
Kambek qilishni o‘rgangan PSJ, yarim finaldagi debyutant, rok n-rollga qiyoslangan "Barselona" - "Bavariya" o‘yini va xalqaro musobaqalarga "tishi o‘tmayotgan" Gvardiola - EChL chorak final o‘yinlari haqida
12-15 avgust kunlari Lissabonda musobaqaning 1/4 final bahslari bo‘lib o‘tdi. Bitta o‘yindan iborat bellashuvlarda kutilmagan natijalar qayd etildi. Quyida ushbu uchrashuvlarga to‘xtalamiz.
PSJ ham kambek qila oladi
“Atalanta” – PSJ uchrashuvida italiyaliklar yomon o‘yin namoyish etishmadi. Mario Pashalich 27-daqiqada hisobni ochdi. Uning goli 89-daqiqagacha jamoasiga g‘alaba keltirayotgandi. Biroq parijliklar oxirgi daqiqa va qo‘shimcha vaqtlarda ikki bor darvozani ishg‘ol etishdi va yarim finalga yo‘l olishdi.
PSJ ushbu musobaqada bir necha yillardan beri kambeklar qurboni bo‘layotgandi. Mana endi jamoa tajriba to‘pladi va o‘zi ham iroda namoyish etishni boshladi.
Parij klubi so‘nggi bor 1994/95 yilgi mavsumda yarim finalga chiqqan va o‘shanda “Milan”ga (0:1, 0:2) imkoniyatni boy bergandi. Shu tariqa, PSJ 25 yil deganda yana yarim finalda o‘ynaydigan bo‘ldi. Qayd etish joiz, 12 avgustda PSJ klubining tashkil etilganiga 50 yil to‘ldi.
Parijliklar EChL doirasida ketma-ket 33 o‘yindan beri gol urib kelmoqda. Klub oxirgi marta 2016 yil aprelida “Manchester Siti”ga qarshi chorak finalning javob o‘yinida (0:1) darvozani ishg‘ol etolmagandi.
Musobaqa rekordi esa “Real”ga tegishli. Madrid klubi 2011 yil mayidan 2014 yil apreliga qadar ketma-ket 34 uchrashuvda gol urgan.
Italiya klublari Chempionlar Ligasi bosh sovrinini ketma-ket 10 yildan beri qo‘lga kirita olmayapti. So‘nggi bor A Ceriya jamoalaridan “Inter” 2009/10 yilgi mavsumda EChLda g‘olib bo‘lgandi. Bundan uzunroq ceriya esa 16 yilni tashkil etadi. 1968/69 yilgi mavsum “Milan” bosh sovringa ega chiqqan. Oradan 16 yil o‘tib, 1984/85 yilgi mavsumda esa “Yuventus” musobaqa g‘olibiga aylangan.
Debyutant yarim finalda
«Leyptsig» Ispaniyaning «Atletiko» jamoasini musobaqadan chiqarib yubordi. Avvaliga nemis klubi 50-daqiqada Dani Olmoning goli evaziga hisobni ochgandi. 71-daqiqada Joao Felish penaltidan hisobni tenglashtirdi. 88-daqiqada esa Taylor Adamsning goli «Leyptsig»ga g‘alaba keltirdi.
Musobaqaning amaldagi g‘olibi «Liverpul»ni oldingi bosqichda ortda qoldir «Atletiko» chorak finalda to‘xtadi. “Matraschilar” qatorasiga 3 mavsumdan buyon yarim finalga chiqa olmayapti. 2018/19 yilgi mavsumda Diego Simeone shogirdlarini 1/8 finalda "Yuventus” (2:0, 0:3) dog‘da qoldirib ketgan bo‘lsa, 2017/18 yilgi mavsumda esa ular hatto guruhdan ham chiqa olmagan edi. La Liga klublari 13 yilda ilk bor yarim finalda ishtirok etmaydigan bo‘ldi.
“Leyptsig” o‘z tarixida ilk bor EChL yarim finali yo‘llanmasiga ega chiqdi. Klubga 2009 yilda asos solingan. Jamoa faqat 2019/20 yilgi mavsumga kelib EChLda debyut qildi.
Jamoa guruh bosqichida “Zenit”, “Lion” va “Benfika” bilan kurash olib bordi. Pley-offga guruh bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan holda chiqdi. 1/8 finalda esa Joze Mourino qo‘l ostidagi “Tottenxem”ni (3:0, 1:0) taslim qildi.
