Jasur xorijdan taklif oldi!
Iste’dodli yosh futbolchimiz Jasur Jaloliddinovni “Bunyodkor”dan Moskvaning “Lokomotiv” jamoasiga transfer qilinishida asosiy vazifani bajargan Yuriy Belous hamyurtimizning kelajagiga oid ma’lumotlarni berdi.
Ma’lumki, “temiryo‘lchilar” bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan Jasurga poytaxt klubining murabbiylar shtabi birorta uchrashuvda o‘zini ko‘rsatish uchun imkon bermadi. Oktyabr oyining o‘rtalarida “Tambov” klubiga ijaraga berilgan futbolchimiz Rossiya premer-ligasida hali ham debyutini nishonlagani yo‘q.

Kuni kecha, tambovliklarning “Spartak”ga qarshi uchrashuvida o‘zbekistonlik legioner o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi. Bu holat jurnalistlarning e’tiborini tortdi. Chunki, “Tambov”ning etakchi futbolchilarini mazkur uchrashuvni boykot qilgani bois, jamoa murabbiylari asosan zaxiradagi o‘yinchilardan foydalandi. Muxlislar aynan ushbu uchrashuvda Jasur Jaloliddinovning debyutini ko‘rishga umid qilgandi.
Jurnalistlar Jasur Jaloliddinovning manfaatlarini himoya qilayotgan Yuriy Belousdan vaziyatga oydinlik kiritishni so‘radi.
- Jasur Jaloliddinov ikki haftadan beri o‘z yurtida. Shu sababli, u “Spartak” bilan bo‘lgan o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Ketmaganida shu uchrashuvda o‘ynashi aniq edi, - dedi Belous.
- “Tambov”ning moliyaviy muammolari Jasurga ta’sir qilmayaptimi?
- Yo‘q, umuman ta’sir qilmadi.
- “Lokomotiv” hamma xarajatlarni o‘z vaqtida to‘layaptimi?
- “Lokomotiv” yuqori darajadagi klub, bu borada biror muammo yo‘q. Ular Jasur timsolida yaxshi sarmoyaga ega bo‘ldi. Ular to‘g‘ri yo‘l tutganiga shubham yo‘q. Keyinroq vaziyat yanada oydinlashadi.
- Jaloliddinov qishda “Lokomotiv”ga qaytishi mumkinmi? “Tambov” hozir moliyaviy inqirozga yuz tutgan-ku.
- Bu savol “Lokomotiv” rahbariyatiga berilishi kerak. Bizda boshqa variantlar ham bor. Jasurni olishni istagan klublar chiqyapti.
- Qanday variantlar bor?
- Odatda ko‘ra, bunaqa mavzularda maqsadlar oldindan oshkor qilinmaydi. Hozircha, aniq ma’lumotlarni aytishga hali erta.
- Takliflar xorijdanmi yoki Rossiya premer-ligasi jamoalaridanmi?
- Rossiya klublaridan ham, chet eldan ham aniq taklif bor. Bu futbolchi – Osiyoning eng zo‘r iqtidorlaridan, transfer bozorida unga talab katta.
- Hozir uni Rossiyaga olib kelganingizdan afsuslanmayapsizmi? Balki boshqa mamlakat chempionatlarida, o‘zgacha sharoitlarda, maydonga tushish imkoni ko‘proq bo‘larmidi?
- Yashayveraylikchi, ko‘ramiz. Jasur yosh yigit, uning yorqin faoliyati hali oldinda.

Jasur Jaloliddinov avgust oyida Rossiyaga ketganidan beri faqat bir marta maydonga tushdi. “Tambov” klubi futbolchimizni Rossiya kubogi doirasida 21 okbyar kuni “Dinamo-Bryansk” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda 44 daqiqa o‘ynatdi. “Tambov” o‘zbekistonlik legionerni mavsum oxirigacha ijaraga olgan. Biroq, Tambov viloyati ma’muriyati klubni moliyaviy ta’minlashdan to‘xtatgani bois, jamoada iqtisodiy inqiroz kuchayib bormoqda. “Tambov” qishki tanaffusdan keyin premer-liga bahslaridan chiqib ketishi mumkin.
Fikrlar
шу Белоус