“Kalyari”da katta o‘zgarishlar kutilmoqda: Klub Shomurodovdan voz kechyaptimi?
Italiya A Seriyasining teng yarmi ortda qoldi. Liga debyutanti “Kalyari” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Biroq sardiniyaliklarga bu vazifani bajarish og‘irlik qilyapti.
“Kalyari” chempionatning birinchi yarmi yakunlagan bir pallada hali xavfli hududdan uzoqlasha olgani yo‘q. Jamoaning vaziyati juda qaltis.
Tajribali va taniqli bosh murabbiy Klaudio Raneri ijobiy ko‘rsatkichlarni barqaror tarzda qayd etadigan tarkib shakllantira olgani yo‘q. Ayniqsa, italiyalik mutaxassisning hujum chizig‘i borasidagi tanlovlari o‘zini oqlagani yo‘q.
Raneri rejasiga ko‘ra, ko‘pni ko‘rgan hujumchilar – Eldor Shomurodov va Andrea Petanya “Kalyari”ning asosiy quroliga aylanishi lozim. Klub har ikki forvardni keyinchalik sotib olish huquqi bilan “Rooma” va “Montsa”dan ijaraga olgandi.
Klubning umidlari shu darajada katta ediki, Eldorga ham, Andreaga ham qolganlardan sezilarli darajada ko‘proq maosh tayinlandi.
Aksiga olib, ba’zi uchrashuvlardagina faollik ko‘rsatgan Shomurodov va Petanya Raneri kutgan “qurol” bo‘la olmadi. Andrea chempionatning 13 ta bahsida, Eldor 11 ta o‘yinida maydonga tushib ham raqib darvozasiga yo‘l topa olgani yo‘q.
Raneri shogirdlari 19 ta bahsda atigi 17 ta gol urgani hujum chizig‘ida muammo borligini ko‘rsatmoqda. Bu gollardan sakkiztasi forvardlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hozir “Kalyari” hujumida qiziq holat ko‘zga tashlanmoqda. Asosiy hujumchilarga aylanishi kutilgan Shomurodov va Petanyaning golsiz seriyasi davom etyapti. Gol urgan hujumchilardan Leonardo Pavoletti va Janluka Lapadula yoshi o‘tib qolgan o‘yinchilar, ular ko‘p shikaslanadi va ko‘pincha jamoaga yordam bera olmaydi.
Yana bir gol urishni biladigan hujumchi Zito Luvumbo Afrika Millatlar ligasida qatnashish uchun Angola terma jamoasiga jo‘nab ketdi. Qolversa, afrikalik forvardga A Seriyaning katta klublaridan chorlov bo‘lyapti.
Klub prezidenti Tommazo Jiulini Luvumboni 15-18 million evro evaziga “Napoli”ga sotib yuborishga tayyor.
Italiya futbolini yoritayotgan calciomercato.com sayti jurnalisti Antonio Sinus jamoada ro‘y berishi kutilayotgan boshqa o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berdi.
- “Kalyari” Gaston Pereyro va Elio Kapradossi bilan xayrlashishi aniq bo‘ldi. Shuningdek, Andrea Petanya so‘nggi uchrashuvlarni faol o‘tkazganiga qaramay, uning ham jamoadagi kelajagi qil ustida turibdi.
Sardiniyani Eldor Shomurodov ham tark etishi mumkin. “Kalyari” rahbariyati “Roma” bilan Shomurodov bo‘yicha ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish borasida bosh qotirmoqda, - deb yozdi Antonio Sinus.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Kalyari” hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun yangi o‘yinchilarni kuzatuvga olgan. Klaudio Ranerining o‘zi yangi ijrochilarni transfer qilishdan oldin, tarkibdagi futbolchilardan ayrimlari bilan xayrlashish keraligini ta’kidladi.
Shunday qilib, og‘ir jarohati tufayli O‘zbekiston milliy terma jamoasiga Osiyo chempionatida yordam bera olmayotgan Eldor Shomurodov klubdagi ishlarini ham tartibga solib olishi talab etiladi.
Fikrlar