Katanets: "Turkmaniston bilan uchrashuv ahamiyatini yo‘qotib ulgurdi. Keling, Eronga qarshi kechadigan o‘yin haqida gaplashamiz!"
Ertaga O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralashi doirasida Eronga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bellashuv oldidan vakillarimiz bosh murabbiyi Srechko Katanets va futbolchi Jaloliddin Masharipov matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Katanets: - Barchaga xayrli kun! Alohida aytadigan gap yo‘q. Biz ertangi o‘yinga tayyormiz. Muhim uchrashuv ekanidan xabardormiz, hammasini yaxshi tushunib turibmiz. Nafaqat Eron, balki guruhdagi barcha bahslar katta ahamiyatga ega ekanini aytishimiz mumkin.
Masharipov: - Ertaga muhim uchrashuv, alohida e’tirof shart emas, deb o‘ylayman. Guruhdagi eng qiziq bahs, shubhasiz. Shunday ekan biz kabi boshqalar ham bu to‘qnashuvni intiqlik bilan kutmoqda.
Katanets: - Futbol 0:0 hisobi bilan boshlanadi. Shu sabab, imkoniyatlarni teng deyish mumkin. Yigitlarga motivatsiya shart emas. Ular oldilarida qanday raqib turganini yaxshi anglab turishibdi.
Turkmanistonga qarshi ozroq muammolar bo‘ldi, tan olaman. Biroq bu bizga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi. Ertaga biz ajoyib muhitda va stadionda to‘p tepamiz. O‘ylaymanki, hammasi biz uchun ijobiy yakunlanadi.
"CAFA Nation's Cup" turniridagi final o‘rtoqlik maqomida edi. Shu tufayli unga alohida e’tibor qaratish shart emas. Ertangi bellashuv rasmiy o‘yin va unga jiddiy yondashamiz, shubhasiz.
Turkmaniston bilan uchrashuv ahamiyatini yo‘qotib ulgurdi. Keling, Eron va ularga qarshi kechadigan qarama-qarshilik haqida gaplashamiz. Yigitlar bilan 2 yildan beri ishlab kelmoqdaman. Ularni har tomondan o‘rganib chiqishga harakat qilyapman.
Saralash o‘yinlari butunlay farqli. U erda bosim kuchli bo‘ladi, murabbiylardan tortib futbolchilargacha vaziyatni to‘g‘ri baholay olish - muhim. Ularda hozir ajoyib tarkib bor. Hujumchilar, vinger va yarim himoyachilari qanday formada ekanini mendan yaxshiroq bilasiz.
Otabek Shukurov oxirgi bahslarda hujumkor o‘yin namoyish etmoqda? Men futbolchilarimdan g‘alaba uchun hamma narsa qilishlarini so‘rayman. Demak, Otabek g‘alaba uchun hujumkor o‘ynashi kerakligini tushunib etgan. Ammo bu borada maxsus ko‘rsatma bermayman.
Agar futbolchilar top klublarda o‘ynashsa, bizda ham bu natijalarga ta’sir ko‘rsatadi. Sababi, katta jamoalarning doim g‘alabaga bo‘lgan mentaliteti yuqori bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston - Eron bellashuvi ertaga 18:00 da boshlanadi.
Fikrlar