
Legionerimiz klubini o‘zgartirdi. U yangi jamoasi bilan OFK Kubogiga tayyorlanyapti
Xorijda to‘p surayotgan legionerlarimiz talaygina. Ammo, ko‘pincha e’tiborda bo‘layotgan futbolchilarimiz haqida yozamiz. Biroq hali ko‘zga tashlanmagan, shunga qaramay, legioner sifatida o‘sishga erishayotgan hamyurtlarimiz ham yo‘q emas. Ularga o‘zimizning chempionatda etarlicha imkoniyat berilmagani sababli o‘z omadlarini qo‘shni mamlakat chempionatlaridan izlashga tushadilar.
Ana shunday futbolchilardan biri – Muhriddin Ahmedov. U o‘tgan yili Qirg‘izistonning “Qora-Bolta” jamoasida to‘p surdi. Darvoqe, u jamoa sardori sifatida faoliyat olib bordi. Bu yil esa Ahmedovga Tojikistonning “Ravshan” klubidan taklif bo‘ldi. Bu jamoa OFK Kubogida ishtirok etadi va guruhida “Dordoy”, “Axal” kabi jamoalar bor.
Kuni kecha internet orqali Ahmedovning bir qator o‘yinlariga ko‘zimiz tushdi. Avvaliga, bu iqtidor egasi kim ekan, deb o‘ylanib qoldik. Chunki uning o‘yinlari ancha ishonchli edi. Keyin surishtirsak, o‘zimizning futbolchi bo‘lib chiqdi. Natijada Muhriddin Ahmedov bilan bog‘landik. Legionerimiz shu paytgacha bosib o‘tgan yo‘li haqida gapirar ekan, jumladan shunday dedi:
- Futbolga kirib kelishimga kelsak, 7 yoshimdan boshlaganman. Qo‘qonda “Kimyogar” stadioni bo‘lardi, o‘sha erga borardim. Dadam ham futbolchi bo‘lgan. Keyinchalik boshqa ish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan. Futbolni tanlashimga dadam sababchi. Yoshligimda televizor orqali futbol o‘yinlarini ko‘rish menga ko‘proq yoqardi. Keyinchalik meni stadionga olib borishganida, birinchi bo‘lib darvozani ko‘rganman. Kimning qaysi pozitsiyada to‘p surishiga ahamiyat ham bermaganman, ko‘zim faqat darvozaga tushgan. Birinchi murabbiyim Ibrohim aka menga, “sen qaysi pozitsiyada o‘ynaysan”, deb so‘raganida darvozaga qarab ikki ustun orasini ko‘rsatganman. Shunday qilib futbolga kirib kelganman.
O‘zim qo‘qonlikman. Ilk bor Qo‘qon jamoasining o‘rinbosarlar tarkibida to‘p surishni boshlaganman. U paytda bosh murabbiy Rustam aka Abdullaev edi. O‘shanda murabbiy meni vaqti-vaqti bilan asosiy jamoaga ham jalb qilib turardi. Keyinchalik turli sabablarga ko‘ra, birinchi liga klublarida faoliyatimni davom ettirdim. “NBU-Osiyo”, “Chust-Paxtakor”, “Norin”, “Turon” singari klublarda to‘p surdim. Hozircha, Superligada debyutimni o‘tkazganim yo‘q.
O‘zbekistondagi oxirgi klubim “Turon” edi. Keyin menga Qirg‘izistonning “Qora-Bolta” jamoasidan taklif bo‘ldi. Avvalo, mening o‘yinlarimni ko‘rishmoqchi bo‘lishdi va yoqsa shartnoma imzolashga kelishdik. Mendan tashqari, moldovalik hamda serbiyalik posbonlar ham bor edi. Yig‘inda yaxshi qatnashganimdan keyin, menga shartnoma berishdi va qo‘l qo‘ydim. Birinchi o‘yindan so‘ng, pandemiya bo‘lib qoldi. Natijada barcha legionerlarni ortga qaytarishdi, ammo meni olib qolishdi. Shundan so‘ng, chempionat markazlashgan holda o‘tdi. Hamma o‘yinlarda ishtirok etdim. Orada esa bir marta qizil kartochka ham oldim.
Tojikistonning “Ravshan” klubi bosh murabbiyi menga qo‘ng‘iroq qilib jamoasiga taklif qildi. Qarasam, bu klubning vazifalari jiddiy ekan. Buning ustiga OFK Kubogida ishtirok etadi. 3 aprel kuni Tojikiston Superkubogida “Istiqlol” klubiga qarshi o‘ynaydi. Bu klub menga kvartira berdi. Yaqin orada Turkiyada yig‘in o‘tkazish rejalashtirilgan. “Ravshan” klubida futbolchilarga e’tibor yaxshi. O‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari jiddiy. Chunki klub OFK Kubogida ishtirok etadi. Avvalo, guruhdan chiqish maqsadi qo‘yilgan. Agar aytilayotgan oylik maosh bo‘yicha kelishib, shartnomaga qo‘l qo‘ysak, bu meni qoniqtiradi. OFK Kubogida bizning guruhda uchta jamoa bor. Bu o‘yinlar Tojikistonda yoki O‘zbekistonda ham o‘tkazilishi mumkin.
Oliy maqsadim albatta O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p surish. O‘zimizning Superligada ham faoliyat olib borishni istayman. Uydan, ota-onadan uzoqda yurish oson emas. Bunday tuyg‘ularni men yaxshi bilaman. Shunday ekan, vaqti kelib O‘zbekiston Superligasida o‘zimni ko‘rsatish imkoniyati berilsa, bundan maksimal foydalanaman, - deydi Muhriddin Ahmedov.
Fikrlar