
Kimga to‘y, kimga aza! Abbos Fayzullaev RPLga ketib to‘g‘ri qildimi?
Abbos Fayzullaevning RPLga o‘tgani ikki xil taassurot qoldiradi. Kim uchundir uning legionerga aylangani quvonarli hol bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa, ba’zilar Rossiyadagi boshqa futbolchilarimiz singari u ham vaqtini bekorga sarflashini taxmin qilmoqda. Xo‘sh, aslidachi?
Abbosbek joriy mavsumni "yondirib" tashladi. Ikkita katta xalqaro musobaqada ishtirok etibgina qolmay, o‘zining eng kuchli jihatlarini namoyish etib berdi. Soddaroq qilib aytsak, Fayzullaev tom ma’noda futbolchi sifatida kashf etildi. O‘tgan mavsumda O‘zbekistonda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi maqomini qo‘lga kiritgan yigitcha bir zumda terma jamoadan chaqiruv oldi. Hatto, Eronga qarshi final o‘yinida 35 ming muxlis uni ismini aytib maydonga tushirilishini talab etdi. Bu voqealar xronologiyasini bejizga tiklaganim yo‘q. Shunchaki, qandaydir bir yil ichida Abbosbekning atrofidagi piar va xayp qay darajada ko‘tarilganini sezishingizni istadim. Aslida, bunday ko‘tarilishning mantiqiy yakun - kuchliroq ligaga yo‘l olgan holda legionerga aylanish! Abbosning "Paxtakor"ni tark etishi har qanday kriteriya bo‘yicha razm solinganda ham 100 foiz o‘zini oqlaydigan qaror, biroq asosiy masala boshqa...
RPL o‘zbek futbolchilari uchun...
Bir necha kun avval aynan shu mavzuda SPORTS.uz saytida maqola e’lon qilingan edi. Unda so‘nggi 2 yil ichida Rossiya tomonlardan o‘z omadini sinab ko‘rgan futbolchilarimizning "erishgan yutuqlari" haqida so‘z borgan. Achinarlisi, kecha mamlakatimiz futboli kelajagi deb qaralgan Husain Norchaev, Hojimat Erkinov, Rustam Ashurmatov deyarli o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi. Boz ustiga, Abbosbekni Moskvaning TsSKA jamoasi kelajak aktivi sifatida xarid qilayotganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Bu qahramonimiz birdaniga asosiy tarkibda ko‘rinish bermasligini, murabbiylarning taktik ko‘rsatmalarini to‘liq o‘zlashtirguniga qadar katta futboldan uzoqroq bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Balki, adaptatsiya tezroq o‘tar, balki yo‘q. Nima bo‘lgan taqdirda ham yosh futbolchi bosimga tayyor bo‘lishi shart. "Paxtakor" Abbosning jamoani tark etishini oqlamagani sezilib turibdi. Kecha "Olimpik" bilan bahsdan so‘ng Maksim Shatskix besh marotaba gaplashsada, qolishga ko‘ndira olmagani, RPL hech kimga qiziq emasligi borasida bildirgan fikridan ichkarida kayfiyat qanday ekanligi sezilib turibdi. "Paxtakor" uchun Abbosning ketishi katta yo‘qotish. Ayniqsa, mavsum o‘rtasida va o‘rnini to‘ldirish uchun "sherla"da deyarli variant yo‘q bir paytda! Toshkent klubi Abbosni o‘zining eng qimmat baho aktivi sifatida qarayotgan bir paytda (Ayniqsa, JCh va OK musobaqalaridan so‘ng) 500 ming dollar deyarli kutilgan summaning 4/1 ham emas.
Transfer amalga oshishidan bir necha hafta ilgari Fayzullaev saytimizning "Dangal"loyihasida mehmon bo‘lgan va unda kelajagi borasida fikrlar bilan o‘rtoqlashgan edi:
"Menga bir necha bor RPL klublaridan takliflar bo‘ldi, ammo rad etdim. Maqsadim, Evropaning "kuchli beshlik"ka yaqinroq bo‘lgan chempionatlarida to‘p tepish!"
Afsuski, ko‘p o‘tmay Fayzullaev "armiyachilar" a’zosiga aylanishi xaqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topdi. Menimcha, "Paxtakor" sobiq a’zosi voqealar rivojidan biroz ilgarilab ketdi. TsSKAdagi kuchli raqobat, RPLning jismoniy kuchga tayangan tezkor futboliga moslashish anchagina vaqtni olib qo‘yadi. O‘yin tonusida bo‘lib turgan Abbos uchun bu sezilarli darajada minus. Shunga qaramay, yurtimizda uzoq qolib ketish ham "xavfli". U singari 1-2 mavsum yorqin o‘yindan keyin regress kuzatilgan yosh iqtidorlar ham talaygina. Qisqasi, uni RPLga ketishi yoki yurtimizda qolishi chinakam paradoks.
Ikki holatda ham plyus va minuslar bor. Bu bahsda qaysi tomonda bo‘lsangiz ham, qo‘lingizda etarli argumentingiz bor. Bu transferni muvaffaqiyatli qilish esa legioneremizning o‘z qo‘lida. Kuchli raqobat, "Paxtakor"dan bo‘lgan bosim, begona mamlakat va yangi uslubdagi mashg‘ulotlar chog‘ida Abbosning xarakteri toblanadi. U bu muammolarni barchasini engib o‘tsa, qabul qilgan tavakkal qarori 100 foiz o‘zini oqlagan bo‘ladi. Barchasi futbolchining keyingi faoliyatiga bog‘liq. Hozir bu ko‘chib o‘tishni maqtash yoki qoralash imkonsiz.
Fikrlar