
Klopp EChL yangi formatga o‘tayotgani haqida: "Menga bu fikr yoqmadi"
"Liverpul" bosh murabbiyi Yurgen Klopp Evropa chempionlar ligasining yangi formati haqida fikr bildirdi.
"Ko‘p o‘yinlar o‘tkazish fikri menga doim ma’qul kelmagan. Men avvalroq UEFAga Millatlar ligasidan ham voz kechish kerakligini aytgandim. Biroq bu haqda hech kim o‘ylab ham ko‘rmadi.
UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin menga xabar jo‘natdi. Unda "futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Daromadning 93 foizi klublarga tarqatiladi", - degan gaplar yozilgan edi.
Men bu mavzuga tayyorgarlik ko‘rib o‘tirmayman. Bu haqda o‘zimning shaxsiy fikrim bor. Chempionlar ligasidan ko‘proq pul ishlab, Millatlar ligasini unutishimiz kerak", - dedi germaniyalik mutaxassis.
Avvalroq, UEFA rasmiy sayti 2024/2025 yilgi mavsumdan boshlab Chempionlar ligasida "shveytsarcha tizim" joriy etilishi haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra, turnirda 32 ta emas, 36 ta jamoa ishtirok etadi. Guruh bosqichida har bir klub 8 tadan o‘yin o‘tkazadi.
Fikrlar