
Legionerimiz chempionlikni qo‘lga kiritganidan so‘ng: "Bizning jamoa chempionatda rekord qo‘ydi"
Chetda to‘p surayotgan legionerlarimiz orasida Bangladesh chempionatida faoliyat olib borayotgan Asror G‘ofurov ham borligini unutmagandirsiz.
Mahalliy “Bashuxandra Kingz” klubi sharafini himoya qilayotgan legionerimiz mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Mazkur muvaffaqiyatli natijadan keyin futbolchimiz o‘z munosabatini bildirdi.
“Bu juda yoqimli”
- O‘tgan yili “Saif Sporting” jamoasida edim. O‘shanda biz chempionatda 3-o‘rinni olgandik. Bu yil esa boshqa klubga o‘tdim va chempionlikni qo‘lga kiritdik. To‘g‘risi, bu birinchi chempionligim emas. Oldin Turkiya 4-divizionida o‘ynab chempion bo‘lganmiz. Rosti, bu juda ham yoqimli. Qaerda bo‘lsak ham chempionlik qo‘lga kiritilgach, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taramiz. Bundan xursandman.
“75 yil ichida ketma-ket 4 marta chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylandik”
- Eng katta zo‘r xis-tuyg‘uni bag‘ishlagani shundaki, Bangladesh chempionati 75 yildan beri o‘tkazib kelinar ekan. Bizning klub esa chempionatda rekord qo‘ydi. Chunki hali tarixda hech bir jamoa ketma-ket 4 marta chempionlikni qo‘lga kiritmagan. Shuning uchun jamoamiz bilan shunga erishish uchun rosa harakat qildik. 75 yil ichida ketma-ket 4 marta chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylandik.
“OChL pley-off bosqichida o‘ynaymiz”
- Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida o‘ynaymiz. Raqibimiz – “Sharja” kuchli jamoa. Bangladesh chempionatidan kuchliroq, ularning chempionati. Hech kim yutqazish uchun chiqmaydi. Hamma g‘alaba uchun kurashadi. Biz ham maydonga faqat g‘alaba uchun harakat qilamiz. Aslida OKMK bilan o‘ynashimiz kutilayotgandi. Ammo bunday o‘zgarishni hech kim o‘ylamagandi. O‘zim ham raqib o‘zgarganiga hayron qoldim. Bu – futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, biz ham qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.
“Bangladeshliklar meni birinchi chempion bo‘lgan o‘zbekistonlik deya tabriklashdi”
- Ularning munosabatlari yaxshi. Chempionlikni qo‘lga kiritganimizdan keyin o‘yin tugashi bilan Bangladeshda o‘ynayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar orasida birinchi chempionlikni yutgan futbolchiga aylanganim haqida aytishdi. Bu erga shuncha o‘zbekistonlik o‘yinchilar kelganu, ammo hech biri chempion bo‘lishmagandi, siz birinchisi bo‘ldingiz, xursand bo‘ling, biz ham xursandmiz, deb o‘z fikrlarini aytishdi va qo‘llab-quvvatlashdi.
“O‘zbekistondan takliflar bo‘lgani yo‘q”
- Hozircha o‘z jamoam bilan birgaman. Shartnomam shu yilning noyabr oyida tugaydi. Oldimizda OChL pley-off va OFK Kubogi o‘yinlari bor. Yana chempionatning ikkita o‘yini ham qolgan. Shularni yakunlaganimizdan keyin oldimizga yana maqsad qo‘yamiz. To‘g‘ri, hozirda qiziqishlar bo‘lyapti. Malayziyaning ikkita jamoasidan taklif tushdi. Rad javobini berishga majbur bo‘ldim, chunki shartnomam bor. Hozirgi o‘ynayotgan jamoam ham shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklif bildiryapti. Bangladeshni yana boshqa klublaridan ham qiziqishlar bor. O‘zbekiston klublaridan hech qanaqa takliflar yo‘q. O‘yiningizni qaerda kuzatishsa, albatta qiziqishlar bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar