Kutib oling, Husanov keldi!

  • 12 sentabr, 06:22
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov  “Manchester Siti”ga o‘tganidan beri hamyurtlarimiz ushbu klubga muxlislik qilib kelmoqda.

Tecno

Yangi mavsumda ham, Xosep Gvardiola shogirdlari odatga ko‘ra,  o‘zlari ishtirok etadigan barcha turnirlarda bosh sovrin uchun kurashishi  kutilyapti. Ammo bu oson bo‘lmaydi.

“Manchester Siti” qisqa muddat – besh kun ichida Angliya Premer-ligasi va Evropa Chempionlar ligasida uchta muhim uchrashuv o‘tkazishiga to‘g‘ri kelyapti. “Shaharliklar” milliy chempionatning to‘rtinchi turida 14 sentyabr kuni o‘z uyida “Manchester Yunayted”ni qabul qiladi. Keyin 20 sentyabr kuni ashaddiy raqib – “Arsenal” maydoniga safar qiladi.

Orada esa, Xosep Gvardiola shogirdlari Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichi birinchi turida Italiya chempioni “Napoli” bilan kuch sinashishi lozim. “Etixad” stadioni mezbonlik qiladigan bu o‘yin 18 sentyabrga belgilangan.

Manchester derbisi oldidan “Manchester Siti”ning 13 nafar futbolchisi jarohat tufayli safdan chiqqan edi. Sports.uz portali nufuzli manba – cityxtra.co.uk saytiga tarqatgan klubdagi so‘nggi vaziyat haqida ma’lumotlarni o‘zbekistonlik ishqibozlar e’tiboriga havola etadi.

- Xosep Gvardiola yakshanba kuni printsipial raqib – “Manchester Yunayted” bilan bo‘ladigan derbi oldidan tarkibni kuchaytirishga erishdi. Bu uchrashuv “Manchester Siti” uchun murakkab davr – ichki chempionatdagi kurash va Chempionlar ligasining dastlabki o‘yini o‘tkaziladigan pallaga to‘g‘ri keldi.   

Oxirgi haftalarda Gvardiola jamoasi o‘yinchilarning jarohati va jismoniy holatidagi muammolarga duch keldi. Bu “shaharliklar”ning chempionatdagi o‘yinlari natijasiga va ayrim futbolchilar xalqaro tanaffus vaqtida o‘z mamlakatlari terma jamoalariga borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

“Manchester Siti” uchrashuvlarga mukammal tarkibni tushira olmayapti. Xosep Gvardiola hujum va himoyada turli rotatsiyalarga qo‘l urishiga to‘g‘ri kelyapti. Tibbiy shtabi xodimlari legionerlar o‘ynayotgan milliy terma jamoalarga murojaat qilib, ayrim o‘yinchilarning salomatligini tiklash uchun ularni xalqaro tanaffusdagi yig‘inlarga jalb qilinmasligini ta’minlashiga to‘g‘ri keldi.  

Xususan, Jazoir terma jamoasi Rayan Ayt-Nuri salomatligini tiklashi uchun uni FIFA kunlaridagi yig‘inga chaqirmadi. Angliya terma jamoasi murabbiylari Riko Lyuis va Jon Stounzni ortga qaytarib yubordi.

“Brayton” bilan uchrashuvda jarohat olgan Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlangan “CAFA Nations cup 2025” xalqaro turnirida qatnasha olmadi.

Endi “Manchester Siti”da vaziyat sekin-asta iziga tushmoqda. Xalqaro tanaffusdan keyin City Football Academy  bazasida tashkil etilgan birinchi jamoaviy mashg‘ulotda jarohatidan qutilgan sakkiz futbolchi – Savio, Fil Foden, Yoshko Gvardiol, Abduqodir Husanov, Riko Lyuis, Kelvin Fillips, Niko O’Reyli va darvozabon Markus Bettinelli ham ishtirok etdi.

Bu o‘yinchilarning safga qaytishi Xosep Gvardiolaga bo‘lajak uchrashuvlarda yangi taktik sxemalarni qo‘llash, murakkab vaziyatda chiqishda turli variantlarni ishga solish imkoniyatini beradi.

Abduqodir Husanov va Yoshko Gvardiolning oyoqqa turgani “Siti” himoyasidagi kamchiliklarni bartaraf etadi.

Fil Foden, Savio va Niko O’Reyli esa, murabbiylar shtabiga hujumkor o‘yinchilar rotatsiyasida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

“Manchester Siti”ning shahar derbisida va “Napoli” hamda “Arsenal”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuvlarda tarkibni to‘g‘ri tanlay olishi, futbolchilar ahvoli va natijalaridan kelib chiqib, rotatsiyalarni o‘z vaqtida amalga oshirishi muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘z navbatida, klubning butun dunyoga yoyilgan ko‘pmillionli muxlislari ham futbolchilarning safga qaytishi “Manchester Siti”ning o‘yinlarining ijobiy tomonga o‘zgarishi va jamoa mavsum boshidayoq tushib qolgan murakkab vaziyatdan tezroq chiqishga yordam berishiga ishonmoqda, - deb yozdi cityxtra.co.uk sayti jurnalisti Freddi Pay.

Eslatib o‘tamiz, Angliya Premer-ligasi to‘rtinchi turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” va “Manchester Yunayted” bahsi 14 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi.

EChL oldidan Husanov va 12 futbolchi “xavf” ostida!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!