
“Liverpul” zo‘r transferni oson uddaladi
“Liverpul” mutsaddilari iste’dodli hujumkor futbolchi Fabiu Karvalyuni o‘z safiga o‘tishga ko‘ndirdi.
Ayni paytda “Fulxem” sharafini himoya qilayotgan 19 yoshli o‘yinchini Yurgen Klopp yanvardayoq o‘z jamoasiga qo‘shib olmoqchi edi. “Fulxem” uni 8,4 million funtga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgandi. Biroq, tomonlar transfer oynasi yopilgunicha uni rasmiylashtirishga ulgarmadi.
The Guardian nashrining yozishicha, Yurgen Klopp hamon Karvalyuni olishga qiziqmoqda va klub mutasaddilaridan Chempionship jamoasidan bu futbolchini olib berishni so‘ragan.
Fabiu mavsum oxirida erkin agentga aylansada, “Fulxem” futbolchini tarbiyalagan klub sifatida 4,17 million funt miqdorida mablag‘ olishi belgilangan.
Bundan tashqari, klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Fulxem” 2 million funtdan ko‘proq bonus oladi va Fabiuning keyingi transferidan 20 foiz miqdorida ulush oladi.
Karvalyu “Liverpul” safiga 1 iyul kuni qo‘shiladi va jamoa bilan 2027 yilning yozigacha shartnoma imzolaydi. Yosh futbolchi joriy mavsumda 31 ta uchrashuvda ettita gol va sakkizta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar