Maqom yaxshi, unga doim munosib bo‘lish yana ham yaxshi (Sharhlovchilarimiz haqida)

  • 26 iyun, 2024, 01:16
  • Karim Xudayqulov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

"Evro-2024" o‘yinlarinining eksklyuziv translyatsiya huquqini "ZO‘R TV" telekanali sotib oldi. Translyatsiya sifati va umuman texnik tomonlama e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Mazkur turnir oldidan muxlislar uchun ushbu telekanal yana bir syurpriz taqdim etdi. Gap shundaki, bir paytlari Futbol TV telekanalida sharhlovchi sifatida faoliyat olib borgan Alisher Uzoqov ushbu turnirda sohaning chin ma’nodagi mutaxassislari Davron Fayziev hamda Xayrulla Hamidov bilan trio sifatida ishlaydigan bo‘ldi. 

Alisher Uzoqovning shou-biznesdagi mashhurligini inobatga olsak, uning futbol sharhlashi doimo muxlislar uchun qiziq bo‘lgan. Biroq soha bo‘yicha bilimchi? Axir, futbol ham salkam fan va uni ham o‘zlashtirish lozim. Sharhlovchi fikran, tahlilan va ma’lumotlar bilan ishlashda oddiy muxlislar farq qilishi talab etiladi. 

Ayni damda davom etayotgan Angliya - Sloveniya bahsida Uzoqov terma jamoaning sobiq sardori Xarri Maguayr Garet Sautgeyt tomonidan "Evro-2024"ga oxir-oqibat chaqirilmaganini ta’kidlab o‘tdi. Xarri "qovun"lari bilan futbol ommasida ko‘p "trolling"larga sabab bo‘ladi, ammo inglizlar ustozi aynan shu sabab uni termaga chaqirmadi, deya olmaymiz. Shunchaki, Maguayrda jarohat bor va shu sabab u termaga yordam bera olmayapti. Bemalol biz sharhlovchini noto‘g‘ri ma’lumot berayotganini aytishimiz mumkin. 

Bundan tashqari, o‘tgan kuni bo‘lib o‘tgan Shveytsariya - Germaniya bahsida talaffuzlar bo‘yicha haqiqiy absurdlar guvohi bo‘ldik. "Bayer" futbolchisi - Andrix. U Endrix emas. Kimmixning ismi esa Yozua, Joshua emas. 

Men bu kabi kamchiliklar (ma’lumotlar bilan ishlash, futbolchilarning ism-familiyasi talaffuzi masalasi) faqatgina Alisher Uzoqov bilan emas, balki bemalol boshqa tajribali sharhlovchilarimizda ham sodir bo‘lmoqda, deya olaman (va faqat mana shu turnirda emas. Bu anchadan buyon g‘ashimga tegib kelayotgan va yuz-xotir qilib ayta olmayotgan gaplarim edi).

Ularning tajribasi, sharh tempi yoki mahoratini muhokama qilmayapman. Shunchaki, internet orqali bilish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarda ba’zan juda ko‘p xatoliklar guvohi bo‘lyapmiz. 

Taniqli va ustoz sharhlovchining darsiga kirgan paytimda, ular menga sharhlovchilar haqida bir yaxshi gap aytgandilar: Sharhlovchi o‘zi sharhlaydigan o‘yiniga eng kamida bir soat avval (bo‘lmasa ikki soat) kelishi va tayyorgarlik ko‘rishi kerak (ma’lumotlarni ko‘zdan kechirib chiqib, tarkiblarga ko‘z yugurtirib, o‘z ishiga professional yondashib) degandilar. 

Yillar davomida orttirilgan muxlislar mehri o‘z ishiga noprofessional yondadishga sabab bo‘lib qolishi kerak emas. Ular uchun sharh 2x2 ish bo‘lishi mumkin, ammo futbolda voqealar tez o‘zgaradi va bu doimiy kuzatuvni talab qiladi. Hozir chiqamiz va gapiramiz kabi yondashuv turnirni tomosha qilayotgan millionlab muxlislar uchun hurmatsizlik. 

Men qandaydir futboldan 1500 km uzoqroq boshlovchidan emas, aksincha tajribali va bu sohaning eng zo‘rlari bo‘lgan insonlardan biroz xushyorlikni so‘rayapman. Maqom yaxshi narsa, unga har doim munosib bo‘lish esa yana ham yaxshi. 


Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin
 

 

Karim Xudayqulov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шухрат Хусаинов
26/06/2024 07:29
Зур туда Европа чемпионатини шархловчиси А.Узоков эканда айтдим профессионал чикмиепди деб чузилиб хуллас хаииа уз ишини килгани яхши экан.