Jervonta Devis yana zo‘ravonlikda ayblandi!

  • 01.11.2025 09:56
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks

30 yoshli engil vazn toifasidagi WBA Super chempioni, amerikalik bokschi Jervonta “Tank” Devis yana zo‘ravonlik ayblovlariga duch keldi. Bu haqda "Baller Alert" manbasi Mayami-Deyd okrugi fuqarolik sudiga tayangan holda xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Devisning sobiq sevgilisi Kortni Rossel unga qarshi sudga da’vo arizasi kiritgan. U bokschini urib-so‘kish va odam o‘g‘irlashda ayblayapti.

Ish materiallariga ko‘ra, 2025 yilning 27 oktyabr kuni ertalab Devis Mayamidagi "Tootsies" nomli klubga kirib kelgan va u erda VIP-zalda ofitsiant bo‘lib ishlayotgan Rosselga hujum qilgan. Guvohlar va jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Devis uni bo‘g‘gan, klub bo‘ylab tortib chiqargan va mashina to‘xtash joyida boshiga zarbalar bergan.

Kortnining ta’kidlashicha, ular taxminan besh oy davomida yashirin munosabatda bo‘lishgan, ammo bu munosabatlar “juda nosog‘lom” bo‘lgan — Jervonta uni haqorat qilib, hatto o‘ldirish bilan qo‘rqitgan.

Ayni vaqtda jabrlanuvchi posttravmatik stress, xavotir va qo‘rquv bilan kurashmoqda, psixoterapiya olyapti va o‘zini xavfsiz his qilmagani uchun boshqalar bilan yashamoqda.

Qiz tomonining advokatlari Devisdan moddiy tovon va jarimalar talab qilyapti. Ular bokschining xatti-harakatini “qasddan qilingan” deb baholagan.

Shuningdek, himoyachilar Devisga qarshi avvalgi ayblovlarni ham esga olgan — u 2020, 2022 va 2025 yil iyul oylarida ham zo‘ravonlik ishi bo‘yicha tergovga tortilgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!