Legionerimiz gol urdi
Rossiya kubogi musobaqasining guruh bosqichidagi uchinchi tur uchrashuvi ikki hamyurtimiz – Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev to‘p tepayotgan “Rubin” jamoasi uchun omadli keldi.
Qozonliklar uchinchi turda o‘z maydonida “Ural” futbolchilarini qabul qildi. O‘yindagi hisobni ochish legionerimiz Rustam Ashurmatovga nasib qildi. 10-daqiqada mezbonlar burchak zarbasini amalga oshirdi. To‘p uchun kurashda raqib o‘yinchisi Timur Ayupovdan ustun kelgan Ashurmatov boshi bilan Ilya Pomazun darvozasini ishg‘ol qildi.

Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarida “Rubin”ning yana bir himoyachisi Egor Teslenko hujumchilarga gol urish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi va mezbonlarni ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinga olib chiqdi.
Tanaffusgacha “Ural” futbolchilari Aleksey Kashtanovning aniq zarbasi evaziga yagona javob to‘pini kiritdi.
“Rubin”dagi yana bir vakilimiz – Umarali Rahmonaliev 77-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, faol harakat qildi.
Shu tariqa, o‘yin 2:1 hisobida “Rubin” g‘alaba qozondi.
Qozonlik futbolchilar Rossiya kubogining guruh bosqichidagi dastlabki ikki o‘yinida “Rostov” va “Lokomotiv” jamoalariga bir xil – 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Bu g‘alabadan keyin qozonliklar keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.
Rossiya kubogining guruh bellashuvlarida mamlakatning Premer-ligada o‘ynayotgan eng kuchli 16 jamoasi to‘rttadan to‘rt guruhga bo‘linib, o‘zaro raqobatlashmoqda. Har bir guruhdan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega ikkitadan jamoa keyingi bosqichga yo‘llanma oladi.
Guruhda uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar quyi ligalardagi jamoalar ishtirokidagi saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan klublar bilan kuch sinashishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Rustam Ashurmatov ham, Umarali Rahmonoliev ham “Rubin” jamoasi tarkibiga 2023 yilning boshida borib qo‘shilgan. O‘sha paytda Qozon shahri sharafini himoya qilayotgan jamoa birinchi ligada kurash olib borayotgan edi.
Rustam Ashurmatov Rossiyaga ko‘chib borganidan keyin qozonliklar safida beshta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urishga erishdi. Rahmonaliev esa, yang jamoasi tarkibida birinchi ligada to‘rt marta ko‘rinish berdi.
“Rubin” o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra, birinchi ligada g‘olib chiqdi va Premer-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Chempionat bahslarida murabbiylar shtabi ko‘proq Umarali Rahmonaliev xizmatiga tayanmoqda. 20 yoshli futbolchimiz yangi mavsumda barcha – oltita uchrashuvda ham maydonga tushirildi. Shuningdek, uning hisobida Rossiya kubogida uchta o‘yin bor.

Ashurmatov esa, Premer-ligada ikki bor o‘yinda qatnashdi. Rossiya kubogida ham ikki marotaba maydonda harakat qildi.
Har ikki futbolchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Fikrlar