
Maksim Shatskix: "Hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan"
“Paxtakor” “Metallurg”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan so‘ng “Sherlar” bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida qatnashdi.
- Biz tomondan o‘yin yomon bo‘lmadi. Afsuski, biz “fora”siz o‘yinni boshlay olmayapmiz. Oldin gol o‘tkazib yuboryapmiz, keyin o‘yinimiz kuchayyapti. Buni sababini bilmayman. Keyin buni muhokama qilamiz. Doim aytib kelyapman: engil bo‘lmagan yo‘ldamiz. Jamoada “stress” bor. Bu haqida yigitlar bilan gaplashib olganmiz. Buni tezroq unutish kerak. Negadir uchrashuv boshidan yigitlarni qandaydir hayajon bosyapti. Umuman olganda, yomon o‘ynamadik. Etarlicha vaziyatlar yaratdik. Kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz. Muhimi, uch ochko oldik va ayni pallada bu biz uchun kerakli edi.
Bugungi o‘yinda hakam jamoalarga o‘ynashga berdi. Ko‘p to‘xtalishlar bo‘lmadi. Hakam tomonidan bugun jiddiy xatolarni ko‘rmadim. O‘yin tempi mana shunday bo‘lishini bilganman.
Bizda asosiy tarkib degan tushuncha yo‘q. 18 nafar o‘yinchi bilan mashg‘ulot olib boryapmiz va har bir futbolchi istalgan paytda asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkin. Murabbiylar shtabiga farqi yo‘q, u terma jamoa o‘yinchisi bo‘ladimi yoki klub o‘yinchisimi, har doim mashg‘ulotda kimni qanday qatnashayotganini kuzatib boramiz. Ularni harakatiga qarab asosiy tarkibni belgilaymiz. Hech kimga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmagan. Sog‘lom raqobat bo‘lishi kerak. Aks holda futbolchi o‘smaydi. Jamoani mana shunday tarzda tuzyapmiz. O‘ylaymanki, to‘g‘ri yo‘ldamiz. Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi.
Doston Tursunovga kelsak, bunday jarohatdan keyin bu oddiy hol. Biz uning holatini ko‘ryapmiz. Vaziyatdan kelib chiqib unga imkoniyat beramiz. Optimal formaga kirganini ko‘rganimizdan keyin imkoniyat taqdim etiladi.
Albatta, biz Banashakni gol urishini xohlagandik, ammo har bir uchrashuvda gol urmayapti. U individual holatini yanada yaxshilashi kerak. Jamoadoshlari unga vaziyatlarni yaratib beryapti, u esa foydalanishi lozim.
Cheranni almashtirganimizdan u qarshi emas. Hammasi joyida. Jamoamizda qoniqmayotgan futbolchilar yo‘q. Bunday holat bo‘lsa, u kasbini almashtirishi kerak.
Fikrlar