"Keling, atrofga real ko‘z bilan boqaylik, yashirmayman, takliflar yo‘q emasdi, bu yigitga qiziqishimiz bor" - "Buxoro" bilan shartnomasini uzaytirgan Hakim Fuzaylov suhbatda yana nimalarni aytdi?

  • 2 yanvar, 2023, 21:59
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” muxlislarini xursand qilib, ularni niyatiga erishtirgan holda klubni yana Superligaga qaytargan bosh murabbiy Hakim Fuzaylov endi elitada ham jamoani boshqarishda davom etadi.

Tecno

Yaqinda murabbiy “Buxoro” bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu xususida klub bosh direktori Sports.uz saytiga bergan intervyusida aytib o‘tgandi.

Hakim Qayumovich shartnoma imzolaganidan so‘ng saytimiz jurnalistining savollariga javob qaytardi.

- Hakim Qayumovich, “Buxoro”ni Superligaga olib chiqdingiz va klub bilan tuzilgan shartnomani uzaytirganingiz bilan tabriklamoqchiman. Ayting-chi, yangi rejalar qanday?

- Shuni aytishim joizki, 15 dekabr kuni jamoa yig‘ildi. O‘zimizda, Buxoroda to‘planib, selektsiya bilan bog‘liq bir qancha ishlarni amalga oshirdik. O‘sha selektsion yig‘ilish chog‘ida shunga amin bo‘ldikki, tarkibni kuchaytirish uchun bizda sabablar etarli ekan. Shu yo‘lda Abbos Otaxonov bilan shartnoma tuzdik. Humoyunmirzo Iminovni esa jamoaga qaytardik. Yana bir qancha yigitlar bilan xayrlashdik. Hozircha ularni nomma-nom sanab o‘tirishni istamagan bo‘lardim. Hozirda bir qancha nomzod futbolchilar bilan muzokaralarni olib boryapman. Bu hali hal qilinmagan masala bo‘lgani tufayli sizga kimlar bilan shartnomalar imzolashimiz mumkinligi haqida ism-shariflarini ayta olmayman. Buni to‘g‘ri tushunasiz, deb umid qilaman. 3 yanvardan navbatdagi yig‘in sifatida Toshkentda tayyorgarlik boshlashni rejalashtirganmiz. Mana shu yig‘in davomida tarkibni sezilarli darajada kuchaytirishdan umid qilyapmiz. Tabiiyki, mana shunday o‘yinchilarni jalb qilsak, yaqin ikki hafta oralig‘ida 4 ta nazorat uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirib qo‘yganmiz. Shundan keyin Buxoroga qaytamiz va ko‘p o‘tmasdan Turkiyaga – Antaliyaga yo‘l olmoqchimiz. Chunki Antaliyaga yo‘l olish ham o‘ylab qo‘ygan rejamizda bor. Antaliyadagi yig‘in chog‘ida ham u erga tashrif buyuradigan bir qator klublar bilan nazorat uchrashuvlarini o‘tkazishni maqsad qilganmiz. Hozircha potentsial raqiblar yo‘q. Kimlar bilan o‘ynashimiz haqida batafsilroq keyin xabar qilamiz. Aytishim kerakki, Toshkentda 8 va 13 yanvarga o‘rtoqlik bahslarida qatnashishni maqsad qilganmiz.

xakim fuzaylov2_4

- Jamoada yangi legionerlarni ko‘ramizmi va yana kimlar bilan muzokaralar ketyapti?

- Yashirmayman, muzokaralar olib borilayotgan bir qancha legioner futbolchilar bor. Ammo hozirda sizga bu masalada biror tayinli aniq gap ayta olmasam kerak. Ayni paytda asosiy e’tibor o‘zbek futbolchilarini “Buxoro”ga olib kelishga qaratilgan. Biz bu borada asosiy e’tiborni Superligada o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan o‘yinchilarga qaratganmiz. Agar bu masalani ijobiy yopa olsak, shundan keyin chiziqlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammolarni hal etishga kirishamiz. Albatta, klubda legionerlar paydo bo‘lishi haqiqatga yaqinroq. Bu borada bir qancha agentlar bizga qo‘ng‘iroqlar qilib turishibdi. Ammo yuqorida aytganimdek, sizga aynan qaysi legionerlar bilan muzokaralar ketayotganini ayta olmayman.

