
Mana buni qahramonlik desa bo‘ladi! Lyakazettning "Lion"ga bo‘lgan muhabbati haqida
Xabaringiz bor, frantsiyalik forvard Aleksandr Lyakazett "Arsenal"dagi 5 mavsumidan so‘ng o‘z yurtiga qaytdi. U "Lion" bilan 2025 yilga qadar shartnoma imzoladi. Aleksandr aynan shu jamoa safida etishib chiqqan hamda 2010-2017 yillar oralig‘ida mazkur klub sharafini himoya qilgan. 2017 yilda Aleksandrni "kanonirlar" 40 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgandi.
O‘zi uchun suyukli bo‘lgan jamoaga qaytgan Lyakazett karerasidagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi. U "Lion"ga qaytish uchun hatto maoshini ham kamaytirishga rozi bo‘lgan.
O‘zgarishlar haqida: Men oldinga siljidim. Ko‘proq tajriba orttirganimni ham ta’kidlash lozim. O‘yinimga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu borada ham ko‘p tomonlama o‘sishga erishdim. Mazkur jamoani va ularning qadriyatlarini yaxshi bilaman. So‘nggi paytlarda menda biroz pasayish kuzatildi. Umid qilamanki, futbolchilar va muxlislar o‘rtasida bog‘liklik topishga yordamlashaman hamda jamoa muvaffaqiyatlariga o‘z hissamni qo‘shaman. Ayniqsa, "Lion"ni yuqori o‘rinlarga qaytarish uchun bor kuchimni beraman. Urilgan gollar bunga erishishimizga ko‘maklashadi. Yangi mavsum hech bo‘lmaganda 2-o‘rin uchun kurashishimiz lozim.
Murabbiy va futbolchilar bilan aloqalar haqida: Men Peter Bos bilan gaplashdim. U menga o‘tgan hafta qo‘ng‘iroq qilgandi. Murabiby mendan nima kutayotgani, klub loyihasi va u targ‘ib qilayotgan futbol borasida tushuncha berdi. Shunday bo‘lsa-da, suhbat qisqa bo‘ldi. Sababi, biz bu mavzularga mavsum boshlangunga qadar yana to‘xtalishga kelishib oldik. Antoni Lopesh bilan olti oy davomida tinimsiz muloqot qildik. U qaror qabul qilganim haqida so‘radi. Jeff Ren-Adelaid ham (Ayni vaqtda "Renn" sharafini himoya qilayotgan "Lion"ning sobiq futbolchisi) qaytishim kerakligi haqida ko‘p gapirdi.
Maoshining kamayishi haqida: Nazdimda, klubga bo‘lgan muhabbatning o‘zi etarli. Aytganimdek, jamoa loyihasi men uchun muhim va birinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, "Lion"ning o‘z ambitsiyalari mavjud. Shu qarorga keldim va bundan xursandman. Qaytishimdan avval menda bosim mavjud edi. Biroq endi hammasi yaxshi. Hayotda har bir inson bosimni his qiladi. Bu tabiiy hol. O‘ylaymanki, endi zimmamga katta vazifa yuklatildi. Bu ham men uchun bir sinov", - dedi Lyakazett.
Shaxsiy fikrim: Hamon yaxshi darajada o‘ynab bera oladigan va u qadar ham yoshi katta bo‘lmagan Lyakazettning sobiq jamoasiga qaytishini qisman qahramonlik desa bo‘ladi. Sababi, unga Evropaning boshqa nomdor jamoalaridan ham etarlicha takliflar mavjud edi. Shuningdek, MLS yoki Osiyoga borib, katta maoshga ega bo‘lishi ham mumkin edi. O‘zi etishib chiqqan jamoasiga bo‘lgan muhabbat uni yana shu erlarga etaklab keldi. Ha, aynan bir klubga bo‘lgan muhabbat! Ayni vaqtda zamonamizning ayrim yulduzlariga etishmayotgan jihat ham shu emasmi?
Qayd etish lozim, 31 yoshli forvard "Arsenal" safida umumiy hisobda 158 uchrashuvda ishtirok etib, 54 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. London klubi bilan u 2 marotaba Angliya superkubogida zafar quchgan, shuningdek, bir bora Angliya kubogi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.
Xudayqulov Karim tarjimasi
Fikrlar