"Mash’al" "Aral akademiya"ga nechta gol urmoqchi? Futbolchilarga nega "Manchester Siti"ni o‘yini kamroq ko‘rsatiladi? Asror Aliqulov nima deydi?
O‘zbekiston Kubogi 2-turida Muborakning “Mash’al” klubi “Buxoro”ni qabul qildi. Bu uchrashuvda gol urilmadi va bahs 0:0 hisobidagi durang bilan yakun topdi. O‘yindan keyin “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va bir qator savollariga javob qaytardi.
- “Buxoro” jamoasi bilan yaqinda pro liga doirasida uchrashgandik. Asosan qarshi hujum taktikasini qo‘llaydi. Himoyada malakali futbolchilarga ega. To‘pni nazorat qilish va qarshi hujumlarga tushib qolmaslikni maqsad qildik. O‘yinchilarimiz to‘pni nazorat qilishda o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatishdi. Uchrashuvga to‘xtalsak, vaziyatlar yaratdik. “Buxoro”ning kuchli tomoni qarshi hujumlar va standart vaziyatlar. Ularga bu borada imkoniyat qoldirmadik. Yigitlarimizga maydonda qilgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiraman.
- “Mash’al” mehmonda yosh tarkib bilan OKMKni yutgandi. Bu safar o‘z maydonida “Buxoro” bilan durang o‘ynadi. Shuni inobatga olganda, Olmaliqdagi g‘alaba tasodifmidi?
- O‘yinni qanday o‘tganini ko‘rgan bo‘lsangiz baribir OKMKni ustunligi sezilib turgan. Biz bo‘sh zonalar qoldirmadik. Yosh futbolchilarimizga imkoniyat berdik. Ularga ishonardik. Maydonda katta hajmdagi ishni bajara olardilar. O‘yin davomida kuch va mahorat bobida ustunlik qila olmasligi aniq. Biroq bo‘shlik qoldirmaslikda katta hajmdagi ishni bajarishdi. G‘alabamizni tasodif deb ayta olmayman. OKMKga qarshi bahsda g‘alaba umidida maydonga tushgandik. Yutqazamiz deb tushmaganmiz. Bu futbolchilarning harakati va yutug‘i deyish mumkin.
- “Mash’al” keyingi uchrashuvini “Aral akademiya”ga qarshi o‘tkazadi. Bu raqib darvozasiga OKMK 16 ta gol urdi. “Buxoro” esa 7 ta gol urgandi. “Mash’al” nechta uradi?
- Oldindan buncha gol uramiz deb chiqmaymiz. O‘sha o‘yin orqali “Xorazm”ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rishni reja qilyapmiz. Biz “Xorazm” bilan bahsda qanday o‘yin ko‘rsatmoqchiligimizni aynan “Aral akademiya”ga qarshi o‘yinda sinab ko‘rmoqchimiz. Har doim yaxshi futbol ko‘rsatish va g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
- O‘zbekiston Kubogi bahslarida ko‘pchilik qur’adan norozi bo‘lyapti. Ba’zi guruhlarga Superligani grand klublari tushib qolgan. Masalan, “Nasaf”, “Navbahor”, “Dinamo” va “Andijon” bir guruhda. Boshqa guruhlarda esa pro liga klublari. “Mash’al”ni guruhiga qarasak, OKMK Superliga vakili, “Mash’al” bilan “Buxoro” pro liga qatnashchisi. Dastlabki ikkita tur yakuniga ko‘ra esa jamoangizda keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat yuqori. Hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Mash’al”ni rejasi qaysi bosqichgacha etib borish. Ikkinchi savol, “Buxoro”da tajribali o‘yinchilar bilan yoshlarga urg‘u berilgan. Bu jamoaga qarshi o‘ynashda murabbiy sifatida futbolchilarga qaysi topshiriqlarni bergansiz?
- Zich himoyalanadi. Pro ligada ularning o‘yini, futbolchilarning mahorati va legionerlari o‘ziga yarasha. Pro ligada 8 ta jamoa orasida nomga qaraydigan bo‘lsak, eng kuchli himoya “Buxoro”da. O‘yinga tayyorlanish jarayonida to‘pni nazorat qilib, ularga qandaydir noqulay holatlar yaratishga harakat qildik. Lekin ularni darvozasiga yaqin kela olmadik. “Buxoro” yaxshi himoyalandi. Umuman, futbolchilarimiz vazifalarini yaxshi bajarishdi, afsuski, gol ura olmadik.
- Bu durang orqali “Mash’al” bilan mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi. “Xorazm” bilan bahs qiyin bo‘ladi. Pro ligada va Kubokda qanday maqsad qo‘yilgan?
- Oldindan va’dalar bersak, ammo keyin omad yuz o‘girdi, o‘xshamay qoldi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Maydonda futbolchi tayyorgarligi qanaqa bo‘lsa shunga mos o‘yin ko‘rsatadi. Biz OKMKni yutdik. Balki ularda bizga nisbatan qandaydir mensimaslik bo‘lgandir. Bu futbolda uchraydigan holat. Biz har bir uchrashuvga, raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar yaxshi tayyorlanishimiz kerak. Har bir o‘yindagi maqsadimiz g‘alaba qozonish. Oxirida qilingan ishlarimiz, yutuq va kamchiliklarimizni tahlil qilsak bo‘ladi.
- Qatar maydonlarida o‘ynayotgan olimpiya terma jamoamiz a’zolariga nima degan bo‘lardingiz?
- Ularga dastlabki ikkita o‘yindagi chiroyli o‘yin va g‘alaba uchun minnatdorchilik bildiraman. Xalqimizni xursand qilishyapti. Ularni oldiga katta maqsad qo‘yilgan. Futbolchilar ishonchni oqlashadi. Yaxshi tarkib yig‘ilgan. Musobaqa chempionligini va Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlarini juda istaymiz.
- Timur Kapadze tayyorgarlik jarayonida futbolchilariga “Manchester Siti”ni o‘yinini ko‘proq ko‘rsatarkan. Murabbiy sifatida siz ham futbolchilaringizga qaysidir Evropa klubi yoki terma jamoasi o‘yinini ko‘rsatasizmi?
- Namuna sifatida o‘rgatamiz. To‘g‘risi, “Man Siti”dan kamroq olamiz. Ko‘proq Osiyo grandlariga qaraymiz. Futbolchilarning mahoratini ham hisobga olish kerakda. Osiyo jamoalarini ko‘rishimiz boisi, ular bizdan uzoqlashib ketishmagan. Hujumlar varianti, fikrlash jarayoni, taktik sxemalarini misol keltiramiz, lekin “Man Siti”dan kamroq. Osiyoda “Sepaxon”, oldin Xavi ishlagan “Al-Sadd”, “Al-Hilol” kabi klublarni aytishim mumkin. Ba’zida o‘zimizni Superligamizdagi klublardan ham olishimiz mumkin. Ayrim holatlarda “Siti” va “Liverpul”dan ham qisqa vaziyatlardan nimadir olishimiz mumkin.
Fikrlar