- Eshitishimcha, Ixtiyor Toshpo‘latov bilan jamoa kelishib olibdi. Shu rostmi?

- Hozirda bu to‘g‘risida ham 100 foiz ishonch bilan gapira olmasam kerak. To‘g‘ri, biz u bilan gaplashdik, lekin hali hech narsa oydinlashgani yo‘q. U bilan bitim imzolar ekanmiz, o‘shanda hammasi aniq bo‘ladi. Bu yigitga qiziqishimiz borligi bor gap.

xakim2_3

- O‘zbekistonga qaytib murabbiy sifatidagi tajribangizni ko‘rsata olyapsiz. Ketma-ket ikki yil davomida “Dinamo”ni, keyin “Buxoro”ni Superligaga olib chiqdingiz. Eshitishimcha, shulardan kelib chiqib, xizmatingizga takliflar bor ekan...

- Yashirmayman, takliflar yo‘q emasdi. Ammo, Shuhratbek, men “Buxoro” bilan amaldagi shartnomani uzaytirib bo‘ldim. Shu bois endi bu kabi masalalar o‘z-o‘zidan bir chetga chiqadi. Shu e’tibordan ham aytishim kerakki, menga falon, falon klublardan takliflar bor edi, o‘tmadim, deyishim etika tomonidan ham noto‘g‘ri ish bo‘lardi. Bor gap shuki, shartnomam nihoyasiga etgani sababli “Buxoro” bilan yangi kelishuvga erishdim. Shuni inobatga olgan holda endi bu masalada hech narsa demayman.

- Murabbiylar shtabi qanday bo‘ladi?

- O‘tgan yili ham mening shtabimda ishlagan yigitlar bilan hamkorlik qilishda davom etmoqchimiz. Ularning hammasi o‘z o‘rinlarida qolgan, hech kim biror joyga ketgani yo‘q. Murabbiylar shtabini kuchaytirishga kelsak, hozirda bu xususida ham bosh qotiryapmiz. Agar o‘zimiz istagan mutaxassis bilan shartnoma imzolar ekanmiz, sizga bu xususida albatta axborot berib o‘taman. Hozir esa bu haqida gapirishga erta.

fuzaylov4_2

- Yangi mavsum uchun “Buxoro”da oldingizga qanday vazifalar qo‘yildi?

- Keling, atrofga real ko‘z bilan boqaylik, hozirgacha rahbariyat bilan yangi mavsum uchun o‘ylangan vazifa borasida hech qanday gap-so‘z o‘rtamizda bo‘lib o‘tmadi. Buning uchun avvalo jamoani shakllantirish, tarkibga jalb etilishi mumkin bo‘lgan ijrochilarni amalda sinab ko‘rish kerak bo‘ladi. Mana shunda hammasi oydinlashadi. Faqat shundan so‘nggina mavsum start olishiga oz qolganida jamoa oldiga qo‘yiladigan vazifa haqida gapirish to‘g‘riroq bo‘ladi. Maqsadimiz klubning pro ligadan ko‘ra, kuchliroq o‘yin ko‘rsatishini ta’minlashdan iborat. Chunki Superliga baribir o‘z nomi bilan Superliga. Chunki bu ligada har qanday raqibga qarshi tura olishni bilish kerak. Bir so‘z bilan aytganda, liganing darajasi juda baland. O‘z navbatida “Buxoro” tarkibidagi o‘ynaydigan futbolchilarning darajasi ham shunga mos bo‘lmog‘i darkor. Biz mana shunday darajaga mos keladigan jamoani tayyorlashimiz kerak. O‘z o‘rnida “Buxoro” muxlislarni xursand qiladigan ko‘rinishdagi o‘yinni namoyish etishga kirishmog‘i darkor bo‘ladi. Agar hammasi reja asosida ketadigan bo‘lsa, o‘ylaymanki, biz mana shunday klubni shakllantira olishimiz mumkin. Lekin buning uchun hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirish darkor.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!