz oson guruhga tushdikmi?
Xabaringiz bor, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U20 terma jamoamiz Argentina mezbonlik qiladigan Jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etadi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonlik yosh futbolchilar A guruhidan o‘rin egalladi.
Jamoamizga guruhda mezbon Argentina, Yangi Zelandiya va Gvatemala qarshilik ko‘rsatadi. Xo‘sh, raqiblarimiz haqida nimalarni bilamiz? Bugun, o‘zbek xalqining mehrini qozongan yigitlarimizning Janubiy Amerika qit’asida o‘tadigan mundialdagi raqiblari bilan qisqacha tanishamiz.
Raqiblar haqida:
Argentina – Mundialsiz qolgan favorit
Xaver Maskerano boshchiligidagi Argentina Indonezeya mezbonlik qilishi kutilgan JCh saralashida kutilmaganda omadsizlikka uchradi. Saralash o‘yinlarida 5 jamoa mavjud guruhda 4 pog‘ona bilan chegaralangan “Albaseleste” yakunda mundialsiz qolishga mahkum edi, biroq mezbonlik jamoaga ikkinchi hayotni taqdim etdi. JCh yo‘lida Braziliyadan 1:3, Kolumbiyadan 0:1, Paragvaydan 1:2 hisobida engilgan jamoa Peruni minimal hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Shunga qaramay, Indoneziyaning mundialni qabul qilishdan bosh tortgani ular uchun ular yana “o‘yinda”.
Yangi Zelandiya – O‘z mintaqasida tengsiz
Bu jamoa fubolchilari o‘zining jismoniy tayyorgarligi bilan bemalol maqtanishi mumkin. O‘z qit’asi birinchiligi davomida darvozasidan birorta gol o‘tkazib yubormay chempionlikni tantana qilgan Yangi Zelandiya mundialda ham shov-shuv ko‘tarishi mumkinligi haqida xorij nashrlari bot-bot yozishmoqda. Katta ehtimol, aynan ular O‘zbekiston terma jamoasining pley-off yo‘llanmasi uchun asosiy raqibiga aylanadi.
Gvatemala – Shimolning 3 jamoasi
E’tiborlisi shundaki, Gvatemal Shimoliy Amerikada o‘tkazilgan U20 chempionatining haqiqiy mo‘jizasiga aylangan terma sifatida Mundialga tashrif buyurmoqda. Chorak final bahsida chempionlikka asosiy da’vogar sanalgan – Meksikani penaltilar seriyasida musobaqadan chiqarib yuborgan Rafa Loredu shogirdlari yarim finalda Dominikanlik tengqurlariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shunga qaramay, Argentinaga chipta olish huquqi ularda bor.
Guruh o‘yinlari qaysi sanalarda bo‘lib o‘tadi?
Birinchi tur:
20 may.
Argentina – O‘zbekiston
Gvatemala – Yangi Zelandiya
23 may.
Argentina – Gvatemala
Yangi Zelandiya – O‘zbekiston
26 may.
Yangi Zelandiya – Argentina
O‘zbekiston – Gvatemala
Oson guruhga tushdikmi?
Darhaqiqat, qur’a biz uchun omadli keldi. Agar savatchalardagi jamoalarning nomlariga e’tibor bersak, buni tan olmaslikning imkoni yo‘q. Masalan, ikkinchi savatchada bizni kvartetdan o‘rin egallagan Yangi Zelandiya o‘rnida : Braziliya, Ekvador, Angliya yoki Kolumbiya bo‘lishi mumkin edi. Boz ustiga, futbol uslubi va jismoniy holati borasida biz uchun noqulay bo‘lgan Afrika qit’asi vakillari bilan guruh bosqichida to‘qnash kelmaymiz.
Raqiblarimizning o‘yin uslubi, tanlagan strategiyasi Haydarovning ikkinchi raqamda harakatlanuvchi agressiv qarshi hujumi uchun ayni muddao. Maydon egallari bir qarashda qo‘rqinchli ko‘ringani bilan, saralash o‘yinlarida juda bo‘sh harakat qildi. Nimadir o‘zgartirish uchun esa, vaqt ularda juda oz.
Shu bois, Argentina ko‘ringanidek yaqqol favorit emas. Vaholanki, birinchi savatchada Italiya, Frantsiya, Senegal, Urugvay singari kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olishimiz ham mumkin edi. Bu yoshda aynan shu termalar jahon chempionligi uchun asosiy da’vogar sanaladi. O‘ylashimcha, qur’a har tomondan bizni yigitlarga qo‘l keldi.
Musobaqa reglamenti qanday?
6 guruhga 4 jamoadan bo‘lingan xolda 24 ta terma mundial oltin medallari uchun kurashga qo‘shiladi. Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan termalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCh yo‘llanmasiga ega chiqsa, 6 guruhdagi eng yaxshi 4 ta uchinchi o‘rin egasi ham pley-off da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Bir qarashda keyingi bosqichga chiqish osondek ko‘rinishi mumkin, ammo 3-o‘rin bilan chiqqan termalarni guruhida g‘olib bo‘lgan kuchli raqiblar kutib oladi.
Raqiblarning o‘yin uslubi, imkoniyatlari, asosiy futbolchilari va boshqa ko‘plab muhim ma’lumotlarni taqdim etishni boshlaymiz. SPORTS.uz saytini kuzatishda davom eting.
Ya . U
Fikrlar