Javohir Sindarov Oʻzbekiston — AQSh uchrashuvida Xikaru Nakamurani magʻlub etdi

  • 28.07.2026 08:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Shaxmat
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘zbekiston terma jamoasi Mayami shahrida o‘tayotgan WR Chess Rapid & Blitz musobaqasidagi jamoaviy bahsning ilk kunidan so‘ng AQSh terma jamoasidan orqada qolmoqda.

Birinchi kun dasturidan jami to‘rtta jamoaviy rapid uchrashuvi o‘tkazildi. AQSh shaxmatchilari ikki bahsda g‘alaba qozondi, bitta uchrashuvda O‘zbekiston ustun keldi, yana biri durang bilan yakunlandi.

Shu tariqa, jamoaviy ochkolar bo‘yicha amerikaliklar 5:3 hisobida oldinda bormoqda, alohida doskalarda to‘plangan ochkolar nisbati esa 8,5:7,5 foydasiga AQSh jamoasi tomonida.

O‘zbekiston terma jamoasining eng faol shaxmatchilaridan biri sifatida Javohir Sindarov alohida ta’kidlanmoqda. U musobaqani Fabiano Karuanaga qarshi durang bilan boshladi, shundan so‘ng Hikaru Nakamurani mag‘lub etdi, Levon Aroniyanga yutqazdi va Lenyer Dominges ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Jami hisobda Sindarov to‘rt uchrashuvdan 2,5 ochko jamg‘ardi.

Terma jamoa tarkibida eng yuqori shaxsiy natijaga Nodirbek Abdusattorov erishdi — u to‘rt partiyadan uch ochko to‘pladi. Abdusattorov Nakamura va Karuanaga qarshi durang o‘ynadi, Dominges hamda Uesli So ustidan esa g‘alaba qozondi.

Rapid bo‘yicha jamoaviy raundlar natijalari: 

Birinchi raund: AQSh — O‘zbekiston — 2,5:1,5. 

Ikkinchi raund: AQSh — O‘zbekiston — 2:2. 

Uchinchi raund: AQSh — O‘zbekiston — 2,5:1,5. 

To‘rtinchi raund: AQSh — O‘zbekiston — 1,5:2,5.

Musobaqaning ikkinchi kunida jamoalar blits yo‘nalishida sakkizta uchrashuv o‘tkazadi. Har bir jamoaviy raund g‘olibi ikki ochkodan qo‘lga kiritadi, durang qayd etilgan taqdirda raqiblarga bitta dan ochko beriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!