
Malayziyada professional boksning 42 yillik tanaffusidan so‘ng, ilk bor ringga ko‘tarilgan o‘zbek bokschisini bilasizmi?
Malayziyalik promouter Vikram Svapragasamni o‘zbek professional boks ihlosmandlari yaxshi tanishadi. U yurtdoshlarimiz Qudratillo Abduqahhorov, Azizbek Abdug‘ofurovlarni hozirgi muvaffaqiyatlarining asosiy sababchilaridan biri deb ayta olamiz. Garchi, ular hozirda boshqa promouterlik kompaniyalar bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsada, menejerlik ishlari baribir ushbu insonga bog‘liq. Qolaversa, Anvar Turapov, Ulug‘bek Sobirov hamda Jasur Ahmadjonovlar ham uning Vladimir Boxing promouterlik kompaniyasi mijozlari hisoblanishadi.
Biz Vikram bilan bog‘lanib, qo‘l ostidagi o‘zbek bokschilarining kelajagiga oid va boshqa savollar bilan murojaat qildik.
Assalomu alaykum.
- Salom.
- Janob Vikram sizni bezovta qilayotganimizning sababi, Sports.uz sayti uchun intervyu olish edi?
- Bajonidil.
- Savollar asosan qo‘l ostingizdagi o‘zbek bokschilari haqida bo‘lishini ham anglab turgan bo‘lsangiz kerak?
- Albatta.
- Keling, dastlab hamyurtlarimiz bilan hamkorlik qanday boshlanganligi haqidagi xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsak?
- 2010 yilda o‘zbekistonlik murabbiy Ilgar Aliev bilan tanishib qoldim. U bilan uchrashib, shaxsiy murabbiy sifatida Malayziyaga olib bordim. U men uchun yaxshi do‘st va birodarga aylandi. Ikkimiz bu erda boks zali ochdik va havaskor yo‘nalishda bir nechta chempionlarni tayyorladik. Mazkur jarayon natijasida terma jamoada kelajakka ega bo‘lmagan, bir qator o‘zbek bokschilari bilan uchrashib, ularni professional faoliyatiga yordam berishga qaror qildik.
- Qudratullo Abduqahhorov hamda Azizbek Abdug‘ofurovlarlar deyarli chempionlik jangiga da’vogar darajasiga etib kelayotganda boshqa promouterlik kompaniyalari bilan shartnoma tuzishga “majbur” bo‘ldi. Bu yog‘iga tortib ketishingizga ko‘zingiz etmadimi?
- Ba’zi promouterlar bokschilarni yuqori miqdordagi summalar bilan katta janglarga taklif qilishadi. Biz ham boshida shunday qildik. Lekin hozir pulga bog‘liqlik juda yuqori.
- Ulug‘bek Sobirovning ringga ko‘tarilishi haqida eshitdik. Lekin Anvar Turapov, Jasur Ahmadjonovlarga anchadan buyon jang tashkil qilinmayapti?
- Xabaringiz bor, o‘tgan yildan buyon Qudratilloning jahon chempionlik kamari yo‘lidagi jangiga butun diqqat-e’tiborimizni qaratgan edik. Mazkur voqeylik amalga oshguniga qadar, ba’zi ishlar ortga surilgan edi. Ha, Ulug‘bek 22 fevral kuni ukrainalik juda kuchli, mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Dmitriy Mitrofanovga qarshi ringga ko‘tariladi. Joriy yil har uch bokschi ishtirokida 6 ta bahsga guvoh bo‘lasiz.
- Qudratilloning Sergey Lipinets bilan bo‘ladigan jangiga batafsil to‘xtalsangiz. Shartnomalar qanday ko‘rinish oldi?
- Jangni PBC reklama qiladi va FOX yoki Showtime dasturidan o‘rin oladi. Hozircha mendagi yagona ma’lumot shu xolos. Bu ikki kun avval ma’lum bo‘ldi.