Nemis klubi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan eng yosh murabbiyga aylandi.
Rok n-roll
“Barselona” – “Bavariya” uchrashuvi rok n-rollga qiyoslanmoqda. Avvallari kataloniyaliklar raqiblarini shunday mag‘lub etardi. Hozir esa jamoaning o‘zi shu ahvolga tushib qoldi. “Barselona”da inqiroz davri. Bundan myunxenliklar foydalanishdi.
«Barselona»ni 8:2 hisobida enggan «Bavariya» yarimfinalga chiqdi. Birinchi bo‘lim to‘liq «Bavariya»ning ustunligi ostida o‘tdi. Dastlabki 31 daqiqaning o‘zida nemislar to‘rtta gol urishdi. Tomas Myuller dubl qayd etgan bo‘lsa, Ivan Perishich va Serj Gnabri darvozani bir martadan ishg‘ol etishdi. 7-daqiqada esa David Alaba o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘lim avvaliga Suares hisobni qisqartirgandi, ammo Kimmix 63-daqiqada Devisning reydidan so‘ng hisobni yana yirik ko‘rinishga keltirdi – 2:5.
Keyin faqat «Bavariya» gol urdi. Koutino dubl qayd etgan bo‘lsa, Levandovskiy ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Mazkur bahs musobaqa tarixidagi eng sermahsul o‘yinlar reytingida uchinchi o‘rindan joy oldi.
Uchrashuvdan keyin Frantsiyaning nufuzli L’Equipe nashri futbolchi va murabbiylarni o‘z reyting ballari bilan baholadi. Kataloniyaliklarning o‘rtacha natijasi 2,7 ballni tashkil etgan. Luis Suares (4) eng yaxshi, Ter Shtegen, Xordi Alba, Kleman Lengle va Lionel Messi esa 3 balldan baholandi. Jamoa bosh murabbiyi Kike Setenga esa atigi bir ball qo‘yildi. Avvalroq, nashr hech qaysi mutaxassisga bunchalik past ball bermagandi.
“Lion” hazillashmayapti
1/8 finalda «Yuventus»ni turnirdan chiqarib yuborgan «Lion» chorak finalda Gvardiolaning «Manchester Siti»sini mag‘lub etdi. Korne va Dembelening (2 ta) gollari frantsuzlarni keyingi bosqichga olib chiqdi. «Shaharliklar»ning yagona javob to‘pini De Bryuyne kiritdi.
Frantsuz klubi yarim finalga chiqdi va 10 yil o‘tib, evrokuboklardagi eng yaxshi natijasini takrorladi. «Lion» 2010 yili ham 1/2 finalgacha etib kelgan va «Bavariya»ga (0:1, 0:3) mag‘lub bo‘lgan. E’tiborlisi, yarim finalda «sherlar»ni bu safar ham Myunxen klubi kutib turibdi.
Shuningdek, «Lion» 1964 yili Kubok egalari kubogida, 2017 yili Evropa Ligasida ham yarim finalgacha etib kelgan.
EChL. 1/4 final
12 avgust
Atalanta - PSJ 1:2
Gollar: Mario Pashalich 27 – Markinos 90, Erik Shupo-Moting 90+3
13 avgust
Leyptsig - Atletiko 2:1
Gollar: Dani Olmo 51, Tayler Adams 88 – Joau Feliks penalti 71
14 avgust
Barselona - Bavariya 2:8
Gollar: David Alaba avtogol 7, Luis Suares 57 – Tomas Myuller 4, 31, Ivan Perishich 22, Serj Gnabri 28, Yozua Kimmix 63, Robert Levandovski 82, Filippe Koutino 85, 89
15 avgust
Manchester Siti - Lion 1:3
Gollar: Kevin de Bryuyne 69 – Maksvel Korne 24, Mussa Dembele 79, 87
Shu tariqa, turnirning birinchi yarim finalida PSJ 18 avgust kuni «Leyptsig»ga qarshi, ikkinchi yarim finalda «Lion» 19 avgust kuni «Bavariya» bilan to‘qnash keladi. Final uchrashuvi 23 avgust kuni “Eshtadiu du Benfika”da o‘tkaziladi.
Yarim finallar
18 avgust
“RB Leyptsig” – PSJ
19 avgust
“Lion” – “Bavariya”
Fikrlar