
Koronavirusga chalingani aytilgan Denis Istominning ahvoli qanday?
Ispaniyaning "Marca" nashri Frantsiya ochiq chempionati oldidan bir nechta tennischilarda koronavirus infektsiyasi aniqlangani va ularning nomlari orasida Denis Istominning ham borligi haqida xabar bergan edi. O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati voqeaga oydinlik kiritdi va tennischining o‘zi bilan suhbatlashdi.
– Salom, Denis, o‘zingizni qanday his qilmoqdasiz?
– Rahmat, hammasi yaxshi.
– Siz haqingizdagi mish-mishlar rostmi?
– Yo‘q, rost emas. Tushunib turibman, hamma shu haqida qiziqmoqda. Shu bois, bir javob berishim mumkin: Men kasal emasman.
– Unda musbat natija haqidagi ma’lumot qaerdan chiqdi?
– Hammasi shundan boshlanmoqda. Kecha shifokorlar kelib mendan takroriy tahlil olib ketishdi va tushuntirishdiki, kimdir COVID-19 bilan yaqin orada kasallangan bo‘lsa, unda antitanachalar hosil bo‘ladi. Biroq virus tanada bo‘lishi mumkin. Tushunish mumkinki, menda shunday bo‘lgan. Shifokorning gapini so‘zma so‘z aytaman: “Sizda juda kam miqdorda. Biroq u musbat natija olish uchun etarli. Bu virusning e’tiborli tomoni ham shunda. U gohida musbat, gohida manfiy natija berishi mumkin. Barchasi organizmning holatiga bog‘liq”.
«To‘g‘risi, o‘zim ham bu haqida to‘liq tushunmadim. Ilm-fanda ham bunga to‘liq javob yo‘q. Shunday taxmin borki, qandaydir jarayonda virus faol bo‘ladi va bu tahlillarda musbat natija beradi. 2 kundan keyin esa aksi bo‘lishi mumkin. Bu holda vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi. Hozir takroriy tahlilning javobini kutmoqdamiz. Achinarlisi, “Roland Garros”ni o‘tkazib yuboraman. Biroq bu, men kasal ekanimni anglatmaydi. Men soppa-sog‘man. Shunchaki, o‘sha vaziyatda virus shunday ko‘ringan. Kelasi hafta endi boshqa turnirda ishtirok etaman”, – deydi Denis Istomin.
Fikrlar