
"Kuchli beshlik" chempionatlarida yutish va qolish uchun kurash! Qaerda vaziyat qanaqa?
Evropaning asosiy chempionatlari o‘z nihoyasiga etmoqda. Ba’zilarida chempion nomi allaqachon ma’lum, ammo ba’zi muhim savollar hamon ochiq. Joriy mavsum yakuniga oz qolganda etakchi chempionatlardagi intrigalar haqida bilib olamiz.
Angliya.
APLda chempionlik poygasi deyarli hal bo‘ldi. Keyingi turda "Manchester Siti" "Chelsi"ga qarshi bahsda g‘alaba qozonsa, Gvardiola jamoasi chempionga aylanadi.
Katta ehtimol, Angliya premer-ligasida asosiy raqobat Chempionlar ligasidagi o‘rinlar uchun qoldi . “Nyukasl” va “Manchester Yunayted” hali ham kuchli to‘rtlikda. Biroq, keyingi pog‘onada borayotgan Yurgen Klopp boshchiligidagi “Liverpul” 4 ochko ortda bormoqda. Bu bo‘shliq "oq-qoralar" va "qizil iblislar"ga xotirjamlik beradi.
Elitada jon saqlab qolish uchun haqiqiy kurash boshlandi. Rasman "Sautgempton" Chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Biroq hali yana ikki jamoa nomi aniqlanmagan. 19-o‘rinda borayotgan "Lester" 16-pog‘onadagi "Nottingem Forest"dan atigi to‘rt ochko ortda qolmoqda. Ular orasida hamon "qizil zona"da bo‘lgan "Lids" va bir ochkolik farq bilan "Everton" joylashgan. Shubhasiz, bu marra chizig‘ida haqiqiy jang bo‘ladi.
Ispaniya.
Rasman Ispaniyada chempion jamoa aniq bo‘ldi. Chempionat yakuniga 4 tur qolganda "Barselona" chempionlikni qo‘lga kiritdi.
La Ligada kelasi mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynaydigan uchta jamoa aniq: "Barselona", "Real" Madrid va "Atletiko". To‘rtinchi jamoa bo‘lish uchun kurashda favorit "Vilyarreal"dan 5 ochko oldinda borayotgan "Real Sosedad" hisoblanadi. Biroq “Barselona” va “Atletiko” bilan bo‘lajak o‘yinlar qo‘rqinchli ko‘rinsa-da, "basklar" asosiy evrokubokga qaytishlari mumkindek ko‘rinmoqda.
Ispaniyada ham asosiy kurash "podval"da kechmoqda. "Elche" allaqachon La Ligadan chiqib ketdi. Qolgan jamoalar hamon qolishga harakat qilmoqda. Hozircha quyi ligaga tushib ketish zonasida joylashgan “Espanol” va “Xetafe” eng yomon holatda. 18-pog‘onadagi "Xetafe" 13-o‘rinda borayotgan "Selta"dan atigi besh ochko ortda qolmoqda. Ular orasida "Valyadolid", "Kadis", "Almeriya" va "Valensiya" bor. Kim omon qoladi, buni keyinroq bilib olamiz.
Italiya.
A seriyada g‘olib jamoa barcha chempionatlardan oldin aniqlandi. "Napoli" bu mavsum "Skudetto"ga ega chiqdi.
Biroq Chempionlar ligasi yo‘llanmalari uchun kurash qizg‘in kechmoqda. Yakuniga uch tur qolganida, kuchli to‘rtlikda “Yuventus”, “Inter” va “Latsio” qoladigandek. "Burgutlar" "Milan"dan 4 ochko, "Roma"dan esa 6 ochko oldinda. "Atalanta" allaqachon "Latsio"dan 7 ochko uzoqda. Biroq Italiyada “Yuventus”ning taqdiri aniq emas, agar turinliklar hozir muhokama qilinayotgan to‘qqiz ochkodan mahrum bo‘lishsa, yana bergamoliklar faol kurashga qo‘shiladi.
Qolaversa, A Seriyani kim tark etishi ham qiziq bo‘lsa kerak. Oxirgi pog‘onadagi ikki jamoa bilan hammasi hal - bular "Sampdoriya" va "Kremoneze". Bu ikki klub keyingi mavsumni " B" seriyada davom ettiradi. So‘nggi chipta uchun "Verona", "Spetsiya" va "Lechche" klublari bahslashmoqda. Keyingi turda “Lechche” “Spetsiya”ga qarshi bahs olib boradi. Bu jang ko‘p narsani oydinlashtirib beradi.
Germaniya.
Eng zo‘r yakun Bundesligada bo‘ladi. Bu erda umuman hech narsa aniq emas. Chempionlik uchun ikkita davogar bor. Bular – “Bavariya” va “Borussiya” Dortmund. Myunxen klubi "arilar"dan bir ochko oldinda. Keyingi turda Tuxel jamoasi "Leyptsig" bilan o‘ynaydi va Dortmund klubi raqibining qoqilib ketishiga chin dildan umid qiladi.
"Leyptsig"ning o‘zi ham kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolish uchun astoydil kurashmoqda. “Buqalar” “Union”dan ikki ochko, “Frayburg”dan esa bir ochkoga ortda qolmoqda. Aynan mana shu uch jamoa kelasi mavsumda Chempionlar ligasida qolgan ikki o‘rin uchun kurashadi.
Bundesligada qolish uchun jang qizg‘in bo‘lishi kutilmoqda. Quyi pog‘onadagi jamoalar bir-biri bilan juda kam farq qilgan holda borishmoqda. “Gerta” quyi ligaga tushib ketishga eng yaqin bo‘lib turibdi. 17-o‘rinda turgan “Shtutgart" “Shalke-04”dan atigi bir ochko ortda qolmoqda. O‘z navbatida, Gelzenkirxen klubi "Boxum"dan bir ochko, "Xoffenxaym"dan ikki ochko uzoqda. "Shtutgart" 34-turda "Xoffenxaym" bilan o‘ynaydi va bu hal qiluvchi o‘yin bo‘lishi mumkin.
Oybek Yo‘ldoshev maqolasi.
Fikrlar