Magnus Karlsen O‘zbekiston bo‘yicha rasmiy qaror qabul qildi

  • 22.08.2026 10:02
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Shaxmat
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Norvegiyalik mashhur grossmeyster Magnus Karlsen 2026 yil 15–27 sentabr kunlari Samarqand (Oʻzbekiston) shahrida oʻtadigan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida ishtirok etmaydi. Bu haqida  ChessBase manbasi xabar berdi.

Jahon reytingining yetakchisi, 16-chempion Magnus Karlsen jamoaviy musobaqani oʻtkazib yuborishga qaror qilgan. U bilan bir qatorda Norvegiya terma jamoasi tarkibiga Aryan Tari va Yon Lyudvig Hammer ham kiritilmadi. Uch nafar yetakchi shaxmatchining yoʻqligi sabab Norvegiya termasi Olimpiadaning boshlangʻich reyting jadvalida 21-oʻringa tushib ketdi.

Karlsen soʻnggi oʻnta shaxmat olimpiadasining sakkiztasida qatnashgan. U 2022 va 2024 yillarda oʻtgan ikki oxirgi musobaqada birinchi doskada oʻynab, bronza medallarini qoʻlga kiritgan.

Samarqanddagi Olimpiadani yana bir qator taniqli grossmeysterlar ham oʻtkazib yuborishmoqda. Jumladan, Frantsiya terma jamoasi tarkibida Alireza Firuzja yoʻq, AQSh sharafini esa bu safar Hikaru Nakamura himoya qilmaydi. Ozarbayjon termasi esa Teymur Rajabovsiz ishtirok etadi.

Musobaqada gʻalaba uchun asosiy daʼvogarlar sifatida Hindiston, AQSh va Oʻzbekiston terma jamoalari tilga olinmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!