- Siz O‘zbekiston professional boks federatsiyasi hamda BUKA bilan hamkorlikda Toshkentda boks oqshomi tashkil qilgan edingiz. Yana shunday rejalar bormi?
- Albatta, Qudratilloning jangidan so‘ng, O‘zbekistonda nufuzli boks kechasi o‘tkazish istagim bor. Chunki, yurtingizda juda ko‘p iste’dodlar mavjud. Ularni qo‘llab-quvvatlasangiz jahon chempioni bo‘lishga qodirlar.
- Jasur Ahmadjonov, Anvar Turapov va Ulug‘bek Sobirovlarlarni kelajagi haqida nima deya olasiz. Ularni Aziz va Qudratillo darajasiga chiqishiga yordam bera olaman deb ayta olasizmi?
- Ha, ularni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalab borish bilan bunga erisha olamiz. O‘ylaymanki, 2021 yil professional boks olamida bu uch bokschi mashhurlikka erishadi.
- Umuman olganda o‘zbek bokschilarining kuchli tarafi nimada?
- Avvalo, ulardagi kuchli maktab... Qolaversa, oyoqda ishlash, texnika, havaskor yo‘nalishdagi tajribani aytishim mumkin. Shuningdek, barchasi mexnatsevar va o‘rganishdan qochmaydilar. Bu omillar professional yo‘nalishdagi faoliyatini osonlashtiradi.
- Abduqahhorovda Menni Pakyao bilan jang o‘tkazish varianti paydo bo‘lgan edi. Buni amalga oshirish uchun siz tomoningizdan qandaydir harakatlar bo‘lganmi?
- Albatta, jang Malayziyada bo‘lib o‘tgan. Lekin ular Lukas Matisseni tanlashgan. Chunki u vaqtlar Qudratillo boks olamida u qadar taniqli emasdi. Vaholanki, bu erda argentinalikdan ko‘ra, yurtdoshingiz mashhurroq edi. Qolaversa, Lukasdan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘dirardi. Ehtimol, shuning uchun ham ushbu variantda to‘xtalishgandir.
- Demak, Qudratilloni Malayziyada yaxshi tanishar ekanda?
- Albatta, hamyurtingiz 42 yillik tanaffusdan so‘ng, ya’ni, Muhammad Ali va Jo Bagner jangidan keyin, mening yurtimda ringga ko‘tarilgan birinchi professional bokschi bo‘lgan. Ushbu kechada Malayziya sport vaziri, boshqa nufuzli insonlar bilan birgalikda shaxsan o‘zi ishtirok etgan. Shundan keyin Qudrat bir necha bor Singapur va Malayziyada, shuningdek WBC Silver kamari uchun jang olib bordi. U bu erda bir necha bor televideniyaga taklif etilgan. Shuning uchun, bu zaminda ko‘proq tanilgan. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqimanki, aynan Qudratilloning jangi yurtimizda yangi professional boks davrini boshlab berdi.
- Shu 5 nafar o‘zbekistonlik bokschi bilan hamkorlikda davom etasizmi yoki yangi nomlar ham paydo bo‘ladimi?
- O‘zbekistonda professional boks oqshomi tashkil etishimning asosiy sababi ham shunda. Yangi iste’dodlarni topish istagidaman. Qo‘l ostimda bir qator filippinliklar bor. Lekin men uchun o‘zbek bokschilar bilan ishlash osonroq.
- O‘zbekistonlik professional boks ishqibozlari uchun yana qanday yangilik ayta olasiz?
- Yangilik emasku, shunchaki dil so‘zlarimni ayta olaman. Agar, Qudratillo g‘alaba qozona olsa, sizlarda ikki nafar jahon chempioni bo‘ladi. Azizbek ham jahon chempionlik kamarini mazkur yoki kelasi yil qo‘lga kiritadi degan niyatdaman. 5 yil ichida ko‘plab o‘zbekistonlik bokschilar ulkan natijalar qayd etishiga ishonaman. Shunday ekan, g‘alabalardan zavqlaning!
Fikrlar