
"Jangchi" Daniya, mezbon Angliya, kuchli Italiya va noodatiy Ispaniya! Turnir g‘olibligi kimga nasib etadi?
SPORTS.uz Evropa chempionatining yarim final ishtirokchilari haqida fikr yuritadi.
Ispaniya
Chempionlikka yordam beradi: Yarim himoyada to‘p uchun kurashdagi faol futbolchilar mavjud. Hujum chizig‘ida rang-baranglikni ta’minlashga qodir ijrochilar bor. Ispaniya tempni oshirsa, himoyalanish qiyin. Luis Enrike shogirdlari butun jamoa bo‘lib oldinga o‘tadi. Natijada, himoyalanayotganlar katta kuch bilan bir necha daqiqa sarflashga majbur. Hozirda, ispanlar hisobida 12 gol bor. Bu Evropa chempionatidagi eng yaxshi natija bo‘lib turibdi. Qo‘ldan ketgan vaziyatlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Amalga oshirilmagan ikki penalti esa jamoaning oldingi chiziqda qanchalar faol ekanligidan dalolat.
Chempionlikka yo‘l qo‘ymaydi: Kamchiliklar borasida ham uzoq so‘zlash mumkin. 5 uchrashuv davomida ular atigi bir bor (90 daqiqa ichida) g‘alaba qozongan xolos. Slovakiya bilan o‘yinni inobatga olmasa, qolgan uchrashuvlarning 90 daqiqasida tomonlar durangga imzo chekdi. Pozitsion hujumlar borasida ispanlar kuchli, lekin tempni o‘zgartirish ularning qo‘lidan kelmaydi. To‘p nazoratini passiv tarzda ushlab turish doimo qarshi hujum xavfini uyg‘otadi. Xorvatiya va Shveytsariya bilan o‘yinlarni inobatga olsak, qur’a ham ularni ancha "erkaladi". Italiya jamoaning to‘liq imkoniyatlarini ochib beradi.
Italiya
Chempionlikka yordam beradi: Italiyaning hech bir futbolchisini alohida e’tirof etishning imkoni yo‘q. Manchini shogirdlari yaxlit mexanizm sifatida harakat qilmoqda. Har bir chiziq o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqlagan xolda, jamoa kuchiga kuch qo‘shmoqda. Jamoa himoyadan to‘p surishni bas qilgani, futbolchilarga erkinlik taqdim etyapti. Katta ehtimol bilan, Italiya yarim finaldagi eng kuchli terma jamoa. Deyarli birorta ko‘zga tashlangan ojiz nuqtaga ega emas. Kuchli xarakter, ajoyib atmosfera va g‘alabaga chanqoqlik yakunda sovrinni ilib ketish uchun imkon taqdim etishi aniq.
Chempionlikka yo‘l qo‘ymaydi:Leonardo Spinatstsolaning yo‘qligi jamoaviy o‘yinga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Belgiya bilan o‘yinda og‘ir jarohat olgan himoyachi Manchinining o‘yin strategiyasidagi asosiy "qurollar"dan biri edi. O‘ng oyoqda to‘p suruvchi chap qanot himoyachisi o‘rnini Emerson egallashi deyarli imkonsiz. Shuningdek, Chiro Immobilening to‘psiz harakatda biroz oqsayotganini ham e’tirof etish mumkin. Yoshi katta markaziy himoyachilarda tezlik muammosi ham bor.
Daniya
Chempionlikka yordam beradi: Daniya musobaqani o‘zgacha boshladi. Avvaliga Finlyandiyaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, keyin Belgiyaga taslim bo‘ldi. Qolgan yarim final ishtirokchilaridan farqli o‘laroq, so‘nggi 3 o‘yinda Daniya g‘alaba qozondi. Bugungi Daniya terma jamoasining asosiy quroli - Shmeyxel! "Lester" posboni barcha o‘yinlarda super seyvlarni amalga oshirdi. Hatto, Rossiya bilan o‘yinda ham o‘z mahoratini ishga solganini ko‘rdik. Bundan tashqari, Kasper Xyulmand shogirdlari ancha uyushqoq jamoani xosil qilmoqda. Ularning deyarli barchasi kuchli chempionatlarda to‘p suradi. Deyarli 70 foiz futbolchi o‘z klubining asosiy ijrochilaridan biri. Bu o‘z-o‘zidan Daniya terma jamoasining o‘yin sifati yangi darajaga ko‘tarilganidan dalolat.
Chempionlikka yo‘l qo‘ymaydi: Guruh bosqichidagi ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, aksariyat muxlislar Daniyani ro‘yxatdan o‘chirib yubordi. Yarim finalga tashrif buyurgach, barcha jamoaning imkoniyatlariga keragidan ortiq baho berishni boshladi. Aynan shu omil Angliya bilan o‘yinda ko‘zga tashlanib qolishi mumkin. Uels va Chexiyani enggan holda yarim finalga tashrif buyurgan Daniya hali top darajadagi raqibga qarshi to‘p surgani yo‘q. Guruhda Belgiya ulardan bir bosh baland ekanligini ko‘rsatdi. Balki, Angliya bilan o‘yinda ham shu omil ko‘zga tashlanar. Nima bo‘lgan taqdirda ham Angliya, Italiya va Ispaniya uchligi orasida Daniya ancha kamtarin jamoa.
Angliya
Chempionlikka yo‘l qo‘ymaydi: Bor e’tibori tablodagi natijaga qaratilgan, yaxshi shakllangan yulduzlar jamoasi. Natija uchun to‘p surgani sababli Pikford darajasidagi kiper bilan ham inglizlar hali o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqani yo‘q. Sautgeyt bor e’tiborini orqa chiziqlardagi bexato o‘yinga qaratmoqda. To‘g‘rida, agar to‘p o‘tkazib yubormasang, oldinda Keyn, Sterling, Foden, Sancho, Reshford, Grilish singari yulduzlar nimadir o‘ylab topishi aniq. Muhim o‘yinlarda raqib rejasini barbod qilish katta naf bermoqda. Oldingi chiziqdagi kreativ yigitlar kerakli pallada gol kiritishni uddalamoqda. Boz ustiga, endi yarim final va final bahslari "Uembli"da bo‘lib o‘tadi. Bu Angliya musobaqa mezboni degani!
Chempionlikka yo‘l qo‘ymaydi:Afsuski so‘ngi 30 yil ichida Angliya terma jamoasi hech qanday katta sovrinni qo‘lga kiritmadi. Hozir esa, pressa ularni allaqachon "ko‘klarga" ko‘tarishni boshlab yuborgan. Katta ehtimol bilan, Daniya bilan bahs oldidan ularda xotirjamlik yuzaga kelishi aniq. O‘z kuchiga ortiqcha baho berib yuborish hech kimga naf keltirmagan. So‘nggi 30 yillikdagi eng kuchli inglizlar termasi o‘z uyida ko‘z yosh to‘kib qolmasligi uchun Daniya bilan bahsda 100 foiz kontsentratsiya bilan to‘p surishi shart.
Ya . U
Fikrlar