Asosiy mazmunga oʻtish

Shaxmat

Javohir Sindorov uch kunda 168 ming dollar yutib oldi

Zohir Toshxo'jayev
Izohlar: 0

Superturindа ungа teng kelаdigаni topilmаdi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQShning Sent-Luis shahrida o‘tkazilgan nufuzli Clutch Chess Champions Showdown 2026 turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda musobaqa matbuot xizmati.

20 yoshli mahoratli shaxmatchi ushbu muvaffaqiyati uchun umumiy hisobda 168 ming dollar mukofot pullari (bonuslar bilan birga) ishlab oldi.

Sindorov yakuniy jadvalda dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini ortda qoldirdi. Ikkinchi o‘rinni Hindiston vakili Praggnanandha Rameshbabu egallab, 109 ming dollar yutdi. Uchinchi pog‘onaga AQSh terma jamoasi yetakchilaridan biri, taniqli grossmeyster Fabiano Karuana joylashdi — uning ulushiga 81 ming dollar to‘g‘ri keldi. To‘rtinchi o‘rinni yana bir amerikalik shaxmatchi Hikaru Nakamura egallab, 67 ming dollar mukofotga sazovor bo‘ldi.

Clutch Chess Champions Showdown 2026 — bu tijorat asosida o‘tkaziladigan tezkor shaxmat (rapid) turniri. Musobaqa 27–29 oktyabr kunlari Sent-Luisda bo‘lib o‘tdi. Unda jami to‘rt nafar elita grossmeyster ishtirok etdi va ular bir-biriga qarshi uchta ikki davrali mini-turnir o‘ynashdi — har bir ishtirokchi jami 18 ta partiya o‘tkazdi.

Turnirning eng muhim jihati — o‘ziga xos baholash va mukofotlash tizimi. Har kuni g‘alaba qiymati ortib bordi: birinchi kuni yutish 1 ochko, ikkinchi kuni 2 ochko, final kuni esa 3 ochkodan baholandi. Nichya bilan tugagan o‘yinlar uchun ajratilgan pullar esa alohida “chempionlik jekpoti”ga to‘planib bordi. Musobaqa yakunida ushbu jamg‘arma to‘liq holda turnir g‘olibi — Javohir Sindorovga nasib etdi.

Yil oxirida esa Javohir Sindarovni shaxmat karerasidagi eng muhim sinov kutmoqda – u amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga (Hindiston) qarshi jahon chempioni unvoni uchun bahs olib boradi. Chempionlik uchun asosiy to‘qnashuv 25 noyabrdan 15 dekabrga qadar Jeneva (Shveytsariya) shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Raqiblar 14 ta klassik partiyada kuch sinashadi.

Qiziqi shundaki, match boshlanish paytida har ikki grossmeyster ham 20 yoshda bo‘ladi. Shu bois Sindorov – Gukesh dueli tarixdagi eng yosh jahon chempionlik bahsi sifatida qayd etilishi kutilmoqda.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Facebook'dagi sahifasiga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q