Koronavirus yuqtirgan Evropadagi legionerlarimiz karantinda qolmoqda

  • 15 oktabr, 2021, 07:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Belarus chempionati oliy ligasida ishtirok etayotgan “Energetik-BGU” klubida koronavirus tarqalgani haqida xabarlar tarqatilayotgan edi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida jamoaning ikki nafar murabbiyi va etti futbolchisi haqiqatan koronavirusga chalingani o‘z tasdig‘ini topdi.

“Energetik-BGU” matbuot xizmati tarqatayotgan ma’lumotlarga qaraganda, jamoaning o‘zbekistonlik legionerlari – Shahzod Ubaydullaev va Bobur Abduxoliqovning testi ham musbat natija bergan.

ubaydullaev

Test natijalariga ko‘ra, jamoa murabbiylari Vladimir Belyavskiy va Sergey Omelyanchuk,shuningdek, futbolchilardan Artyom Makavchik, Ayk Musaxanyan, Aleksey Lavrik, Maksim Omelyanchuk, Aleksandr Bulichev, Bobur Abduxoliqov va Shahzodbek Ubaydullaev COVID-19 virusini yuqtirgani aniqlandi.

UEFA protokoli va tibbiy qoidalariga muvofiq, virus yuqtirganlarning barchasi mashg‘ulot bazasini tark etdi va uy karantiniga olindi.

Klubning qolgan o‘yinchilari va professional personalining keyingi test natijalarining barchasi manfiy natija ko‘rsatdi va jamoaning boshqa a’zolari Brestning “Dinamo” jamoasi bilan o‘ynash imkoniga ega, - deb yozadi “Energetik-BGU” vaziyat bo‘yicha bergan bayonotida.

“Energetik-BGU” ayni paytda 26-tur uchrashuvlaridan keyin oliy liga musobaqa jadvalida 11- pog‘onani egallab turibdi. Minsklik “talabalar” joriy mavsumda ettita g‘alaba, ettita durang qayd etgan va 11 ta bellashuvda imkoniyatni boy bergan.

Ushbu jamoa tarkibida uch nafar legionerimiz to‘p tepmoqda. Asli Belarusning amaldagi chempioni - “Shaxtyor - Soligorsk” jamoasiga tegishli bo‘lgan Shahzodbek Ubaydullaev ikkinchi davradan ijara asosida minskliklar tarkibiga qo‘shildi. Iste’dodli hujumchimiz yangi jamoasida sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, bir juft gol urdi. Shahzodning BATE va “Vitebsk” jamoalari darvozasiga kiritgan gollari jamoasiga durang natija keltirgani ahamiyatli.

Bobur Abduholiqov ham Ukrainaning “Rux” jamoasidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, yurtimiga qaytib kelgandi. Iste’dodli hujumchi o‘ziga bo‘lgan takliflar orasida “Energetik-BGU” variantini ma’qul ko‘rdi. Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi yangi jamoasida to‘qqizta uchrashuvda ishtirok etib, “Torpedo-BelAZ” darvozasini ishg‘ol qildi. Bu gol minskliklarga qimmatli uch ochko keltirdi.

sddefault

O‘zbek futboli tarbiyalanuvchilariga alohida e’tibor qaratib kelayotgan “Energetik-BGU” yana bir hamyurtimiz - Doniyor Abdumannopovni ham o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. Hujumda o‘ynaydigan Abdumannopov ushbu jamoada bir bor maydonga tushdi xolos.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda “Energetik-BGU”da uch nafar o‘zbek futbolchisi to‘p surgan. Jasur Yaxshiboev uchun bu jamoa tramplin vazifasini o‘tadi. Mohir hujumchmiz ayni paytda Moldova chempioni “Sherif” klubi a’zosi hisoblanadi. Jasur Evropa Chempionlar ligasida “Real” darvozasini ishg‘ol qilganini yaxshi bilasiz.

Shahboz Umarov esa “Energetik-BGU”dagi muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng, mamlakatning eng kuchli klublaridan hisoblangan BATE safiga o‘tdi. Borisovliklar tarkibida Shahboz Umarov 23 ta uchrashuvda oltita gol urishga erishdi. Iste’dodli yarim himoyachi Srechko Katanets tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham jalb qilina boshladi.

main_6

“Energetik-BGU” navbatdagi uchrashuvini 17 oktyabr kuni o‘z maydonida “Dinamo-Brest” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!