
Krishtianu o‘g‘lining yoshida unday kuchli bo‘lmagan! Kichik Ronalduning statistikasi hayratga soladi! Kichik Ronaldu "Manchester Yunayted" a’zosi!
Shu yilning 10 fevral kuni Krishtianu Ronaldu (Junior) "Manchester Yunayted" bilan shartnoma imzoladi. Vaholanki, u klub bazasida 2021 yilning kuzidan beri mashg‘ulot o‘tkazayotgan edi.
Futbol olamida otasidan o‘zib ketgan futbolchilarni ko‘p uchratish mumkin. Portugaliyalik afsonaning o‘g‘li Federiko Keza, Erling Xoland, Paolo Maldini singari otasidan o‘zib ketadigan darajadagi yulduzga aylana oladimi? Bu savolga javob berish mushkul. Biroq bugunda uning statistikasi va imkoniyatlarini chamalash mumkin.
Ispaniyada, ammo "Real" safida emas!
Kichik Ronalduning faoliyatidagi ilk jamoasi ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lmagan "Posuelo" jamoasi bo‘lgan. "Krish" atayin o‘z o‘g‘lini kamtarin klub akademiyasida futbol olamiga kirib kelishini istadi. U shu tariqa farzandini katta bosimdan qutqarib qolishni rejalashtirgan bo‘lsa ajab emas. Shuningdek, klub bazasi Madriddagi Ronalduning uyiga yaqin ekanligi ham muhim faktorlardan biri.
Krishtianino (uni shunday atashadi) qanchalar urinmasin, OAVning e’tibor markazidan qochishni uddalay olmadi. 6 yosh bo‘lishiga qaramay, uning debyut o‘yinida kiritgan gollari barchaning e’tiborini tortdi. Uni mashg‘ulotlarga ko‘pincha buvisi olib borgan. Doloresh Aveyru nabirasini o‘zgacha yaxshi ko‘radi. Otasi esa muhim bahslarning deyarli barchasini stadiondan kuzatgan va o‘g‘lining futbolchi sifatida o‘sishi uchun maslahatlarini ayamagan. Tan olish lozim, Ronalduning tanlagan pozitsiyasi hurmatga sazovor. U o‘g‘li tanlov qilguniga qadar, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Kelajakda boshqa sohada o‘zini ko‘rishni istasa, indamay chekinishga ham tayyor.
Ronaldu o‘g‘lini ajoyib karera qilishini istaydimi?
Krishtianu o‘g‘lini professional futbolchi bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. So‘zimizga kichik Ronalduning o‘zi to‘p tepgan barcha jamoalarda 7-raqamni band qilgani isbot bo‘la oladi. Afsuski, mana shu omil ham Krishtianinoni otasi bilan solishtirish boshlanganini bildiradi. Nima ham derdik, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.
"Krish" 2016 yilda o‘g‘li haqida berilgan savolga quyidagicha javob bergan edi:
"Albatta, men ota sifatida uni kuchli futbolchi bo‘lishini istayman. Uni darvozabon emas, hujumchi bo‘lishi uchun kerakli ko‘rsatmalarni beraman, ammo bu u futbolchi bo‘lishi shart degani emas. Katta futbol olamiga kirib kelish oson emas. Shu bois, unga hayotini qanday davom ettirish borasidagi savolga javob berish imkoniyatini taqdim etaman. Unga bu masalada hech qachon bosim qilmayman".
Bu so‘zlar omma yuzini ko‘rgan paytda, Ronaldu allaqachon o‘g‘li bilan individual mashqlarni o‘tkazishni boshlagan edi. Qahramonimiz ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ko‘pincha o‘g‘li bilan o‘tkazgan mashg‘ulotlarini joylab boradi. Bundan tashqari, o‘g‘lining to‘g‘ri ovqatlanishi va o‘z vaqtida uyquga yotishini ham muntazam kuzatadi.
Shuningdek, Ronaldu o‘g‘lining bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazishini ham belgilab beradi. U shu kunga qadar o‘g‘liga zamonaviy qo‘l telefonidan foydalanishga ruxsat bergani yo‘q. "Krish" bu qarorini shunday izohlaydi: "U mendan doimo qo‘l telefoni sotib olib berishimni so‘raydi. Lekin bunga ruhsat bermayman. Hali u shaxsiy telefonga egalik qilish darajasidan yiroq!" Ronaldu telefon borasida qattiqqo‘llik qilganiga qaramay, o‘g‘lining kompyuter o‘yinlaridan chegaralab qo‘ymagan.
Yaqindagina ekran yuzini ko‘rgan Jorjino Rodriges haqidagi hujjatli filmda kichik Ronalduning kompyuteri aks etgan lavha bor. Unda bo‘lajak futbolchi hozir trendda bo‘lib turgan bir nechta o‘yinlarni o‘ynagani aks ettirilgan.
Nima deb o‘ylaysiz? Kichik Ronaldu kattasidan futbolda o‘zib ketishi mumkinmi? Fikringizni izohlarda qoldiring!
Fikrlar