
Matematikadan yaxshi o‘qigan o‘quvchi ham terma jamoaga kelganda qiynaladi yoxud O‘zbekiston MTJning ahvoli qanday?
Jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi katta qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida, xavotirga ham.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘ynaganda nega doim hisob-kitob avjiga chiqadi. Sababini bilmadimku, lekin siz terma jamoa muxlisi bo‘lsangiz matematikani yaxshi bilishingiz kerak. Chunki oxirgi turlarda doim qo‘limizga kalkulyator olishimiz lozim. Barmoqlarimiz kamlik qiladi.
Ayni paytda Osiyo qit’asi saralashida chigal vaziyat yuzaga kelmoqda. Ammo bunga o‘zimiz sababchimiz. O‘yinlarda g‘alaba qozonganimizda, yo‘q joyda ochkolarni boy bermaganimizda, bosh og‘rig‘i qilib o‘tirmasdik. Hali imkoniyatimiz bor. Buning uchun mezbonlarni taslim etishimiz shart. Shundagina keyingi bosqichga chiqamiz.
"F" va "H" guruhida oxirgi tur o‘yinlari yakunlandi. Tojikiston va Livan 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda ushbu bosqichni tamomladi va eng yaxshi ikkinchi o‘rin bo‘yicha hamyurtlarimizdan o‘tib ketdi. Mag‘lubiyat bizni qoniqtirmaydi. Durangchi? Uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmasa Saudiya va O‘zbekiston 1 ochkodan qo‘lga kiritadi. Saudiyaliklar birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oladi. Vadim Abramov shogirdlari hisobida 10 ochko bo‘ladi hamda Livan va Tojikistonniki bilan tenglashamiz. Bu holatda kim yuqorida bo‘ladi? Bunday paytda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar sahnaga chiqadi. Ya’ni gollar, sariq va qizil kartochkalar. Shu jihatlarga ko‘ra, terma jamoamiz ulardan oldinda bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, BAA - Vetnam, Eron - Iroq, Falastin - Yaman va Avstraliya - Iordaniya bahslari biz uchun ahamiyatli. Sababi BAA, Eron yoki Iordaniyaning natijasi bizning keyingi bosqichga chiqishimizga bevosita bog‘liq, agarda hamyurtlarimiz durang o‘ynasa. Saudiyaga qarshi bahsda durang qayd etsak, shu 3 jamoadan qaysilaridir ochko yo‘qotishini kutamiz. Ko‘rdingizmi? bizga matematikadan yaxshi o‘qigan odam ham aniq javobini ayta olmaydi...
Asosiysi, taqdirimiz o‘z qo‘limizda. Saudiyani yutsak, qolgani bekor. Maydonga tushib, borini berib, raqibni taslim etish lozim. Biz terma jamoamizga ishonamiz! Olg‘a O‘zbekiston!!!
Fikrlar