
Mamlakat rekordi Tarasenko uchun yarim finalga chiqishga kamlik qildi
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida suv sporti turlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining bugungi kun dasturlarida hamyurtlarimizning ishtiroki yakunlandi.
MOQ matbuot xizmatining ma’lum qilishcha, dastlab Aleksey Tarasenko 100 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha saralash bosqichida qatnashdi. Hamyurtimiz masofani 49.35 soniyada suzib o‘tib, ushbu dasturda O‘zbekiston rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda yarim finalga eng past natija bilan yo‘l olgan sportchi 48.51 soniyada marraga keldi. Alekseyning vaqti esa yakunda o‘ttiz birinchi natija sifatida qayd etildi. Shu tariqa Tarasenko Budapesht shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi. Ma’lumot uchun, bundan oldingi mamlakat rekordi Xurshid Tursunovga tegishli bo‘lib, yangisidan 0.10 soniyaga pastroq bo‘lgan.
Shuningdek, sinxron suzish bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari Diana Onkes va Ziyodaxon Toshxo‘jaeva juftligi (Anna Vashenko zaxira sportchi) saralash bahslarida ishtirok etdi. Erkin duet dasturida qatnashgan vakillarimizning chiqishi hakamlar tomonidan 81.3333 ball bilan baholandi. Afsuski, ushbu natija terma jamoamiz a’zolariga final yo‘llanmasi uchun etmadi. Umumiy hisobda o‘n to‘rtinchi pog‘onani qayd etgan vakilalarimiz qit’amiz miqyosida faqatgina xitoyliklardan kam ochko jamg‘arishdi. Final bosqichiga esa 12 jamoa yo‘llanma oldi.
Fikrlar