
Jasur Hasanov bilan Ilhom Mo‘minjonov o‘rtasida qanday ziddiyat yuz berdi? Jamoaga hech kim ishonmaganmidi? Futbolchi vaziyatga oydinlik kiritdi
Samarqandning “Dinamo” klubi “Neftchi”dan keyin ikkinchi bo‘lib, muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor.
Farg‘onada “Neftchi” hamda “Dinamo” klublari o‘rtasidagi o‘yin ham ancha qiziqarli tarzda kechdi. O‘sha uchrashuvdan keyin “Dinamo” klubining etakchilaridan biri Jasur Hasanov Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Jasur, “Dinamo” Farg‘onaga kelganida hali Superliga ishtirokchisi emasdi, ammo “Neftchi”ga yutqazganiga qaramasdan, Superliganing yangi a’zosi sifatida Farg‘onadan ketdi. O‘yindan oldin jamoa uchun kutilmagan holat bo‘ldimi?
- Farg‘onaga kelganimizdan keyin “Olimpik” va “Nurafshon” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rdik. Ungacha biz oldimizga qo‘yilgan vazifani 99 foizga bajarib bo‘lgandik. “Olimpik” yutganidan keyin jamoamizning Superligaga chiqqani 100 foizga aniq bo‘ldi. Bundan butun jamoa xursand. Baribir “Neftchi” bilan uchrashuv muhim edi. Chunki ikkala jamoa 1-o‘rin uchun kurashayotgandi. Ammo hisob 2:1 bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lsa ham biz yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Faqat darvozamizga belgilangan ikkinchi penalti yo‘q edi. Hakam mezbonlarga yon bosdi, deb o‘ylayman. 50x50 vaziyatlarda ularning foydasiga qarorlar chiqardi. Bundan avval, Farg‘onaga kelib, 6:0 hisobida yutqazgandik. O‘sha mag‘lubiyat tasodifligini isbotlashga harakat qildik. O‘yinni hamma ko‘rdi.
- “Olimpik” – “Nurafshon” o‘yinidagi natijadan keyin “Dinamo”ni rasman Superliga ishtirokchisiga aylangani “Neftchi”ga qarshi uchrashuv oldidan sizlarning ruhiy tayyorgarligingizga ta’sir ko‘rsatdimi?
- Yo‘q, aksincha. Birinchi o‘rin uchun bizda ham imkoniyat borligi uchun yanada yaxshiroq o‘ynashga harakat qildik. Agar “Neftchi”ni yutganimizda birinchi o‘rin uchun bizda ham imkoniyat saqlanib qolardi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, yaxshi o‘yin bo‘ldi.
- “Neftchi”ga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqalarida bahsli vaziyat kuzatildi. Farg‘onaliklar ustozi bilan o‘rtangizda nima bo‘ldi?
- Autga to‘pni olish uchun borayotganimda murabbiy to‘pni tepib yubordi. Shu payt unga nima uchun tepib yuboryapsiz, desam u meni haqorat qildi. Men faqat to‘pni olish uchun borgandim. O‘yin chog‘ida hamma asabiylashadi. Bunday paytda asablarni jilovlash qiyin bo‘lib qoladi. Hissiyotlar junbushga keladi. Lekin uchrashuvdan keyin hammasi joyida.
- “Dinamo” vazifani bajargan bo‘lsa ham mavsum davomida turli qiyinchiliklarga duch keldi. “Nurafshon”ning ochko yo‘qotishlari “Dinamo”ga qo‘l keldi, deyish mumkinmi?
- Yil boshida hech kim bizdan bu natijani kutmagandi. Tarkibni yaxshi yig‘a olishmadi, degan gaplar bo‘lgandi. Biroq bizda ahil jamoa tuzilgandi, hammasi yaxshi va mehnatkash o‘yinchilar edi. Katta nomlar bo‘lmasa ham uyushqoq jamoaga ega bo‘lgandik. Rahbariyat, murabbiylar va biz futbolchilar barchamiz kelishib ishladik. Xudo ham yo‘limizni ochdi. Tarkibimizdagi yoshlar ham, yoshi kattalar ham bir-biri bilan iliq munosabatda bo‘ldi. Masalan, doim yoshlar kattalarning gapiga quloq soladi. Jamoamizda guruhbozlik yo‘q. Kimdir zaxirada qolsa ham xafa bo‘lmasdi. Qaytanga, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar g‘alaba gollarini urgan paytlari bo‘ldi. To‘g‘ri, qiyinchiliklar yuz berdi, yutqazgan paytlarimizda muxlislarning tanqidlari ham kuzatildi. Faqatgina jamoamizning ahilligi evaziga qiyin vaziyatlardan chiqib keta oldik.
- “Dinamo” tarkibiga mavsum boshida buxoroliklardan ko‘chib o‘tgansiz. Sobiq klubingizni ham diqqat bilan kuzatdingizmi? “Nurafshon”ning qolib ketganiga qanday munosabatdasiz?
- Bilmadim, “Nurafshon” haqida gapira olmayman. U erda yo‘q edim, nima bo‘lgani menga qorong‘u. Bu jamoada 3-4 ta murabbiy almashdi. Sabab shu bo‘lsa kerak. Masalan, yil boshida rahbariyat va murabbiylar boshqa edi. Ikki-uch oy o‘tib yana rahbariyat bilan murabbiylar almashdi. Mening butun e’tiborim “Dinamo” bilan bog‘liq edi. Chunki oldimizga aniq maqsad qo‘yilgandi. Ikkita o‘yin biz uchun ko‘p narsani hal qildi. G‘ijduvonda “Nurafshon”ni yutdik va o‘z maydonimizda “Olimpik”ni 5:1 hisobida mag‘lub etdik. Ushbu g‘alabalarimiz Superligaga chiqishimizda katta ahamiyat kasb etdi.
- Futbolimizda ikkita Jasur Hasanov bor. O‘z vaqtida birga ham o‘ynagansizlar. Ikkingizni hech adashtirib yuborishgan paytlari ham bo‘lganmi?
- Ha, bo‘lib turadi. Meni jizzaxlik Jasur Hasanov deb o‘ylashgan va keyin siz kichigimisiz deyishadi. Jasur akani kattasi deb atashadi.
- Bosh murabbiy Hakim Fuzaylov borasida nima degan bo‘lardingiz?
- 2013 yili bu murabbiy “Lokomotiv”ni boshqarganida birga ishlaganmiz. Yaxshi inson, odamgarchiligi bor. “Dinamo” jamoasiga katta yordami tegdi. Qo‘l ostidagi futbolchilar bilan munosabati zo‘r. “Dinamo” bir-ikki yildan beri Superligaga chiqa olmayotgandi. Murabbiylar almashinuvlari ham bo‘ldi. O‘tgan yili ham Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Boshqa murabbiylar bu ishni eplay olmadilar. Hakim Fuzaylov kelib tarkib yig‘di va maqsadga erishdi. Rahbariyat oldida uning yuzi yorug‘ bo‘ldi. Hakim Qayumovich tarkibni to‘g‘ri yig‘a oldi, deb o‘ylayman. Bu murabbiyning yutug‘i bo‘ldi. Katta nomlar bo‘lmasa-da, iqtidorli yoshlarni tarbiyaladi.
Fikrlar