
Kimda qanaqa ambitsiya yoxud Superligada ikkinchi davra boshlanmoqda!
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston Superligasi 16-turiga start beriladi. Bugungi bahslar haqida quyida batafsil to‘xtalamiz.
Ikkinchi davraning birinchi turi bizga oz bo‘lsa-da, jamoalarning mavsumning ikkinchi yarmiga qanaqa maqsad qo‘yganligi haqida mujdalar berishi mumkin. Shu bois bu tur navbatdagi "olovli tur"lardan bo‘lishidan umid qilsak arziydi.
"Mash’al" - "Paxtakor"
"Mash’al" klubi birinchi davrani o‘rtacha darajada o‘tkazdi, deyishimiz mumkin. Har holda Pro ligadan chiqqan jamoalar ichida muborakliklar eng yuqoridagisi bo‘lib turibdi. Davralar orasida murabbiylikda ham o‘zgarish yuz berdi. Asror Aliqulov o‘rnini Otabek
Narzullaev egalladi. "Mash’al" byudjeti va maqsadi uncha yuqori emasligidan transferlar oynasida faol bo‘lmadi. Klub 3 o‘yinchi xarid qildi va xuddi shuncha futbolchi jamoani tark etdi.
"Paxtakor"da esa eng quvonarlisi va nihoyat murabbiy masalasi hal qilindi. Pedru Morreyra rasman ishdan olindi. Uning o‘rniga Kamoliddin Tojiev oxir-oqibat bosh murabbiy etib tayinlandi. "Sherlar" 1 oy mobaynida ancha tozalash ishlarini olib borishdi. Lekin, shu o‘rinda jamoaning muhim a’zolari bo‘lgan Shahzod Azmiddinov, Abdulla Abdullaev, Otabek Jo‘raqo‘ziev va Tojiev davrida etilgan Muhammadali O‘rinboevlar klub bilan xayrlashdi. Ammo, kelganlar ham chakki emas. Hojimat Erkinov, Aziz Turg‘unboev, Behruz Asqarov va iroqlik himoyachi Zaid Tahsinlar bilan klub bemalol chempionlik maqsadini qo‘ysa arzigulik.
Bahsda har qancha "qulog‘idan tortmaylik" "Paxtakor" "Mash’al"dan har jabhada ustun. Shu boisdan imkoniyatlar foizlarda 30/70 poytaxt klubi foydasiga.
"Buxoro" - OKMK
"Buxoro" transfer oynasida ancha faol qatnashdi. Azizbek Amonov hamda Toma Tabatatdze kabi tajribali hujumchilar jalb qilindi. Shu qatorda, Alisher Xayrullaev, Mardon Meliev, Nodirbek Ahmadjonov, Ibrohim No‘monov kabi yosh iste’dodlar jamoaga kelib qo‘shildi.
Jamoani tark etgan eng katta nom Shohruz Norxonov bo‘ldi. Lekin, Shohruzning ham birinchi davrada ishlari yurishmagani va uning o‘rniga ikki yaxshi saviyadagi forvardlar olinganini hisobga olsak, bu unchalik katta zararga ishlamasa kerak. Hozirgi holatdan kelib chiqib, real ko‘z bilan qaralsa, klubga kuchli 10likka kirish vazifasi qo‘yilgan ersa ajabmas. Vazifani bajarish esa mana shunday nomdor jamoalarni ochkodan mahrum qilish bilan boshlanishi zarur.
OKMK mavsumni boshida hammani ajablantirdi. Mundial yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgandan keyingi turlarda yana "ajablantirdi". Davra start olishidan oldin klub rahbariyati chempionlik ambitsiyasini qo‘yishi tabiiy. Chunki, tarkib o‘zagi saqlab qolindi. Qo‘shimchasiga, birinchi davrada eng zaif nuqta sifatida qaralgan darvoza chizig‘iga ham yangi posbon xarid qilindi.
Sardor Rahmonov va Kleydi Datsilarning jamoani tark etishi oz-moz bilinishi mumkin. Lekin, ularning o‘rniga ham nomzodlar etarlicha. Humoyunshoh Sayyotov, Abubakr Rizo Turdialiev, Asilbek Aysarov, Abror Karimov kabi yoshlarga esa o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun boshqa jamoalarga berib yuborildi. Ko‘ramiz, jamoa ikkinchi davraga qanchalik tayyorgarlik ko‘ra oldi. Chempionlik ambitsiyasi bor Mirjalol Qosimov shogirdlarining chempionlik kurashiga qo‘shilishi mana shunday o‘rta darajadagi klublar bilan o‘yinlarga bog‘liq.
Bahsda tarkib,ambitsiya nuqtai nazaridan olmaliqliklar ustunroqdek. Foizlarda 40/60 OKMK foydasiga.
Yahyoxon G‘aniev
Fikrlar