Legionerimiz sovrin yutdi va Evropaga yo‘l oladi!

  • 1 iyun, 10:20
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolining keyingi yillardagi eng iqtidorli tarbiyalanuvchilaridan Umarali Rahmonaliev legioner sifatida ilk sovrinini qo‘lga kiritdi.

Tecno

“Bunyodkor” akademiyasida tarbiyalangan va asosiy jamoada bir yil o‘ynaganidan keyin 2023 yilning yanvarida Rossiyaga yo‘l olgan yarim himoyachini taqdir Ozarbayjonga etakladi.

“Rubin” safida o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan 21 yoshli futbolchini qozonliklar shu yil boshida ijara asosida Ozarbayjonning “Sabah” jamoasiga yuborgan edi.

Mamlakat poytaxti sharafini himoya qilayotgan “Sabah” futbolchilari Ozarbayjon kubogi finaliga etib keldi va hal qiluvchi bahsda eng kuchli klublardan biri “Karabax” bilan kuch sinashdi.

Murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan uchrashuvning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 2:2. Bellashuv davomida tomonlar bittadan penaltini aniq bajara olmagani o‘yin ancha asabiy o‘tganidan dalolat beradi. Qolaversa, “Sabah” hakam tomonidan to‘xtalishlar uchun bahs oxirida qo‘shib berilgan ettinchi daqiqada to‘p kiritib, mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.

Shu tariqa, g‘olib qo‘shimcha taymlarda aniqlandi. So‘nggi soniyalar yana “Sabah” foydasiga ishladi. Tellur Mutallimov o‘yin yakunlanishi arafasida g‘alaba golini urdi.

Qiyin o‘tgan finalda 3:2 hisobida zafar quchgan “Sabah” o‘z tarixida ilk bor Ozarbayjon kubogi sohibiga aylandi. Umarali Rahmonaliev qo‘shimcha vaqtda maydonga tushib, g‘alaba onlarini jamoadoshlari bilan birga nishonladi.

“Sabah” Ozarbayjon kubogi tarixida bu sovringa ega chiqqan o‘ninchi klubga bo‘ldi. Bu borada rekord finaldagi raqib “Karabax”ga tegishli bo‘lib, bu jamoa mamlakat kubogida sakkiz marotaba zafar quchgan.

Tarixiy g‘alaba “Sabax”ga xalqaro maydonga yo‘l ochdi. Qoidaga ko‘ra, mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan jamoa yangi mavsumda Evropa ligasida ishtirok etadi.

Demak, Umarali Rahmonaliev ham o‘z faoliyati davomida ilk bor Evropa ligasi doirasidagi uchrashuvlarda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Chunki hamyurtimizning bokuliklar bilan tuzgan ijara shartnomasi 31 dekabrga qadar davom etadi va yangi mavsumda Umaralida Evropa ligasi o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyati tug‘ilyapti.

Umarali Rahmonaliev mavsumni Rossiyada boshlab, Premer-ligada ikkita va mamlakat kubogi doirasida beshta uchrashuvda maydonga tushgan edi. Ozarbayjonda esa, legionerimiz muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda.

Xususan, namanganlik futbolchi mamlakat chempionatida “Sabah” uchun 15 ta uchrashuvda ikkitadan gol va assist qayd etdi. Ozarbayjon kubogida esa, to‘rt marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta golli pas rasmiylashtirdi.

Eslatib o‘tamiz, asli “Rubin”ga tegishli bo‘lgan Umarali Rahmonalievning Qozon shahri klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha davom etadi.

Fayzullaevdan xushxabar!

Fayzullaev Husanov ortidan qaysi futbolchi “Manchester Siti”ga bora olishini aytdi!

Husanov, yaxshi bor! “Manchester Siti” 12 nafar futbolchisini kuzatdi

Bunaqasi bo‘lmagan: Husanov, Shomurodov va Fayzullaev haqida!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!